Jalolov Abdulhafiz Marahimovich (2-fevral, 1947-yil, Birlashgan qishlogʻi, Namangan — 29-iyul, 2019-yil, Birlashgan qishlogʻi, Namangan) — Sovet va Oʻzbekiston davlat, siyosiy, partiyaviy va fan arbobi, falsafa fanlari doktori. 19932002-yillarda Oʻzbekiston xalq demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi boʻlgan[1][2]. 2000-yilning noyabrida boʻlgan prezidentlik saylovlarida rasman 4,17% ovoz olgan holda Islom Karimovning yagona raqibi sifatida tanilgan.

Abdulhafiz Jalolov
Tavalludi 2-fevral 1947-yil
Vafoti 29-iyul 2019-yil(2019-07-29)
(72 yoshda)
Namangan
Fuqaroligi SSSR va Oʻzbekiston

Hayoti

tahrir

1947-yilda Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumani Birlashgan qishlogʻida shifokor[3] oilasida tugʻilgan. 1964-yilda shu qishloqdagi 14-o‘rta maktabni tamomlagan.

1969-yilda Toshkent Davlat universitetining falsafa fakultetini tamomlagan.

1969—1971-yillarda Termiz shahridagi chegara zastavasi boshligʻining oʻrinbosari sifatida Chegara qoʻshinlari saflarida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan.

Akademik faoliyati

tahrir

1971—1972-yillarda Toshkent Davlat universitetining falsafa kafedrasi oʻqituvchisi boʻlib ishlagan. 1972—1977-yillarda O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Falsafa va huquq instituti ilmiy xodimi sifatida ishlagan.

1976-yilda „Gegel va Sharq xalqlarining falsafiy tafakkuri“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.

1977—1981-yillar oraligʻida — Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Falsafa kafedrasi mudiri. 1981—1992-yillarda ToshDU qoshidagi Malaka oshirish institutida falsafa kafedrasi dotsenti, fan bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

1992-yilda „Insonni har tomonlama rivojlantirish va jamiyatni insonparvarlashtirish muammolari“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Bir muddat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jahon muammolari instituti boʻlim mudiri boʻlgan.

1993—2001-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Falsafa va huquq institutini boshqargan.

Siyosiy faoliyati

tahrir

1986—1991-yillar oraligʻda Oʻzbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy Komiteti maʼruzachisi, maʼruza guruhi rahbari.

1991-yilda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil topganidan buyon partiya markaziy kengashi bo‘lim mudiri lavozimida ishlab kelgan.

1994-yilning avgust oyida O‘zbekiston Xalq Demokratik Partiyasi Markaziy Kengashining birinchi kotibi etib saylandi, 1999-yil oktyabrda qayta saylandi. 2003-yil 27-dekabrda oʻz lavozimidan ozod qilindi.

1994-yil dekabr oyida Oliy Majlisga saylangan. U parlamentdagi O‘zXDP fraksiyasi raisi bo‘lgan.

2000-yilning yanvar oyida boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlarida u amaldagi prezident Islom Karimovga yagona muqobil raqib boʻlgandi. Jalolov mazkur saylov payti amaldagi davlat rahbari uchun ovoz berganini bildirgan. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Jalolov 4,17% ovoz olgan[4].

2003-yilda XDP Markaziy kengashi birinchi kotibligidan ozod etildi. Shundan soʻng Yuristlar malakasini oshirish markazi hamda Oliy pedagogika instituti professori lavozimlarida ishladi.

2019-yil 29-iyul kuni Yangiqo‘rg‘on shahrida vafot etgan. U tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i — Birlashgan qishlogʻida dafn etilgan.

U uylangandi va 4 nafar farzandi bor edi.

Manbalar

tahrir
  1. Biografiya, 2016-11-20da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2016-11-19
  2. Inson omili
  3. Boshqa maʼlumotlarga koʻra Namanganda oʻqituvchi oilasida.
  4. В Центральной избирательной комиссии Республики Узбекистан // Правда Востока : газета. — Ташкент, 2000. — 12 yanvar (вып. 2303, № 8). — С. 1.