Abdulhamid ibn Humayd ibn Nasr al-Kissiy (Abdu Humayd nomi bilan tanilgan) — imom boʻlgan. Koʻp hadislar toʻplab, asar yaratgan olimlardan. U ulamolardan, ulamolar ham undan hadis rivoyat qilgan[1].

Abdulhamid al-Kissiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti hijriy 249-yil
Dini Islom

Shahrisabzlik fiqhshunos, tilshunos, hadisshunos olim Abdulhamid al-Kissiy (Keshiy) ning toʻliq ismi Abu Muhammad Abdulhamid ibn Humayd ibn Nasr al-Keshiy al-Qurashiy. Keshiy „Al-Musnad“ hamda „At-tafsir“ asarlarining muallifi. Bundan tashqari uning „At Tasarif“ (Turlanish), „Kitob ala huruf al-mujam“ (Harflar toʻgʻrisida kitob), „Kitab faʼaltu va af’altu“ (Feʼlning faʼala 1 va 4 turlari haqida kitob) asarlari ham mavjud boʻlib, ularning uchcalasi ham arab tilida yozilgan.

Abdulhamid al-Keshiy Kesh shahrida fiqhshunoslik va hadishunoslik ilmiy maktabini yaratgan. Bu maktabga dunyoning turli burchaklaridan talabalar kelib oʻqigan. Abdulhamid al-Keshiy Keshning Gʻaziyon qishlogʻida tugʻilgan. Otasi Humayd ibn Nasr Bag'dod shahrida dunyoga kelgan. Bobosi Nasr xalifa Abu Jafar al-Mansur (754-775) Abbosiylar saroyida saroy qoʻriqchisi boʻlgan. Oʻsha davrlarda bir qancha xalifalarning shaxsiy qoʻriqchilari va gvardiyasi ham turkiy askarlardan tanlab olingan. Xizmat muddati uzaygach, oilasini ham Bagʻdodga olib ketgan. Shu sababli otasi Bagʻdodda tugʻilgan. Otasi Humayd ibn Nasr Bagʻdodda har sohada mukammal taʼlim olgan. Aruz, nazm, arab tili va boshqa sohalar bilimdoni boʻlgan. Bundan tashqari odamlarga Qur'oni karimni tilovat qilishni oʻrgatgan. Yaʼni qorilikdan ham yaxshi xabardor boʻlgan.

Abdulhamid al-Keshiy bir qancha mamlakatlarga safarlar uyushtirgan. Mashhur hadisshunoslar bilan suhbatda boʻlgan. Uning ikki ustozi boʻlgan. Ulardan biri Abu Muhammad Abdulloh ad Dorimiy al-Hofiz as-Samarqandiydir, 870-yilda vafot etgan. Keshiyning oʻzi esa 14 shogirdni tarbiyalagan. Al-Keshiy tilshunoslik, fiqh va tafsirga oid 7 ta kitob yozgan. 864-yilda vafot etgan[2].

Manbalar tahrir

  1. Z. Munavvarov va boshqalar. Renessans olimlari qomusi (o‘zbekcha, inglizcha va arabcha), 2021-yil — 20 bet. ISBN 978-9943-7557-7-2. 
  2. Muhammad, Nosir. Nasaf va Kesh allomalari (o'zbekcha). Toshkent, G'afur G'ulom nashriyoti 2006 — 23 bet.