Abdulloh Ilohiy
Abdulloh Ilohiy (arabcha: عبد الله إلهي —?, Turkiya — 896/1491, Vardar Yanisa) — mutasavvif va shoir.
Abdulloh Ilohiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Vafoti |
milodiy 1491-yil (hijriy 896-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | mutasavvif, shoir |
Taʼlimi
tahrirMulla Ilohiy yoki Abdulloh Simoviy nomi bilan ham mashhur bo‘lgan. Ilk tahsilini tug‘ilgan shahrida olgan. Keyinchalik o‘sha davr ilm markazi bo‘lgan Istanbulga borib, Zayrak madrasasida tahsilini davom ettirgan. Shogirdi Mavlono Ali at-Tusiy bilan birga Xurosonga safar qilgan. Kirmonda bir muddat ilm o‘rgangach, tasavvufga qiziqib so‘fiylar bilan birga bo‘lishni boshlagan. Tasavvufga bo‘lgan muhabbati o‘z kitoblarini sotib, pullarini faqirlarga tarqatish darajasida hayotiga taʼsir ko‘rsatadi. Samarqandga safar qilib davrining mashhur mutasavviflaridan Xoja Ubaydulloh Ahrorga murid bo‘ladi.
Faoliyati
tahrirSayru sulukini tamomlab ijoza olganidan so‘ng, Buxoroga ko‘chadi. Bir yil, yaʼni to‘qqiz arbaʼin chiqarguniga qadar Bahouddin Naqshbandning qabri yonida ibodat va tafakkur bilan hayot kechirdi. Bu maʼnaviy aloqa uning uvaysiy-mashrab so‘fiy sifatida tanilishiga sabab bo‘lgan. Takror Samarqandga qaytgan Abdulloh Ilohiyga murshidi vazifa berib Onado‘liga jo‘natadi. Simavga qaytish asnosida kirib o‘tgan ilm markazlarida zamonasining olim va so‘fiylari bilan suhbatda bo‘ladi. Bularning eng mashhurlaridan biri Hirotda uchrashgan Mullo Abdurrahmon Jomiy edi.
Keyingi yillarda xalifasi Ahmad Buxoriyning muridi Lome’iy Chalabiy, Abdurrahmon Jomiyning mashhur „Nafahot ul-uns“ asarini fors tilidan turkiyga tarjima qiladi. Abdulloh Ilohiy Simavga qaytganida naqshbandiylikni yoyishni boshlashi natijasida atrofida to‘planganlarning soni juda tez ortadi va qisqa vaqt ichida shuhrati Istanbulgacha yoyiladi. Lomeʼiy Chalabiyning iborasi bilan aytganda, „tariqi xojagon ovozasi viloyati Rumga muntashir bo‘ldi“. Bir oz vaqtdan so‘ng Istanbulga kelishiga taklif bo‘ladi. Biroq u bu daʼvatni ehtiyotkorlik bilan qarshi oladi. Fotih Sulton Mehmet taklifida qatʼiy turib olganida, Samarqanddan Onado‘liga birga kelgan muridi Amir Ahmad Buxoriyni Istanbulga jo‘natadi. Amir Buxoriy u yerdagi ahvolni ustoziga forsiy bir bayt bilan maʼlum qilganida, u Istanbulga safar qilishni yana bir oz muddatga kechiktiradi. Nihoyat, Fotihning vafotidan so‘ng manisalik qozi Chalabiy Muhyiddinning qatʼiy taklifiga binoan Istanbulga kelishga rozilik bildiradi. Chalabiyning u hamda darveshlari uchun tayyorlatgan hujralarida o‘tirishni rad etadi va Zayrak madrasasida istiqomat qila boshlaydi.
Qisqa vaqt ichida atrofida katta jamoat yig‘ilgani bois, yanada sokin bir maskan qidira boshlaydi. Avranoszoda Ahmad Beyning taklifiga rozi bo‘lib, Salonikdan 40 km uzoqlikda joylashgan Vardar Yanisa (Yunonistondagi tarixiy joy)ga safar qiladi. Avranoszoda tashkil qilgan xonaqohga joylashadi va vafotiga qadar shu yerda qoladi. Yanisada xalqni irshod etishda davom etgani maʼlum bo‘lsa-da, Rumeliyada o‘zidan o‘rinbosar qoldirgani haqida maʼlumot yo‘q. Bu yerda bo‘lgan vaqtida murid yetishtirishdan ko‘ra, asar yozish bilan mashg‘ul bo‘lgani ehtimoli ko‘proq. Avliyo Chalabiy Abdulloh Ilohiyning mintaqadagi taʼsiri va Vardar Yanisasidagi ziyoratgohi haqida ko‘plab maʼlumot qoldirgan.
Muridlari
tahrirAbdulloh Ilohiyning eng mashhur muridlari Amir Ahmad Buxoriy, Muslihuddin Taviyl va Obid Chalabiylar hisoblanadi. Amir Ahmad Buxoriyning Istanbulda barpo qilgan zoviyasi xalifalari Lomeʼiy Chalabiy, Mahmud Chalabiy, Pir Xalifai Homidiy va Hakim Chalabiy bilan davom etgan. Bu davrlardagi manbalarda naqshbandiy silsilasi quyidagicha berilgan: Ubaydulloh Ahror, Mulla Ilohiy, Ahmad Buxoriy, Hakim Chalabiy, Naqshbandzoda Mustafo, Ilohiyzoda Ya’qub, Ahmad Tiraviy, Umar Boqiy, Shayx Nasrulloh. Bu silsila, mujaddidiyyaning Onado‘lida yoyilishi bilan o‘zgarishga uchragan.
Asarlari
tahrir- „Kashf al-vāridāt li-tālib al-kamālāt va g‘āyati-d-darajāt“. Badruddin Simoviyning mashhur „Vāridāt“ nomli asarining arab tilidagi sharhi. Sharhni yozishda Attor, Mavlono va ayniqsa, Ibn al-Arabiyning asarlaridan foydalangan. Kotib Chalabiyning qayd etishicha, asar „Vāridāt“ asariga yozilgan ilk sharh hisoblanadi.
- „Maslak ut-tolibiyn va-l-obidiyn“. Tasavvufiy hayotning odob va arkoniga doir ushbu asar 888/1483-yilda yozilgan.
- „Zod ul-mushtoqiyn“. Turkiy tildagi asar bo‘lib, yuzdan ortiq tasavvufiy istilohlarning izohlarini o‘z ichiga olgan.
- „Asrornoma“. Tasavvufiy axloqqa oid bo‘lgan turkiy tildagi asar.
- „Risāla al-vujӯd“. Vahdat al-vujud mavzusida yozilgan arab tilidagi asar.
- „Risolai Ahadiyya“. Fors tilidagi mazkur asarda hazaroti xams, olami jabarut, olami lohut, olami haqoiq, jam’ al-jam’, g‘ayb al-majhul, ahadiyyot kabi atamalar izohlangan.
- „Manozil ul-qulub“. Ro‘zbixoni Baqliyning „Risolai quds“ nomli asariga fors tilida yozilgan sharh.
Quyidagi asarlar ham Abdulloh Ilohiyga nisbat berilgan: „Kanz ul-asror“, „Najot ul-arvoh“, „Risolai Mulla Ilohiy“, „Meʼrojiyya“[1].
Adabiyotlar
tahrir- Lomeʼiy. Nafahot tarjimasi. — Istanbul: 1289. 453-454, 460, 465;
- Avliyo Chalabiy. Sayohatnoma. — Istanbul: VIII. 175-176;
- Husayn Vassof. Safina. I, 29-30;
- Zeki Velidî Togan. Umumi Türk Tarihine Giriş. — İstanbul: 1981. 377-378;
- Mustafa Kara, Hamid Algar. „Abdullah-ı İlâhî“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 110-112.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |