Abdulloh ibn Budayl
Abdulloh ibn Budayl (arabcha: عبد الله بن بديل — Abdulloh ibn Budayl ibn Varqoʻ al-Xuzoiy — ? - 37/658, Shom) — sahoba.
Abdulloh ibn Budayl | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Vafoti |
658-yil (hijriy 37-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | sahoba |
Hayoti
tahrirXuzoa qabilasining oxirgi raisi. To‘liq ismi — Abdulloh ibn Budayl ibn Varqoʻ ibn Amr ibn Rabi’a ibn Abduluzzo ibn Rabi’a ibn Omir ibn Mozin al-Xuzoiy. Otasi — Budayl ibn Varqo’ sahoba bo‘lgan.
Manbalarda uning Makka fathidan oldin yoki fath asnosida otasi bilan birga musulmon bo‘lgani, baʼzi rivoyatlarda qardoshi Abdurrahmon bilan birga Islomni qabul qilgani haqidagi maʼlumotlar uchraydi. Hunayn, Toif va Tabuk g‘azotlarida qatnashgan. Siffiyn jangida Ali tomonida turib, u va qardoshi Abdurrahmon Alining eng yaqin aʼyonlaridan bo‘lgan. Mazkur jangda o‘ng qanot piyodalariga qo‘mondonlik qilgan va taʼsirchan nutq bilan askarlar ruhiyatini ko‘targani manbalarda zikr qilinadi. Abdulloh ibn Budayl Muoviyaning chodiriga kirishga harakat qilganida o‘ldirilgan. Urushdan keyin shomliklardan hyech kim uni tanimagach, uning jasadi oldiga Muoviya va Abdulloh ibn Omir keladilar. Abdulloh ibn Omir o‘zining sallasini uning yuziga tashlab, unga hurmat va rahm ko‘rsatadi. Muoviya: „Yuzini oching!“ deydi. Yuzini ochishganda Muoviya: „Bu qavmining qo‘chqori“ deb, uni Abdulloh ibn Budayl ekanini aniqlaydi va „Xuzoaliklarning erkaklari u yoqda tursin, imkoniyat topsa ayollari ham biz bilan urishishdan tap tortishmaydi“ deb, jasurligi va dovyurakligiga tan beradi.
Adabiyotlar
tahrir- Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. IV, 294;
- Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. — Haydarobod: 1941-60. V, 57;
- At-Tabariy. Tarӣx. — Qohira: 1960-70. V, 11, 15-16, 18, 21, 23, 24;
- Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1970-73. III, 296-298, 302;
- Ibn Hajar. Al-Isāba. — Qohira: 1328. XI, 280-281;
- İsmail L.Çakan. "Abdullah b. Büdeyl". TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 89.