Abduqodir Gʻiloniy
Abduqodir Gʻiloniy (toʻliq ismi: Gʻiloniy Muhiddin Abduqodir ibn Abiy Solih Jangiydoʻst)(1077-yil, Gelon viloyati, Eron — 1166-yil) — fors ilohiyotchisi, mutasavvif.
Hayoti
tahrir18 yoshida Bagʻdodga keladi va juda koʻp olimlardan saboq oladi. Uning Hanbaliya mazhabiga oid vaʼzlari shuhrat qozonadi. Keyinchalik Geloni Qurʼon tafsirchisi va muftiy sifatida faoliyat koʻrsatadi. U hadis va fiqh ilmlaridan dars beradi. Geloni hanbaliya mazhabida qatʼiy turgan, Muhammad (sav) sunnatlariga soʻzsiz rioya etgan. Vaʼzlarida musulmonlar uchun zarur boʻlgan oʻnta axloqiy qoidani bayon etgan. Geloni oʻzining tariqat uslubini vujudga keltirmagan, biror tariqatga boshchilik qilmagan boʻlsa ham uni qodiriya sufiylik tariqatining asoschisi deb hisoblaydilar. Ammo, haqiqatda esa, bu tariqat uning avlodlari yoki muridlari tomonidan faqat 13-asrning oʻrtalarida, baʼzi mutaxassislarning fikricha, hatto 15-asrda vujudga kelgan. Xalq ommasi uni moʻjiza koʻrsatishga qodir boʻlgan aziz-avliyo va bechoralarning homiysi deb, ulugʻlar edi. Unga Gʻavsul Aʼzam („ulugʻ himoyachi“) va piri dastgir („madadkor pir“) laqablarini berishgan. Geloni maqbarasi Bagʻdodda boʻlib, islomdagi mashhur muqaddas joylardan biri hisoblanadi.
Gelonining „Al-gʻunya li talib tariq l-haqq“ („Haq yoʻlidan boruvchi toliblar yoʻlini toʻgʻrilash“) asari saqlanib qolgan. Bu asarda hanbaliya mazhabi nuqtai nazaridan islomdagi 73 firqaga boʻlingan musulmon jamoasining ijtimoiy, axloqiy burch va vazifalari bayon qilingan.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Havolalar
tahrirVikiiqtibosda Abduqodir Gʻiloniyga tegishli iqtiboslar mavjud. |