Abdusamad Boboxoʻjayev

oʻzbek sharqshunos olimi

Abdusamad Boboxoʻjayev (1904-yil 12-dekabr (yangi taqvim boʻyicha 25-dekabr), Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani — 1975-yil 28-yanvar, Toshkent shahri, Oʻzbekiston SSR) — taniqli oʻzbek sharqshunos olimi, tarix fanlari doktori (1959), professor, davlat va jamoat arbobi, diplomat. 1926-yildan KPSS aʼzosi[1][2].

Abdusamad Boboxoʻjayev
Tavalludi 1904-yil 12 (25)-dekabr
Surxondaroy viloyati, Sherobod tumani
Vafoti 1975-yil 28-yanvar (70 yosh)
Toshkent Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Sohasi Sharqshunoslik
Ilmiy darajasi Tarix fanlari doktori
Ilmiy unvoni Professor

Tarjimayi holi

tahrir
 
Abdusamad Boboxoʻjayev BMT Bosh Assambleyasining V sessiyasi doirasidagi qabulda (1950-yil)

Abdusamad Xontoʻrayevich Boboxoʻjayev 1904-yil 12-dekabrda Buxoro amirligining Sherobod bekligida (hozirgi Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani) tavallud topgan[2]. Mehnat faoliyatini 1920-yildan boshlagan. 16 yoshida Abdusamad Boboxoʻjayev Sherobod tumani Favqulodda komissiyasi tergovchisi, soʻngra Sherobod tumani Ijroiya qoʻmitasi masʼul kotibi va viloyat „Qoʻshchi“ ittifoqining raisi boʻlgan[2]. 1925—1926-yillari Moskvada Markaziy moliya kurslarini tugatib, Surxondaryo viloyati moliya boʻlimi boshligʻi vazifasida ishlashni boshlagan. 1930—1934-yillarda Leningrad Moliya akademiyasida tahsil olgan. 1934-yildan Respublika savdo-moliya gazetasida masʼul muharrir, 1935—1938-yillarda esa Toshkent moliya-iqtisod oʻquv kombinati direktori, 1938-yildan Toshkent moliya-iqtisod instituti oʻqituvchisi boʻlib ishlagan. Abdusamad Boboxoʻjayev 1938—1941-yillarda Moskva Kredit-iqtisod instituti aspiranturasida oʻqidi va shu institutda siyosiy iqtisoddan dars bergan[1]. Abdusamad Boboxoʻjayev Ulugʻ Vatan urushi yillarida Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti Savdo boʻlimi mudiri va Surxondaryo viloyati partiya qoʻmitasi agitatsiya va propaganda boʻlimi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan.

Boboxoʻjayev 1944-yilda Moskvadagi diplomatik xodimlar kursini tamomlab, Oʻzbekiston SSR Tashqi ishlar vazirligida boʻlim boshligʻi, vazir oʻrinbosari (1944—1948), 1948—1952-yillarda Oʻzbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ishlagan[1]. Sovet delegatsiya tarkibida boʻlgan Abdusamad Boboxoʻjayev 1950-yilda BMT Bosh Assambleyasining V sessiyasida ishtirok etgan[1]. Abdusamad Boboxoʻjayev BMT minbarida soʻzga chiqqan birinchi oʻzbek diplomati hisoblanadi[2]. 1951-yil fevral oyida 3-chaqiriq Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti deputati (1951—1954-yillar) etib saylanadi. 1951-yilda Singapurda boʻlib oʻtgan „Osiyo va Uzoq Sharq mamlakatlarida savdo-sotiqni rivojlantirish“ konferensiyasida nutq soʻzlaydi[2].

Vatan oldidagi xizmatlari uchun Abdusamad Boboxoʻjayev bir qator mukofotlar va Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining diplomlari bilan taqdirlangan.

Abdusamad Boboxoʻjayev 1975-yil 28-yanvarda ogʻir xastalikdan soʻng Toshkent shahrida vafot etadi.

Ilmiy faoliyati

tahrir
 
Abdusamad Boboxoʻjayev Shoh Mahmudxon Gʻoziy bilan suhbatda (Afgʻoniston, 1958-yil)

Abdusamad Boboxoʻjayev 1948-yildan Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi tizimida faoliyat yurita boshlagan. 1948—1952-yillarda Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyas Iqtisodiyot instituti direktori (shu bilan bir vaqtda Oʻzbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri)[1], Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, soʻngra shu institutning boʻlim mudiri, 1959—1964-yillarda Tarix va arxeologiya instituti direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan[1]. 1964-yildan Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, 1968—1975-yillarda shu institutning „Rivojlanayotgan sharq mamlakatlaridagi muammolar sektori“ mudiri vazifasida ishlagan.

1948-yil oktyabr oyida Abdusamad Boboxoʻjayev tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun „Buxoro-Afgʻon munosabatlari va Oʻrta Osiyoda ingliz imperializmining fitnalari (1907—1924-yillar)“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1959-yil iyul oyida tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun „Sovet davlatining de-fakto va de-yure sifatida tanish davrida Oʻrta Osiyo va Oʻrta Sharqda ingliz antisovet siyosatining barbod boʻlishi“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi[1]. 1962-yilda SSSR Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan Abdusamad Boboxoʻjayevga „sharqshunos“ ixtisosligi boʻyicha professor ilmiy unvoni beriladi.

 
Shoh Mahmudxon Gʻoziyning Abdusamad Boboxoʻjayevga yoʻllagan maktubi

Sharqshunos olim sifatida Abdusamad Boboxoʻjayevning asosiy ilmiy izlanishlari Afgʻoniston, sovet-afgʻon munosabatlariga bagʻishlangan. 1958-yilda Abdusamad Boboxoʻjayev Afgʻonistonda uzoq ilmiy safarda boʻlib, ushbu mamlakatning davlat va jamoat arboblari bilan uchrashadi[2].

1952-yil Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining X plenumida Abdusamad Boboxoʻjayevning ilmiy ishlari tanqid qilinib, oʻzi esa taqiqqa uchraydi. 1990-yilga kelib Abdusamad Boboxoʻjayev toʻliq oqlanadi[2].

Abdusamad Boboxoʻjayev ingliz tili va bir necha sharq tillarini mukammal bilgan. Boboxoʻjayev 80 ga yaqin ilmiy ishlar (broshyura va ilmiy maqolalar) muallifidir. 6 ta ilmiy ishlari Nyu-York, London, Dehli va Kobulda nashr etilgan[2].

Asarlari

tahrir
  • Proval agressivnoy politiki angliyskogo imperializma v Sredney Аzii v 1917—1920 gg. (ruscha: Провал агрессивной политики английского империализма в Средней Азии в 1917—1920 гг.) (1955);
  • Sovet davlatining de-fakto va de-yure sifatida tanish davrida Oʻrta Osiyo va Oʻrta Sharqda ingliz antisovet siyosatining barbod boʻlishi. (1959);
  • Proval angliyskoy politiki v Sredney Аzii i na Srednem Vostoke. (ruscha: Провал английской политики в Средней Азии и на Среднем Востоке (1918—1924)). (1962);
  • Ekonomicheskiye i politicheskiye posledstviya prisoyedineniya Sredney Аzii k Rossii. (ruscha: Экономические и политические последствия присоединения Средней Азии к России) (1966)[1].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 OʻzSE 1971, s. 302
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 2,7 Valeriya Gentshke, Xurshida Boboxoʻjayeva. „Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxividagi sharqshunos olim Abdusamad Boboxoʻjayevning shaxsiy fondi“ (PDF). Vestnik arxivista — Herald of an archivist (rus tilida).{{cite magazine}}: CS1 maint: unrecognized language ()

Adabiyotlar

tahrir
  • Oʻzbek Sovet Ensiklopediyasi, II tom, Toshkent: OʻzSE Bosh redaksiyasi, 1971 — 640-bet.