Abdussalom ibn Abdurrahim
Abdussalom ibn Abdurrahim (arabcha: عبد السلام بن عبد الرحيم, 1825 — 1840, Ufa) — Volga (Idil) bo‘yi va Ural musulmonlari muftiyatining ikkinchi muftiysi.
Abdussalom ibn Abdurrahim | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 1825-yil |
Vafoti |
1840-yil |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | muftiy |
Taʼlimi
tahrirVolga (Idil) bo‘yi va Ural musulmonlari muftiyati rus imperatrisasi Yekaterina II buyrug‘i bilan 1789-yilda tashkil topgan va Bosh idorasi Ufa shahrida joylashgan. Abdussalom ibn Abdurrahim avval Bugulmada tahsil oladi, so‘ng o‘z navbatida buxorolik ulamolarning shogirdlari bo‘lgan ikki shayx — Ibrohim ibn Hojash (vafoti: 1820-yil) va Abdurrahmon Muhammad Sharifxon Kirmoniylardan (vafoti: 1242/1826-27-yil) taʼlim oladi. Abdussalom ibn Abdurrahim muftiy lavozimiga tayinlanishiga qadar qozoq va turkman xalqlari orasida Islom dinining mustahkamlanishi masalasiga jiddiy yondashgan. Uning Rossiya imperiyasining rasmiy hokimiyatiga murojaatlari asosida qozoqlarning O‘rta o‘rda cho‘llari hamda Mangqishloq turkmanlarining ko‘chmanchi lagerlarida masjidlar qurilgan.
Faoliyati
tahrirAbdussalom ibn Abdurrahim muftiy bo‘lganidan so‘ng, o‘zining asosiy vazifasi sifatida Povoljye musulmonlari orasida ularning diniy o‘rni va sof aqidasini saqlab qolish masalasini ko‘radi. U Povoljye va butun Markaziy Osiyo musulmonlari tomonidan tushgan xayriya mablag‘ evaziga Ufa shahrida jome masjid qurdiradi. Masjid qurilishida Buxoro ustalari ham ishtirok etganlar. Muftiy shaxsan o‘zi Orenburg gubernatori bilan birga Buxoro va Urganchdan kelgan karvonlarni kutib olgan. Mazkur karvonlarda ushbu shaharlar olimlarining kitoblari sovg‘a tariqasida yuborilgan.
Tib ilmi
tahrirAbdussalom ibn Abdurrahim Povoljye viloyatining birinchi muftiysi sifatida Rossiya imperiyasi musulmonlari orasida nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlar bo‘yicha ham taʼlimni joriy qilish haqida qayg‘uradi va buni musulmon jamiyati rivoji uchun juda muhim ish deb hisoblaydi. Uning o‘zi tabobatga juda qiziqqan va madrasa taʼlim tizimiga farmokologiya va anʼanaviy shifokorlik kurslari ham kiritilishini talab qilgan. U tabobatga Islom huquqshunosligi (fiqh) nuqtai nazaridan baho berib, Payg‘ambarning „ilm at-tibb“ga bo‘lgan alohida qiziqishlariga hadislardan dalil sifatida namunalar keltirgan. Abdussalom ibn Abdurrahim „ilm at-tibb“ni „farzi kifoya“ (bir qism musulmonlar bajarsa, qolganlar zimmasidan soqit bo‘ladigan ishlar) sirasiga kiritgan. Uning Ibn Sino „Qānӯn“iga yozilgan bir qator sharhlarni tatar tiliga tarjima qilgani ham maʼlumdir.
Qarashlari
tahrirAbdussalom ibn Abdurrahim asosan zamondoshi Rizouddin ibn Faxruddinning qaydlarida zikr qilingan bir necha asarlar muallifidir. Abdussalom ibn Abdurrahim ilk musulmon mutakallimlaridan biri sifatida musulmonlar Yevropa uslubidagi taʼlim muassasalari (universitet, texnika bilim yurtlari)da o‘qishlari mumkin va zarur ekanini isbotlagan. Bundan tashqari, u o‘z asarlarida musulmonning kasb va harakatda bo‘lishi uni qashshoqlikdan saqlashi hamda kelajakdagi ishlari uchun sarmoya to‘plashida yordam berishini isbotlagan holda, musulmonlar uchun kasb egallash muhimligini asoslab bergan. Umuman olganda, faol tadbirkorlikka intilish musulmonlarni gunoh ishlarga bo‘lgan rag‘batdan saqlaydi. Abdussalom ibn Abdurrahim faqirlik qayg‘urish uchun sabab bo‘lolmasligi, (og‘ir ahvoldan qutulish uchun) o‘z-o‘zini halok qilish esa Islomda eng katta gunoh ekanini aytgan.
Ijodi
tahrirShuningdek, uning Akmaluddin Muhammad ibn Mahmud al-Barbatiy (vafoti: 786/1384-yil)ning „Al-Ināya“ asari hoshiyasida yozilgan sharhi ham mashhur bo‘lib, o‘z navbatida, mazkur hoshiya Burhonuddin al-Marg‘inoniy (vafoti: 593/ 1197-yil)ning „Al-Hidāya“ asariga sharh hisoblanadi.
Vafoti
tahrirAbdussalom ibn Abdurrahim Ufa shahrida vafot etgan, qabri Orenburgda[1].
Adabiyotlar
tahrir- Shihobuddin al-Marjoniy. Mustafād al-axbār fӣ ahvāl Qazān va Bulg‘ār. II, 302;
- Fəxretdin R. Əser. II, 56-57; VII, 340-44, 360, 368-71, 375-403;
- Danil Azamatov. The muftis of the Orenburg Spiritual Assembly in the 18th and 19th Centuries: The Straggle Power in Russiaʼs Muslim Institution. — In: Muslim Culture in Russia and Central Asia. II, 355-384;
- Mixael Kemper. Sufii i ucheniye v Tatarstane i Bashkortostane (1789-1889). Islamskiy diskurs pod russkim gospodstvom. — Kazan: 2008. 88-89, 110-130.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |