Abram Kalontarov
Abram Kalontarov (Avromi Qalam; ivritcha: אַיבראַם קאַלאָנטאַראָװ; 1865, Samarqand, Buxoro amirligi — 1951, Samarqand, Oʻzbekiston SSR, SSSR) — kelib chiqishi buxoro yahudiylaridan boʻlgan samarqandlik savdogar, birinchi gildiya savdogari, Rossiya imperiyasi davlat dumasi deputati (1907), Moskvadagi Rus-Osiyo banki taʼsischilaridan biri va boshqaruv hayʼati aʼzosi.
Abram Kalontarov | |
---|---|
ivritcha: אַיבראַם קאַלאָנטאַראָװ | |
Tavalludi |
1865-yil |
Vafoti |
1951-yil Samarqand, Oʻzbekiston SSR, SSSR |
Fuqaroligi |
Buxoro amirligi Rossiya imperiyasi SSSR |
Kasbi | tadbirkorlik |
Dini | yahudiylik |
Turmush oʻrtogʻi | Xana Kalontarova |
Bolalari |
qizlari: Yafa (Yeva), Rivko, Soro (Sara) oʻgʻli: Mixail (Misha) |
Otasi | Isak Kalontarov |
Onasi | Ester Kalontarova |
Qarindoshlari |
ota tomondan bobosi: Moshe Kalontar |
Tarjimai holi
tahrirAbram Kalontarov 1865-yil Samarqand shahrida Isak va Ester Kalontarovlar oilasida tugʻilgan. Abramning bobosi Moshe Kalontar Samarqandda „Mahallai yahudiyon“ deb nom olgan buxoro yahudiylari dahasiga asos solgani bilan nom qozongan. Abram 8 yoshligida otasi Isak vafot etgan. Abram, uning ukasi Yakub va singlisi Miryamni bobosi Moshe Kalontar tarbiyalagan[1].
Abram va ukasi savdogar boʻlib yetishishgan. Ular Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg shaharlaridan tashqari bir qator Yevropa mamlakatlari bilan ham savdo-sotiq qilishgan. Kalontarovlar Oʻrta Osiyodan paxta va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini Rossiya va Yevropa bozorlariga chiqarib, u yerdan galantereya (attorlik) mollari, Oʻrta Osiyoda xaridorgir boʻlgan sanoat mahsulotlarini olib kelishgan[1].
Abram Kalontarov oʻz oilasi bilan sayohatlarga koʻp chiqqan, Sankt-Peterbur, Moskva, Berlin va Yervopaning boshqa shaharlaridagi mehmonxonalarda shaxsiy xonalariga ega boʻlgan. Katta qizi Yafa Samarqandda, oʻrtancha qizi Rivko Berlinda, kichik qizi Soro Samarqandda, oʻgʻli Mixail Moskvada tugʻilgan[1].
Kalontarov 1907-yil Rossiya davlat dumasi deputati etib saylangan. 1910-yil Moskvadagi Rus-Osiyo banki asos solinishida taʼsischi va boshqaruv hayʼati aʼzosi sifatida oʻrin tutgan. Rossiya imperiyasi davlat bankiga kiritgan sarmoyalari evaziga birinchi gildiya savdogari hisoblangan[1].
1917-yilgi shoʻrolar inqilobidan keyin mamlakatda vaziyat oʻzgarib, oʻz ixtiyori bilan mol-mulkini davlat hisobiga oʻtkazib bermagan boylarni hibsga olish ishlari boshlanadi. 1920-yillarda Abram Kalontarov bor mol-mulkini oʻz ixtiyori bilan davlat hisobiga xatlab beradi, oʻzi ijarada yashaydi, shoʻrolar hukumati esa Kalontarov va uning oilasiga himoya yorligʻi topshiradi[1][2].
1930-yilda Abram Kalontarov va oʻgʻli Mixail hibsga olinib, Toshkentga olib ketiladi. Kalontarovning tanishlari Davlat siyosiy boshqarmasi xodimlariga himoya yorligʻini koʻrsatish orqali Abram va Mixail Kalontarovlarni qamoqdan olib qoladilar[1].
Kalontarovning Samarqanddagi uyi
tahrirAbram Kalontarovning turli shaharlarda uylari koʻp boʻlgan. U Samarqandda 1910–1916-yillarda qurdirgan uy hozirda davlat himoyasidagi muzey hisoblanadi. Bu uy avstriyalik meʼmor Otto Nelle loyihasi asosida, germaniyalik va samarqandlik ustalar ishtirokida qurilgan boʻlib, Rossiya imperatori Nikolay IIning Samarqandga tashrifiga atab qurdirilgan. Yaʼni imperator Samarqandga kelsa, Kalontarov uni shu uyda mehmon qilmoqchi boʻlgan. Ammo Birinchi jahon urushi va mamlakat ichidagi inqilobiy harakatlar tufayli imperator Oʻrta Osiyoga tashrifini bekor qilgan[1][2].
Samarqand shahri Oʻzbekiston SSR poytaxti boʻlgan 1925–1930-yillarda bu uy davlat idoralariga tegishli boʻlgan, keyinchalik u yer Madaniyat uyiga aylantirilgan. Uydan 1934-yildan tarix va madaniyat muzeyi sifatida foydalanilgan, 1981-yildan hozirgacha Samarqand viloyat oʻlkashunoslik muzeyi sifatida foydalanilmoqda[2].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 Бадалов, Иосиф (6–12-may 2011-yil). "Его имя бессмертно. К 60-летию со дня смерти Абрама Калонтарова". The Bukharian Times IX (482): 54. https://sdyehudim.files.wordpress.com/2011/07/bt-482_bukhariantimes_opt.pdf. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 „Самаркандская резиденция российского императора“ (ruscha). Samtur.uz. Самаркандский туристический и информационный портал (2018-yil 21-dekabr). Qaraldi: 10-oktabr 2023-yil.