Abu-d-Dahdoh
Abu-d-Dahdoh (arabcha: أبو الدحداح — Abu-d-Dahdoh al-Ansoriy) — sahoba.
Abu-d-Dahdoh al-Ansoriy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | sahoba |
Manbalarda ismi Abu-d-Dahdoha ibn Dahdoha bo‘lgani ham aytiladi. Hayoti haqida maʼlumotlar ko‘p emas. Abdulloh ibn Mas’udning maʼlum qilishicha, „Allohga yaxshi qarz beradigan kim bor?! Bas, toki unga berganini ko‘p marta ko‘paytirib bersa“[1] oyati nozil bo‘lganida Abu-d-Dahdoh Payg‘ambarning oldiga kelib: „Ey Rasululloh (s.a.v.)! Alloh bizdan qarz so‘raydimi?“, deb so‘raydi. „Ha“, degan javobni olganida Payg‘ambarning qo‘lini tutib, savobini faqatgina Allohdan kutgan holda, 600 tup xurmo daraxti bo‘lgan bog‘ini Allohga qarz sifatida berganini aytadi. So‘ng bog‘iga borib, u yerda bo‘lgan oilasiga bog‘ni Allohga qarz sifatida berganini aytib, bog‘dan chiqish kerakligini so‘raydi. Ushbu voqeadan so‘ng Payg‘ambar: „Abu-d-Dahdoh uchun jannatda ko‘plab xurmo daraxtlari o‘smoqda“, — deydi.
Abu-d-Dahdohning mazkur xurmo bog‘ini Payg‘ambar undan qarz sifatida so‘ragani yoki boshqa sabablar bilan Alloh yo‘liga atagani ham rivoyat qilinadi.
Abu-d-Dahdohning qachon vafot etgani maʼlum emas. O‘limi vaqtida Payg‘amba uning nasli va vorislari haqida bilishga ansorlardan Osim ibn Adiyni tayinlaydi. Abu-d-Dahdohning nasli haqida maʼlumot topilmaganidan so‘ng, meros singlisining o‘g‘li Abu Luboba al-Ansoriyga berilgan. Uhud g‘azotida Payg‘ambarning shahid etilgani haqidagi xabar tarqaganida Abu-d-Dahdohning: „Muhammad (s.a.v.) vafot etgan bo‘lsalar, Alloh tirikdir, u hargiz o‘lmas“, deya musulmonlarga dalda bergani, o‘zi jangda Xolid ibn Valid tomonidan shahid etilgani ham naql qilinadi.
Quzoa qabilasining Baliy urug‘idan bo‘lgan Abu-d-Dahdoh yoki Abu-d-Dahdoha Sobit ibn Dahdoh va Abu-d-Dahdoh al-Ansoriy orasida xurmo bog‘larini Alloh yo‘lida hiba qilib Payg‘ambar duosini olgani, ansorlarning himoyasida bo‘lgani, Rasululloh hayot bo‘lganida vafot etgani va merosxo‘rlari topilmagani kabi xususlarda o‘xshashlik bo‘lgani kuzatiladi. Hadislarda Abu-d-Dahdoh, Abu-d-Dahdoha yoki Ibn ad-Dahdoh kunyalari bilan zikr qilingan bu ikki sahoba, tabaqot kitoblarida ikki boshqa-boshqa shaxs sifatida ko‘rsatilsa-da, bitta shaxs bo‘lganlari yoki kunyalarining o‘xshashligi sababli bir-birlari bilan adashtirilganlari ehtimolga yaqin[2].
Adabiyotlar
tahrir- Musnad. III, 146; V, 90, 95, 99;
- Ad-Dorimiy. „Farāiz“. 27, 38;
- Muslim. „Janāiz“. 89;
- Abu Dovud. „Janāiz“. 44;
- An-Nasoiy. „Janāiz“. 95;
- Al-Voqidiy. Al-Mag‘āzӣ. II, 281; III, 505;
- Ibn Abdulbar. Al-Istӣ’āb. IV, 61;
- Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. I, 267; VI, 96-97;
- Al-Qurtubiy. Al-Jāmi’. — Bayrut: 1408/1988. III, 155-156;
- Ibn Hajar. Al-Isāba. I, 191; IV, 59;
- Ash-Shavkoniy. Darr as-sahāba. 422-423;
- Köksal. İslâm Tarihi (Medine). III, 173-174;
- Raşit Küçük. „Ebü’d-Dahdâh“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 309-310.
Manbalar
tahrir- ↑ Qurʼoni karim „Baqara“ surasi, 245-oyat.
- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |