Jannat
Jannat — koʻpchilik diniy taʼlimotlarga koʻra, taqvodor dindorlar narigi dunyoda rohat va farogʻatda yashaydigan joy. Yahudiylik, Xristianlik, Islom dinlaridagi asosiy tushunchalardan biri. Barcha dinlarda Jannat doʻzaxga qarama-qarshi qoʻyiladi. Bibliya (Qadimgi ahd)da Jannat goʻzal bogʻ sifatida tasvirlanadi, unda Odam Ato bilan Momo Havo yashagani, ular gunoh ish qilib qoʻyganlaridan keyin Jannatdan quvilgani haqida yozilgan. Qurʼonda Jannat haqida bir necha yerda bayon qilingan (47: 15; 55: 46-78; 76: 11-22). Diniy aqida boʻyicha, bu dunyodagi hayoti davrida imonli holida ezgu ishlar bilan shugʻullangan kishilarga Alloh tomonidan Jannatdan joy beriladi. Jannatdagi hayot abadiy, bezavoldir. Jannatdagilarni Alloh turli neʼmatlar bilan taʼminlaydi. U yerda gʻam-gʻussa va tashvish yoʻq. Odamlarning yaxshi koʻrgan barcha narsasi muhayyo etiladi. Qurʼonda Jannat daraxtzor, ariqlarda zilol suvlar oqib turadi, deb taʼriflanadi. U yerda insonlar qarimaydi va kasal ham boʻlmaydi. Diniy taʼlimotda taʼkidlanishicha, Jannatda havzi Kavsar mavjud boʻlib, uning suvi oq va muzdayligi hamda hislatlari taʼriflanadi. Havzi Kavsardan Jannat ahli suv ichadi.
Islom diniga koʻra, Jannatning 8 ta darvozasi bor. Bular:
- Paygʻambarlar, shahidlar, siddiq bandalar va sahiylar;
- namozxonlar;
- zakot beruvchilar;
- amri maʼruf, nahiy munkar qilgan moʻminlar;
- nafsu shahvatini jilovlab yurganlar;
- haj va umra qilganlar;
- Alloh yoʻlida jiddu jahd qilganlar;
- taqvodorlar va ota-onasini rozi qilganlar kiradigan darvozalardir.
Jannatni qoʻriqlovchi farishta "Rizvoni jannat" deb ataladi. Jannatda eng oliy neʼmat Allohning diydorini koʻrishlik hisoblanadi.
Gʻani Abdullayev, Abdulaziz Mansur.[1]
Manbalar
tahrir