Doʻzax, jahannam — koʻpchilik diniy taʼlimotlarga koʻra, din talablarini bajarmagan gunohkorlar oxiratda jazolanadigan joy. Yahudiylik, xristianlik, islom dinlaridagi asosiy tushunchalardan biri. Qurʼonda Doʻzax haqida bir necha oʻrinda taʼkidlab oʻtilgan (6:128; 11:106, 107). Diniy aqidaga koʻra, Doʻzaxni Alloh kofirlarga va gunohkor bandalarga jazo berish uchun yaratgan. D. ichida olov yonib turadigan dahshatli chuqurlikdir. D.ga mahkum qilingan bandalar shu olovga tashlanadi, ular qaynoq suv ichishadi, u yerda oʻsadigan zaqqum daraxtining (shayton boshiga oʻxshagan) mevasi bilan ovqatlanishadi va b. azoblar chekishadi. Qurʼonda "qachonki terilari kuyib bitishi bilan haqiqiy azobni totib koʻrishlari uchun oʻrniga boshqa terilarni almashtiramiz" deb qayd etiladi (4:56). D. azoblaridan yana biri — achishtiruvchi sovuqdir. Doʻzax bir necha tabaqadan iborat boʻlib, har bir gunohkor oʻz gunohiga qarab tabaqalarda azoblanadi.

Doʻzaxning yetti darvozasi bor:

Hoviya — eng chuqurlikda joylashgan boʻlib, undan munofiqlar, Firʼavnga oʻxshagan ashaddiy kofirlar kiradi;

Jahim — mushriklar;

Saqar — dindan qaytgan murtadlar;

Lazo — shayton - Iblis, uning doʻstlari va majuslar;

Hutama — Allohning amriga boʻysunmagan kofir kimsalar;

Sair — Allohga shirk keltirgan nasorolar;

Jahannam — gunohi kabiralar qilib, tavbasiz oʻtgan musulmonlar kiradigan darvozalardir.

D.ni Molik ismli farishta boshchiligidagi farishtalar qoʻriqlaydi. Qalbida Allohga imoni boʻlgan bandalar D.da maʼlum vaqt azob tortganlaridan soʻng oʻsha imonlari sharofati bilan D.dan chiqarilib, jannatga kiritiladi. Faqir-fuqaro, yetim-yesirlarga rahm-shafqatlilik, musulmonlar va inson bolasining ogʻirini yengil qilish koʻplab bandalarning D. oʻtidan ozod etilishiga sabab boʻladi. Ammo, iymonsiz kishilar, kofir va mushriklar D.dan chiqmay doimiy azobda qoladi.


Astagʻfirulloh Alloh Taoloning o'zi asrasin!!

Adabiyot tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil