AbuLays Samarqandiy (arabcha: أبو ليز سمرقندي — AbuLays Samarqandiy — Toʻliq ismi: Abullays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Samarqandiy (911-985)) — Mufassir va faqih.

AbuLays Samarqandiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 911-yil (hijriy 301-yil)
Vafoti milodiy 985-yil (hijriy 375-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi mufassir, faqih

Hayoti

tahrir

AbuLays Samarqandiy „Imomu-l-huda“, „Faqih“ nomlari va „Abullays“ kunyasi bilan mashhur boʻlgan. AbuLays Samarqandiy 298/911-yili Samarqandda tavulud topgan va hayoti davomida tafsir, fiqh, usul (din asoslari), aqidaga oid koʻplab asarlar yaratgan. Sam’oniy asarida AbuLays Samarqandiyning yashagan joyini zikr etib: „Abullays Nasr ibn Muhammad ibn Ibrohim Tuziy Abu Hanifa mazhabidagi faqihlardan boʻlgan. Bahs-munozaralarda mashhur boʻlgan. Samarqandda yashagan va shu yerda vafot etgan. Ustozi Abu Ibrohim Termiziy boʻlib, undan rivoyat qiladi. Shogirdi — Muhammad ibn Muhammad ibn Saʼyid Samarqandiy Navoiy“ deb keltiradi va allomani „Tuz“ qishlogʻiga nisbat beradi. AbuLays Samarqandiy oʻz zamonasi olimlaridan tahsil olib, islom ilmlarida yuksak martabaga erishgan. Uning bahs-munozaralarda oʻziga xos oʻrni alohida taʼkidlanishi bunga misol boʻla oladi. AbuLays Samarqandiyning laqablaridan biri „Faqih“ boʻlib, kunyasi blan bu laqabi qoʻshilib, „faqih Abullays“ deb aytilar edi. Olim shu nom bilan tarixda tanildi. AbuLays Samarqandiy fiqh ilmida ham yuksak martabaga erishgan boʻlibb, oʻz zamonasida unga teng keladigan olim topilmas edi, uning „Faqih“ deb atalishi ham shundan dalolat edi. AbuLays Samarqandiyning otasi Muhammad ibn Ibrohim Tuziy oʻz zamonasining faqih ulamolaridan boʻlgani manbalarda zikr etilgan. Sam’oniy u haqda qimmatli maʼlumot berib, shunday deydi: "Uning otasi „Varsanin“ degan qishloqda yashagan, soʻng undan 3 farsax uzoqdagi Samarqand qishloqlaridan biri „Tuz“ qishlogʻiga koʻchib oʻtgan. Muhammad ibn Ibrohim Abbos ibn Fazl ibn Yahyo Nadabiy, Muhammad ibn Gʻolib Samarqandiy va Ahmad ibn Bakr Samarqandiy kabi olimlardan dars olgan. Undan Abu Jaʼfar ibn Makkiy Navoiy rivoyat qilgan". AbuLays Samarqandiyning barcha ustozlari hanafiy mazhabi ulamolari boʻlib, ulardan koʻpchiligining silsilasi Noʻmon ibn Sobit Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasanga borib taqaladi. Bu ustozlarning baʼzilari haqidagi maʼlumotlar tarojum asarda zikr etilgan. Asarlarda nomlari eng koʻp uchraydiganlari Muhammad ibn Fazl, Xalil ibn Ahmad, Abu Jaʼfar Hinduvoniylardir. Ular oʻz zamonasining yetuk olimlari boʻlib, AbuLays Samarqandiyga ustozlik qilganlar. AbuLays Samarqandiyning ustozlari, asosan, X asrda islom ilmlari rivoj topgan markazlar — Balx, Samarqand, Buxoro ahllaridan boʻlib, hanafiy mazhabining yetuk olimlaridan hisoblangan. Shuningdek, ustozlari tafsir, hadis, fiqh sohalari boʻyicha faoliyat olib borganlar.

Faoliyati

tahrir

AbuLays Samarqandiyning ana shunday yetuk olimlardan ilm olganligi uning ilmiy-maʼnaviy merosiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. AbuLays Samarqandiyning shogirdlaridan baʼzilari uning asarlarini rivoyat qilganlar. Ular orasida Luqmon ibn Hakim Fargʻoniy, Naim Xatib Abu Moliklarni zikr etib oʻtish mumkin. AbuLays Samarqandiyning oʻttizga yaqin asari bizgacha yetib kelgan. Uning fiqh, tafsir, mav-iza, boʻyicha asar mashhur boʻlib, hozirgi davrimizga qadar nashr etilib kelinmoqda. Fiqhga oid „Navozil“, „Xizonatu- l- fiqh“, „Al- muqaddima fi- s- solat“ asarida olim ilk hanafiy fiqhini aks ettirgan boʻlib, oʻz davriga oid muhim manbalarga aylangan. Didaktik asardan „Tanbihu-l- gʻofiliyn“, „Bustonu-l-orifiyn“ asari koʻp asrlardan buyon qayta-qayta nashr etilib kelmoqda. AbuLays Samarqandiyning tafsiri ham ahamiyatli boʻlib, u oʻz davrida ilk bora faqat moʻtabar manbalar — Qur’on, hadis, sahoba va tobi’iynlar soʻzlari, shuningdek, oʻzidan oldingi mufassirlar soʻzlari orqali Qur’onni sharhlagan. AbuLays Samarqandiyning asaridan 19 tasi fiqh, 14 tasi didaktik, 2 tasi tafsir, 3tasi aqida sohalariga bagʻishlangan. AbuLays Samarqandiy asarini oʻrganish va tadqiq etish kelgusida yangi tadqiqotlar uchun ham mavzu boʻlishi mumkin. AbuLays Samarqandiy tafsiri nodir maʼlumotlarni jamlagan dastlabki maʼsur tafsirlardan sanaladi. Asar ilmiy ahamiyatining yuqoriligi sababli koʻplab qoʻlyozma nusxalarda koʻchirilgan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHQMda 2824 raqamli tafsirning toʻliq nusxasi hamda 3294/IX raqami ostida 3 varaqdan iborat boʻlgan parchasi mavjud. Shuningdek, „Xizonatu-l-fiqh“ning 1467 va 1814-yillari koʻchirilgan ikki qoʻlyozma nusxasi (inv. № 5767/1, 3211/USH), „Boʻstonu-l-orifiyn“ning bosma va qoʻlyozma nusxalari turli mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanmoqda. 1815-yili yozib tugatilgan qoʻlyozma (inv. № 2436) va 1814-yili yozilgan ikkinchi bir qoʻlyozma (inv. № 10635/1) nusxalari SHQMda saqlanmoqda. „Tanbehu-l-gʻofiliyn“ning Buxoro amiri Haydar (1800—1826) topshirigʻi bilan 1810-yili Buxoroda koʻchirilgan (inv. № 2427/1) va 1873-yili koʻchirilgan qoʻlyozmasi (inv. № 8708/1) hamda bir qancha toshbosma nusxalari SHQMda saqlanmoqda. Bu asarning bir necha qoʻlyozma nusxasi Sankt-Peterburg Sharqshunoslik insituti kutubxonasida saqlanmoqda (inv. № A 860. A 343, A 342, A 761, V 254, V 4434, S 1463). Umumiy hisobda tafsirning 77 nusxasi hozirgi davrimizgacha etib kelgan.[1]

Asarlari

tahrir
  • „Navozil“,
  • „Xizonatu-l-fiqh“,
  • „Al-muqaddima fi-s-solat“,
  • „Tanbihu-l-gʻofiliyn“,
  • „Bustonu-l-orifiyn“.

Manbalar

tahrir
  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 538-540.