Abu Amr al-Xaffof
Abu Amr al-Xaffof (arabcha: أبو عمرو الخفاف — Abu Amr Ahmad ibn Nasr ibn Ibrohim al-Xaffof an-Naysoburiy) — muhaddis.
Abu Amr Ahmad ibn Nasr ibn Ibrohim al-Xaffof an-Naysoburiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 834-yil (hijriy 219-yil) |
Vafoti |
milodiy 912-yil (hijriy 299-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | muhaddis |
„Poyabzalchi“ maʼnosini anglatuvchi „al-Xaffof“ laqabini nima sababdan olgani maʼlum emas. Abu Amr al-Xaffof avval tasavvufga qiziqqan. Keyinchalik, hadis ilmini o‘rganishni Nishopurda boshlagan. So‘ngra Bag‘dod, Kufa, Madina, Makka va boshqa ilm markazlariga safar qilib, Ishoq ibn Rohavayh, Amr ibn Zurora, Husayn ibn Zahhok, Abu Hammom as-Sakuniy, Muhammad ibn Rofeʼ, Muhammad ibn Ali ibn Shaqiq va boshqa olimlardan ilm o‘rganadi. Abu Amr al-Xaffof ibodatda mustahkam bo‘lib, o‘ttiz yildan ortiq vaqt uzluksiz ro‘za tutgani va merosxo‘ri bo‘lmagani bois, boyligini Alloh roziligi yo‘lida infoq-ehson qilgani naql qilinadi.
Hadislari
tahrirUning o‘zidan Ibn ash-Sharqiy, Abu Abdulloh ibn al-Axram, Muhammad ibn Ahmad az-Zuhliy, Abu Saʼid al-Hiriy kabi muhaddislar hadisdan taʼlim olganlar. Tengdoshi buyuk muhaddis Muhammad ibn Ishoq as-Sarroj Abu Amr al-Xaffof kabi quvvai hofizasi kuchli kishini ko‘rmaganini maʼlum qilgan. Ibn Xuzayma ham uning hofizasi haqida „Xurosonda unga o‘xshashi yo‘q“, deb zikr qilgan. Shogirdi Abu Bakr as-Sibqiy esa ustozining yuz ming hadisni zikr qilishga quvvati yetishi xabarini bergan. Abu Amr al-Xaffof o‘z davrida katta obro‘ga ega bo‘lib, „zaynul-ashrof“ nomi bilan tanilgan. Mashhur hadis to‘plamlaridan „Al-Mustadrak“ asari muallifi Imom al-Hokimning ko‘plab ustozlari Abu Amr al-Xaffofdan hadis eshitgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- Ibn al-Javziy. Al-Muntazam. VI, 110;
- Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. II, 654-656;
- Az-Zahabiy. Siyar. XIII, 560-563;
- Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. II, 231-232;
- Ali Osman Ateş. „Ebû Amr el-Haffaf“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 97.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |