Abu Amr ibn al-Alo (arabcha: أبو عمرو بن العلاء — Abu Amr Zabbon ibn al-Alo ibn Ammor al-Moziniy al-Basriy) — yetti qiroat imomlaridan biri, arab tili va adabiyoti olimi.

Abu Amr Zabbon ibn al-Alo ibn Ammor al-Moziniy al-Basriy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 689-yil (hijriy 70-yil)
Vafoti milodiy 771-yil (hijriy 154-yil)
Dini Islom
Ota-onasi
  • (otasi)
  • Oysha bint Abdurrahmon (onasi)
Tanilgan sohasi Yetti qiroat imomlaridan, olim

Manbalarda tug‘ilgan yili sifatida 675 (hijriy 55) 685 (hijriy 65) va 688 (hijriy 68)-yillar ham ko‘rsatilgan. Tug‘ilgan joyi Basra va Kozarun deb ham zikr qilingan. Manbalarda ismi borasida ham ixtiloflar bo‘lib, o‘n to‘qqizta nom bilan tilga olingan. Az-Zahabiy ismlarining barchasini zikr qilganidan so‘ng, Zabbon ularning eng afzali ekanini aytgan. Abu Amr ibn Alodan ismi haqida so‘ralganida, Zabbon ekanini aytgani haqidagi rivoyat va unga nisbat berilgan bayt­da unga Zabbon deb murojaat qilinganiga ko‘ra, az-Zahabiyning maʼlumoti to‘g‘ri ekanini aytish mumkin. Tamim qabilasining Mozin urug‘iga mansub bo‘lgani uchun al-Moziniy, umrining aksar qismini Basrada kechirgani uchun al-Basriy nisbalari bilan ham zikr qilinadi. Abu Amr ibn al-Aloning qabr toshida „Bani Hanifaning mavlosi Abu Amrning qab­ri“ deb yozilgan iboraga suyangan holda uni Bani Hanifga nisbat berilgan. Shuning­dek, mazkur nisbat unga onasi Oysha bint Abdurrahmonning Bani Hanifga mansub­ligi yoki o‘zi Bani Hanifning vakili bo‘lgani sababli qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin.

Taʼlimi

tahrir

Abu Amr ibn al-Aloning bolalik va o‘smirlik chog‘lari bilan bog‘liq maʼlumotlar oz va tarqoqdir. Juda kichik yoshdaligidanoq qiroat darsidan tahsil olishni boshlagan. Makkada tug‘ilib, Basrada ulg‘aygani kabi ushbu maʼlumotning aksi ham zikr qilinadi. Ilk tahsil yillarini Hijozda o‘tkazgani aytiladi. Ibn Mujohid u qiroat ilmini Hijoz qorilaridan o‘rgangani va bunda ularning usulini o‘zlashtirganini zikr qiladi. O‘zining maʼlum qilishicha, yigirma yoshida Hajjoj ibn Yusuf as-Saqafiyning qo‘liga tushmaslik uchun Iroqdan otasi bilan qochib, Yamanga ketadi. Yaman cho‘llarida Hajjojning vafotidan xabar topgach, Bas­raga qaytadilar. Ibn Xallikonning bu maʼlumotlarini to‘g‘ri deb qabul qilinsa, Abu Amr ibn al-Alo bolaligini Makkada o‘tkazgani, Makka va Madina olimlaridan maʼlum darajada tahsil olganidan so‘ng, Basraga ko‘chib o‘tganini anglash mumkin.

Vafoti

tahrir

Abu Amr ibn al-Alo 771-yil (hijriy 154-yil)da Kufada vafot etgan. Bu sana baʼzi manbalarda 764 (hijriy 147), 765 (hijriy 148), 772 (hijriy 155), 773 (hijriy 156), 774 (hijriy 157) va 776 (hijriy 159)-yillar, deb ham qayd etilgan. Vafotidan oldin Damashq voliysi Abdulvahhob ibn Ibrohimdan yordam so‘rab mazkur shaharga borgani va Kufaga qaytishda yo‘lda yoki Kufaga yetgach, abbosiy sulolasining vakili Muhammad ibn Sulaymon yonida vafot etgani ham rivoyat qilinadi.

Qiroat ilmi

tahrir

Abu Amr ibn al-Alo Makkada Mujohid ibn Jabr, Saʼid ibn Jubayr, Ato ibn Abu Raboh, Ikrima ibn Xolid, qurroi sab’a­dan Abu Maʼbad Ibn Kasir, Madinada Yazid ibn Rumon, Shayba ibn Nisoh va qurroi asharadan Abu Jaʼfar al-Qoriy, Kufada qurroi sab’adan Osim ibn Bahdala, Bas­rada Yahyo ibn Yaʼmar, Nasr ibn Osim va Hasan al-Basriy kabi taniqli olimlardan qiroat ilmini o‘rganadi. Ibn Mujohidning „Kitāb as-sab’a“ asarida Abu Amr ibn al-Alo qiroat ilmini Bas­rada Nasr ibn Osim va uning shogirdlaridan emas, balki hijozlik olimlardan o‘rgangani aytilgan bo‘lsa-da, bu va boshqa manbalardagi ustozlari bilan bog‘liq maʼlumotlar, uning qiroat tahsilini faqatgina Hijoz hududi bilan chegaralash noo‘rin ekanini ko‘rsatadi. Mujohid ibn Jabr va Saʼid ibn Jubayrlar uning ustozlari orasida muhim o‘rin egallaydilar. Mujohid va Saʼid ibn Jubayrdan tortib qiroat ustozlarining ko‘pi bu ilmni Abdulloh ibn al-Abbosdan o‘rganganiga ko‘ra, Abu Amr ibn al-Aloning qiroat ilmidagi asos sanadini — „Abu Amr ibn Alo, Mujohid va Saʼid ibn Jubayr, Abdulloh ibn al-Abbos, Ubay ibn Kaʼb, Payg‘ambar“, deb ko‘rsatish mumkin. Otasidan va Anas ibn Molik, Yahyo ibn Yaʼmar, Mujohid ibn Jabr, Abu Rajo al-Utoridiy, Ato ibn Abu Raboh kabi nufuzli shaxs­lardan hadis rivoyat etgan. Nahvda Nasr ibn Osimdan istifoda etgan. Abu Amr ibn al-Aloning qiroatini yoqtirgan ustozi Saʼid ibn Jubayr unga ushbu qiroatini saqlashini aytgan. Ahmad ibn Hanbal qiroat haqida so‘ralgan savolga Abu Amr ibn al-Aloning qiroatini tavsiya etgani naql qilinadi. Ibn Mujohid basralik­larning aksari Abu Amr ibn al-Alo qiroatini o‘zlashtirganini qayd etgan. Andarobiy (vafoti: 1077 (hijriy 470)-yil Abu Amr ibn al-Alo haqida „Tobeʼinlardan keyin bugunga qadar Basrada xalq qiroati unga suyangandir“, degan. XV asrgacha keng geografik hududda o‘qilgan ushbu qiroat o‘rniga, Hafs rivoyatiga asoslangan Osim ibn Bahdalaning qiroatini keng yoyi­la bosh­lanishining turli sabablari bo‘lgan. Abu Amr ibn al-Alo qiroat ilmida hujjat deya qabul qilingan va Ibn Mujohidning „Kitāb as-­sab’a“ asarida bu ilmda mashhur olti qiroat imomi bilan tilga olingan.

Hadis ilmi

tahrir

Yahyo ibn Maʼiyn hadis borasida uni siqa degan bo‘lsa, Abu Hotim ar-Roziy u haqida „la baʼsa bihi“ (zarari yo‘q, hadisi olinishi mumkin) deya kifoyalangan. Az-Zahabiy esa, uning rivoyat etgan hadislari ko‘p emasligi va „Kutubi sitta“dan o‘rin olmaganini aytadi. Ibn Hibbon uning rivoyatlari soni 50 ta ekanini aytib o‘tgan. Ibn Qutayba Abu Amr ibn al-Aloni qiroatda ustoz bo‘lishi bilan birga nazmda ham qalam tebratishini naql qilgan. Farazdaq ham Abu Amr ibn al-Aloni maqtab, bir baytida Abu Amr ibn al-Aloni topguncha „ko‘p eshik taqillatdim“, deb yozgan[1].

Adabiyotlar

tahrir
  1. Ibn Mujohid. Kitāb as-sab’a. — Qohira: 1972. 80-85, 99-101;
  2. Abu-t-Tayyib. Marātib an-nahviyyӣn. — Qohira: 1954. 13-41;
  3. Ibn Hibbon. As-Siqāt. VI, 345-347;
  4. As-Sirafiy. Axbār an-nahviyyӣn al-Basriyyӣn. — Qohira: 1985. 46-48;
  5. Abu Bakr az-Zubaydiy. Tabaqāt an-nahviy­yӣn va-l-lug‘aviyyӣn. — Qohira: 1984. 35-40;
  6. Ibn Xallikon. Vafayāt. III, 138;
  7. Andarobiy. Qirāa al-qurrā al-maʼrӯfӣn. — Bayrut: 1405/1985. 83-94;
  8. Ibn al-Jazariy. Gʻā­ya an-nihāya. I, 288-292, 425;
  9. Brockelmann. GAL. I, 97; Suppl., I, 70, 158; II, 142;
  10. Sezgin. GAS. I, 17;
  11. R. Blachère. „Ebu ʿAmr“. EI2 (İng.). I, 105-106;
  12. Tayyar Altikulaç. „Ebû Amr b. Alâ“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 94-96.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.