Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Saraxsiy
Ushbu sahifani Muhammad as-Saraxsiy bilan birlashtirish taklif etiladi. (munozara) |
Shamsulaimma Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Sahl as-Saraxsiy — (1010-yil, Saraxs — 1093/94-yil, Balx) — xurosonlik alloma va muhaddis, islomshunos-faqih.
Shamsulaimma as-Saraxsiy | |
---|---|
Shamsulaimma Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Saxd as-Saraxsiy | |
Tavalludi |
1010-yil Saraxs shahri |
Vafoti |
1093/1094-yil Balx shahri |
Istiqomat joylari | Saraxs, Buxoro, Samarqand, Balx |
Fuqaroligi | Qoraxoniylar davlati |
Kasbi | islomshunos-faqih |
Sohasi | fiqh |
Dini | islom |
Tarjimayi holi
tahrirBuyuk faqih, kalom ilmining ustozi, alloma, avliyo Shamsulaimma Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Sahl as-Saraxsiy 1010-yil Xurosonning Saraxs shahrida tug‘ilib, 1093/1094-yilda vafot etgan. Bu vaqtda Movarounnahrda qoraxoniylar (927—1212) sulolasi hukmronlik qilardi. U bolaligidan ilmga qiziqqan va o‘tkir zehnli bo‘lgan. Saraxsda boshlang‘ich diniy ta’limni olib, Qur’oni karimni to‘liq yod olgan, hadis, sarf-u nahv (grammatika), balog‘at ilmlarini egallagan. Keyinchalik u Movarounnahrning turli shaharlarida, jumladan, Samarqand va Buxoroda ilmini takomillashtirgan.
Tarixiy manbalarda yozilishicha, Hazrat Saraxsiy bir necha yil Buxoroyi sharifda yashab, buyuk faqih, avliyo, alloma Shamsulaimma Abu Muhammad Abdudaziz ibn Ahmad ibn Nasr Halvoniy al-Buxoriy (vafoti 448/1056—1057) fiqh, usuli fiqh, hadis, kalom, tafsir ilmlaridan dars olib, zamonasining yetuk fiqh olimi bo‘lib yetishgan. Shuning uchun unga Shamsulaimma (Imomlar quyoshi) unvoni berilgan va as-Saraxsiy shu nom bilan shuhrat qozongan[1]. Buxoro shahrida Saraxsiyon nomli guzar borligi haqida maʼlumotlar ham mavjud.
Imom as-Saraxsiy ko‘pgina asarlar yozdi. Raqiblari uyushtirgan fitnaga ishongan qoraxoniylar hukmdori Ibrohimxon uni Buxorodan O‘zgandga surgun qilib, qamoqqa olgan. „Masdak ul-asror“ kitobida yozilishicha, zindonda Saraxsiy biror kitobdan foydalanmay, birorta manbaga qaramay o‘n besh jilddan iborat „Mabsut“ asarlarini aytib turgan va uning eng yetuk shogirdlari Usmon ibn Ali ibn Muhammad al-Baykandiy asrni yozib olgan.
As-Saraxsiy hayotining oxirgi yillarini Balxda o‘tkazdi. Uning vafot etgan yili haqida turli ma’lumotlar bor. Balxlik Safiuddin al-Voiz al-Balxiy 1213—1214-yili yozilgan „Fazoili Balx“ (Balx fazilatlari) asarida alloma hijriy 486 (milodiy 1093—1094)-yili Balxda vafot etgani va Navbahor nomli qabristonga dafn qilingani, qabriga yozilgan sanani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini qayd etgan. Ayrim manbalarda esa as-Saraxsiyning Farg‘onada dafn qilingani yozilgan. Buxoro shahrida ham uning qadamjosi mavjud bo‘lgan.
Shogirdlari
tahrirAs-Saraxsiy qo‘lida bir necha shogirdlar „furu’ al-fiqh“ va „usul al-fiqh“ ilmini egallashgan. Burhoniddin al-Marg‘inoniyning ilk ustozi bobosi Abu Hafs Umar ibn Habib (vafoti 1141) bo‘lib, u as-Saraxsiyning iqtidorli shogirdlaridan bo‘lgan. Abu Bakr Muhammad ibn Ibrohim al-Hasiriy (vafoti 1106—1107), Abu Amr Usmon ibn Ali al-Poykandiy (1063—1158), Abu Muhammad Abdulaziz ibn Umar al-Moza (vafoti 1110—1111) kabilar as-Saraxsiy shogirdlari bo‘lishgan[2].
Asarlari
tahrir- „Kitob al-mabsut“ (Mufassal kitob).
- „Usul al-fiqh“ (Fiqh asoslari).
- „Sharh kitob as-Siyarul kabir“ („Katta siyrat kitobi“ning sharhi).
- „Ashrot as-soa“ (Qiyomat shartlari).
- „Sharh al-Kitob al-nafaqot li-l Xassof“ (Xassofning „Nafaqalar kitobi“ga sharh).
- „Sharh Adab al-qoziy“ li-l Xassof (Xassofning „Qozilik adabi“ga sharh).
- „Sharh al-Jom’e al-kabir“ („Katta majmua“ga sharh).
- „Sharh al-Jom’e as-sag‘ir“ („Kichik majmua“ga sharh).
- „Al-Favoid al-fiqhiyya“ (Fiqhga doir foydalar).
- „Kitob al-hayz“ (Hayz kitobi).
- „Sharh Muxtasar at-Tahoviy“ (Tahoviyning „Muxtasar“iga sharh).
Saraxsiyning buyuk faqih Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniyning „As-siyarul kabir“ kitobiga yozgan sharhi mashhur asar hisoblanadi. Shayboniyning „As-siyarul kabir“ asari jahondagi xalqaro huquq asosiy meʼyorlarini yoritib bergan dastlabki kitoblardan biri edi. Saraxsiyning sharhi tufayli ushbu nodir asar bizgacha yetib kelgan[3]. Majid Xaduriyning yozishicha, as-Saraxsiyning „As-siyarul kabir“ sharhi kitoblari 1825-yil Yevropada tarjima qilinib, nashr etilgandan so‘ng, olmoniyalik mashhur sharqshunos Hammer fon Purgshtal (1774—1856) buyuk Hasan ash-Shayboniyni islom Goratsiysi, deb ataydi.
Aslida ash-Shayboniy xalqaro huquqning barcha sohalari (xususiy va umumiy xalqaro huquq)qa tegishli juda ko‘p masalalar, ayniqsa, urush va tinchlik shartnomalarini tuzishda rioya qilinishi zarur bo‘lgan meʼyorlar, asirlar bilan qanday muomala qilish haqidagi normalarni Goratsiydan sakkiz yarim asr oldin o‘z kitobida mufassal yoritib bergan[4].
Manbalar
tahrir- ↑ Ҳожи Исматуллоҳ Абдуллоҳ. Марказий Осиёда Ислом маданияти. Қисқача маълумотнома. Тошкент: Шарқ, 2005 — 67-bet.
- ↑ Абдусатторов А. (2001). „Шамсулаимма ас-Сарахсий — буюк фақиҳ“. Имом ал-Бухорий сабоқдари. 2-jild.
- ↑ Sadriddin Salim Buxoriy. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. Buxoro: Durdona nashriyoti, 2012 — 291-bet.
- ↑ Abdulhakim Sharʼiy Joʻzjoniy. „Islom huquqshunosligi“, Toshkent, 2002 — 165-bet.