Andoza:Wikidata image

Abu Basiyr Utba ibn Asiyd ibn Joriya as-Saqafiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 628-yil (hijriy 6-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi sahoba

Abu Basiyr (arabcha: أبو بصير — Abu Basiyr Utba ibn Asiyd ibn Joriya as-Saqafiy) — sahoba.

Hudaybiya sulhi

tahrir

Kunyasi bilan mashhur bo‘lgan. Quraysh qabilasiga mansub bo‘lib, Bani Zuh­ra qabilasi ittifoqchilaridan bo‘lgan. Islomni qabul qilgani uchun qu­rayshlik­lar tomonidan Makkada hibs­ga olingan. Hudaybiya sulhidan so‘ng, Makkadan qochib Madinaga, Payg‘ambar yonlariga safar qilgan. Mushrik­lar Abu Basiyrni Hudaybiya shartnomasiga muvofiq o‘zlariga qaytarib berilishini talab qilib, Payg‘ambar oldilariga ikki kishini yuboradilar. Payg‘ambar Abu Basiyrga: „Biz Quraysh raislari bilan qochib keluvchilarni qaytarib berish haqida shartnoma tuzganmiz. Dinimizda ahdnoma shartlarini buzish yo‘q. Vaʼdasini buzuvchi va yolg‘on so‘zlovchilar, ishda xiyonat qiluvchilar bizdan emas. Bor endi, o‘z qavmingga qo‘shil. O‘z yurtingga qayt“, — deb, Alloh u va uning holatidagi musulmonlarga yaqin fursatda najot yo‘lini ko‘rsatishini aytadilar. Abu Basiyr dushmanga taslim bo‘lishni istamasa-da, Payg‘ambar va sulh shartlariga bo‘ysunishga majbur bo‘ladi.

Hibsdan qochishi

tahrir

Abu Basiyr bilan Makkaga ketayotgan ikki qo‘­riqchi Zul-Hulayfada taomlanish uchun to‘xtaydilar. Abu Basiyr qo‘riqchilardan biriga „Allohga qasamki, qiliching ajo­yib ekan“, deydi. Qo‘riqchi: „Qasamki, u haqiqatdan go‘zal va ajoyib. Men uni ko‘p marotaba ishda sinaganman“. Abu Basiyr „Uni menga ko‘rsat“, deydi. U ham qilichni Abu Basiyrning qo‘liga beradi. Abu Basiyr qilich egasini o‘z qilichi bilan o‘ldiradi, ikkinchi qo‘riqchi esa, Madinaga qochib ketadi. U Payg‘ambar oldilariga kelib: „Qasamki, mening sherigim o‘ldirildi, men ham o‘ldirilaman“, — deydi. Uning ortidan Payg‘ambarning yonlariga yetib kelgan Abu Basiyr holatni tushuntirib, Payg‘ambarning so‘zlariga kirib dushmanga taslim bo‘lgani, ammo keyin, ham joni, ham dinini dushman qo‘lidan qutqarganini aytadi. Payg‘ambar atrofdagilarga: „Qanday ham yomon odam! Agar uning oldida yana biri bo‘lganida, bizga urush eʼlon qilinardi“, deydilar. Bundan Rasululloh uni yana makkalik­larga qaytarishlari mumkinligini tushungan Abu Basiyr Qizil dengiz sohilidagi „Siyf al-bahr“ga qochadi. „Sahӣh al-Buxārӣ“da kelgan ushbu rivoyatdan farqli o‘laroq, al-Voqidiy Abu Basiyr o‘ldirgan kishisidan olgan o‘ljaning beshdan birini Payg‘ambarga taklif qilgani, biroq Ul Zot bu taklifni rad qilganlari hamda unga istagan joyiga ketishi mumkinligini aytganlari, Abu Basiyr Makka-Shom yo‘lida joylashgan Iysga borib joylashganini naql qilgan.

Qochoqlar

tahrir

Hudaybiya sulhi shartlariga muvofiq qurayshliklarga qaytarilgan Abu Jandal va boshqa musulmonlar Abu Basiyrning boshidan kechirgan voqealardan xabar topgach, mushriklarning qo‘lidan qochib, Abu Basiyr yoniga ketadilar. Yetmishta, baʼzi rivoyatlarga ko‘ra, yuzta yoki uch yuztani tashkil etgan mazkur qochoqlar qurayshning tijorat karvonlarini tunab, karvonboshilarni o‘ldirishni boshlaydilar. Natijada, makkaliklar tijorat karvonlariga tegmasliklari sharti evaziga o‘zlaridan Islomni qabul qilganlarni Hubaydiya sulhiga muvofiq Makkaga qaytarish shartidan voz kechganlari, Abu Basiyr va safdoshlarini Madinaga ketishlari mumkinligini aytadilar.

Vafoti

tahrir

Payg‘ambar „Siyf al-bahr“da qo‘nim topgan Abu Basiyr va uning safdoshlariga Madinaga qaytishlarini amr qiluvchi maktub yuboradilar. Biroq maktub u yerga yetib borganida Abu Basiyr o‘lim to‘shagida edi. U xatni qo‘lida tutgan holda vafot etadi. Abu Jandal va safdoshlari Madinaga qaytishdan oldin Abu Basiyrni o‘sha yerga dafn qilib, qabri yoniga masjid quradilar[1].

Adabiyotlar

tahrir
  1. Al-Voqidiy. Al-Mag‘āzӣ. II, 626-630;
  2. Ibn Hishom. As-Sӣra. III, 323-324;
  3. At-Tabariy. Tarӣx. II, 638- 639;
  4. Ibn Abdulbar. Al-Istӣ’āb. IV, 20-22;
  5. Suhayliy. Ar-Ravz al-unuf. VI, 492-495;
  6. Ibn al-­Asir. Usd al-g‘āba. VI, 35-36;
  7. Ibn Kasir. Al-Bidāya. IV, 176;
  8. Ibn Hajar. Fath al-Bārӣ. V, 411-414;
  9. Ibn Hajar. Al-Isāba. IV, 433;
  10. Köksal. İslâm Tarihi — Medine: VI, 248-256. M. Yaşar Kandemir. „Ebâ Basîr“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 101;
  11. Alixonto‘ra Sog‘uniy. Tarixi Muhammadiy. — T.: „Movarounnnahr“, 2017. 340-343.

Havolalar

tahrir
  1. https://www.posledniyprorok.info/29-peremirie-khudaibia (Wayback Machine saytida 2023-01-30 sanasida arxivlangan);
  2. https://www.islamstory.com/ar/artical/28375.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.