Abu Tolib Abdussalom al-Ma’muniy

arab xalifalari avlodlaridan bo‘lgan mashhur arab shoiri, qariyb o‘ttiz yil Buxoroda ijod qilgan qasidanavis, vasf janrining yetuk namoyondasi

Abu Tolib Abdussalom al-Ma’muniy (994-yilda vafot etgan) — arab xalifalari avlodlaridan bo‘lgan mashhur arab shoiri, qariyb o‘ttiz yil Buxoroda ijod qilgan qasidanavis, vasf janrining yetuk namoyondasi.

Abu Tolib Abdussalom al-Ma’muniy
Tavalludi maʼlum emas
Bag‘dod
Vafoti 994-yil
Buxoro
Taxallusi al-Ma’muniy
Ijod qilgan tillari arab
Fuqaroligi Arab xalifaligi, Somoniylar davlati
Yoʻnalish sheʼriyat
Janr madhiya va vasf

Hayoti va faoliyatiga oid manbalar

tahrir

Abu Tolib al-Ma’muniy haqida Abu Mansur as-Saolibiyning „Yatimat ad-dahr“ asarida ancha mukammal ma’lumotlar keltiriladi. As-Saolibiy o‘z asarida ikki shoir: al-Ma’muniy va al-Vosiqiyga butun bir bob: to‘rtinchi qismining uchinchi bobini ajratgan[1]. Bundan tashqari Al-Ma’muniy haqida al-Kutubiy, Ibn al-Asir („Al-komil fi-t-tarix“), V.V.Bartold va Y.E.Bertels asarlarida qisqacha axborot berilgan bo‘lib, bunda ular ham „Yatimat ad-dahr“ga suyanadilar.

Tarjimayi holi

tahrir

Abu Tolib al-Ma’muniy xalifa al-Ma’mun (823—833) avlodidan bo‘lib, yoshlik davrida baxtsizlik va turli hodisalar tufayli Bag‘dodni tashlab chiqib ketadi va Ray shahriga buvayhiylar vaziri, shoirlar homiysi Sohib ibn Abbod huzuriga keladi. Ibn Abbodga atab bir necha qasidalar yozadi. Vazir uning qobiliyati va ijodini yuksak baholab, shoirga yaxshi hurmat va iltifotlar ko‘rsatadi. Lekin ko‘p o‘tmay vazirning suhbatdoshlari orasida hasadchilar ko‘payib, al-Ma’muniyga qarshi ig‘vo va bo‘htonlar tarqatadilar. Uni shialikda ayblaydilar va Ibn Abbodga qarshi hajvlar yozgan deb tuhmat qiladilar. Shunday qilib, vazir bilan shoir orasi buziladi va al-Ma’muniy Rayni tashlab Nishopurga yo‘l oladi[2].

Nishopurdan lashkarboshi Ibn Simjur vositasida Buxoroga kelishga muvaffaq bo‘ladi. Buxoroda shoir vazir Ibn al-Utbiyga (977—986) bag‘ishlab bir necha madhiyalar yozadi. Vazir uni yaxshi qabul qilib, in’om va ehsonlarga ko‘mib yuboradi. Ibn al-Utbiydan keyingi vazirlar ham al-Ma’muniyga juda hurmat bilan qaraydilar, xazinadan nafaqa ajratib beradilar. Bunday hurmat va iltifotlardan mamnun bo‘lgan shoir mehnatsiz hayot kechirib, zamondosh bo‘lgan somoniy vazirlarga bag‘ishlab qasidalar to‘qiydi, ularni maqtab ko‘klarga ko‘taradi. U Buxoroda hijriy 383 (milodiy 994)-yili vafot etadi[3].

Al-Ma’muniy asosan ikki janrda: madhiya va vasfda ijod etgan va zamondoshlari orasida bu ikki janrning eng yirik namoyandasi hisoblanadi. U qasidago‘y shoir bo‘lsa ham, biz uchun ijodining ikkinchi tomoni muhim ahamiyatga ega. Vasfiy she’r janrida al-Ma’muniy bilan na fors-tojik va na arab shoirlaridan hech biri tenglasha olmaydi. „Yatimat ad-dahr“ga uning yuzga yaqin vasfiy she’rlari kiritilgan. Bularda turli mevalar, sabzavotlar, o‘sha vaqtda tayyorlanadigan har xil taomlar, tabiat hodisalari, uy jihozlari, o‘quv, yozuv qurollari va boshqalar tavsif qilinadi.

Manbalar

tahrir
  1. Абдуллаев И. Абу Мансур ас-Саолибий. Тошкент: Ўзбекистон, 1992 — 44-bet. 
  2. Абдуллаев И. Бухоронинг арабийнавис шоирлари. Тошкент: Фан, 1965 — 51-bet. 
  3. Абу Мансур ас-Саолибий. Китоб латоиф ал-маориф (Ажойиб маълумотлар ҳақида китоб). Тошкент: Фан, 1987 — 104-bet.