Abu Zayd Dabbusiy
Abu Zayd Dabbusiy — (978—1039 yillar) faqih, alloma bo‘lgan.
Abu Zayd Dabbusiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | faqih, alloma |
Abu Zayd Abdulloh ibn Umar ibn Iso Qoziy Dabbusiy Yirik huquqshunos olim Buxoroning yetti mashhur qozisi (quzoti sabʼa)dan biri, hanafiy mazhabining salohiyatli vakili va raisi bo‘lib, 367/978—yilda „Dabbusiya“ qishlogʻida tug‘ilgan. Abu Zayd Dabbusiy 63 yillik sermahsul hayotidan keyin 430/1039—yilda Buxoroda hayotdan koʻz yumib, Imom Abu Bakr Tarxon maqbarasi yaqinida dafn etilgan. Abu Zayd Dabbusiy fiqh ilmini ikki buyuk faqih — Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Buxoriy va Abu Bakr Jassosning shogirdi boʻlmish Abu Jaʼfar ibn Abdulloh Ustrushaniy (Astrushaniy)dan oʻrganib fiqh, usul, xilof, jadal va tasavvuf ilmlari boʻyicha iqtidorli olim darajasiga koʻtariladi. Allomaning ilmiy salohiyati va tengsiz isteʼdodi barcha olimlar tomonidan eʼtirof etilgan. „Vafayotu-l-aʼyon“, „Toju-t-tarojim“, „Javohiru-l-muziyya“ va „Favoidu-l-bahiyya“ kitoblarida zikr etilishicha, alloma har doim Buxoro, Samarqand shahrida mashhur va taniqli olimlar bilan munozara olib borgan.
Asarlari
tahrirAbu Zayd Dabbusiy hanafiy mazhabi boʻyicha qimmatli asarlar muallifi bo‘lib, bundan VIII yarim asr muqaddam „ilmu-l-xilof“ („xilof ilmi“) — islom huquqi boʻyicha qiyosiy huquqshunoslik faniga asos solgan. Abu Zayd Dabbusiy yozgan kitoblar quyidagilardan iborat: „Taʼsisu-n-nazar fi ixtilofi-l-aim-ma“ („Imomlarning ixtilofi haqidagi qarashlarini asoslash“), „Taqvimu-l-adilla“ („Dalillarni baholash“), „Kitobu-l-asror fi-l-usul va-l-furuʼ“ („Fiqh ilmi asoslari va tarmoqlari sirlari haqida kitob“), „Al-amadu-l-aqso“ („Eng olis maqsad“), „Xizonatu-l-hudo“ („Hidoyat xazinasi“), „Sharhu-l-jomiʼi-l-kabir“ („Jomiʼu-l-kabir sharhi“), „Al-anvor fi usuli-l-fiqh“ („Fiqh asoslarini ochuvchi nurlar“), „An-nuzum fi-l-fatovo“ („Fatvolardagi tartib qoidalar“), „Tajnisu-d-Dabbusiy“ („Dabbusiyning tartib va tasnifi“), „At-taʼliqa“ („Hoshiya“). Mazkur oʻnta asardan toʻrttasining (14) qoʻlyozma nusxalari turli kutubxonalarda mavjud b-b, ulardan baʼzilari qisman, birinchi va ikkinchisi mukammal holda nashr etilgan. Keyingi olti kitob manbalarda zikr etilgan boʻlsa ham bizgacha yetib kelmagan deb hisoblanadi. Abu Zayd Dabbusiy mazhab sohasida ijtihod va taxrij (hukmlarni manbadan chiqarib olish) salohiyatiga ega boʻlgan hurfikr olim bo‘lib, Oʻrta Osiyo faqihlari orasida oʻziga xos ilmiy uslubi va falsafiy tafakkuri bilan ajralib turgan va shuhrat qozongan. Abu Zayd Dabbusiy fiqh ilmi, hanafiy mazhabi takomili fanlar rivojiga katta hissa qoʻshdi va yuksak ilmiy ahamiyatga molik asarlar bilan oʻz nomini abadiyatga muhrlab qoldirdi. Abu Zayd Dabbusiyning fanga qoʻshgan hissasini usulu-l-fiqh, xilof ilmi, furuʼu-l-fiqh va tasavvuf sohalarida koʻrish mumkin. Abu Zayd Dabbusiy asarlari usul ilmi rivojida burilish yasadi, ayniqsa, „Taqvimu-l-adilla“ kitobida qiyos metodining imkoniyatlarini, unga tegishli barcha muhim va murakkab atamalar, qonunqoidalarni izohlab berdi. Ibn Xaldun bu olimning xizmatlarini bunday taʼriflagan: „Hanafiy imomlaridan Abu Zayd Dabbusiy qiyos boʻyicha barchadan koʻra keng koʻlamli as. yozdi, qiyosga tegishli boʻlgan barcha bahs-munozaralarga yakun yasadi. Shu yoʻsinda usulul fiqh ilmi mukammal darajasiga koʻtarilib, unga tegishli masalalar oʻz echimini topdi, qoidalari tartibga keltirildi“. Ibn Xaldun eʼtiroficha, hanafiy yoʻnalishida salaf (avvalgi) imomlar orasida eng yaxshi asar yozgan Abu Zayd Dabbusiy va xalaflar (keyingi davr olimlari) orasida esa Sayfu-l-islom Pazdaviy boʻlgan. Abu Zayd Dabbusiyning usul va xilof ilmlariga tegishli toʻrtta muhim asari bor. Ular — „Taqvimu-l-adilla fi usuli-l-fiqh“, „Taʼsisu-n-nazar“, „Kitobu-l-asror fi-l-usul va-l-furuʼ“ va „At-taʼliqa“. Abu Zayd Dabbusiy oʻz asarlari bilan ham Mashriq, ham Magʻrib musulmon olimlari asariga chuqur taʼsir oʻtkazgan alloma boʻlgan. Tadqiqotchilar xulosasiga koʻra, hanafiy mazhabining buyuk faqihi Ibn Nujaymga Abu Zayd Dabbusiyning taʼsiri, ayniqsa, katta boʻlgan. Bu taʼsir Ibn Nujaymning „Al-ashboh va-n-nazoir“ nomli qimmatli kitobi orqali XIX asarida usmoniylar davlatida amalga oshirilgan islohotlar natijasi boʻlmish „Majallai ahkomi adliya“, xususan, majallaning muqaddimasida berilgan 99 ta modda (fiqhiy qoida)da oʻz ifodasini topdi. Abu Zayd Dabbusiy bundan X yarim asr muqaddam „ilmu-l-xilof“, bugungi taʼbir bilan aytganda, „qiyosiy huquqshunoslik“ faniga asos solib, islom dunyosining, sharqu gʻarb olimlarining eʼtiboriga sazovor boʻlgan. Agar „qiyosiy huquqshunoslik“ XX asr oxirlariga kelib fan sifatida rivojlangani nazarda tutilsa, ulugʻ vatandoshimiz bundan X yarim asr oldin islomdagi huquqiy maktablar sohasida ushbu fanga asos solib, islom huquqi qonunlarini tizimlashtirganining ahamiyati nechogʻli ekani ayon boʻladi[1].
Adabiyotlar
tahrir- „Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi“; Samarqand:Imom Buxoriy xalqaro markazi 2018.
Manbalar
tahrir- ↑ Абдуллоҳ Абдулҳамид Саад. Ўрта Осиё олимлари қомуси. – Б. 159; Ёқут Ҳамавий. Муъжаму-л-булдон. Ж.2. – Б. 499; Самъоний. Ал-ансоб. Ж. 2. – Б. 454; Умар Ризо Каҳҳола. Муъжаму-л-муаллифийн. Ж.3. – Б. 265; Ўзбекистон – буюк алломалар юрти. – Б. 245.
Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |