Abu al-Atahiya
Abu al-Atahiya (748–828), toʻliq ismi Abu Ishoq Ismoil ibn al-Qosim ibn Suvayd Al-Anziy, „Yangilanish davri“ arab adabiyotining shoirlaridan biri hisoblanadi. Abu al-Atahiya arab sheʼriyatidagi falsafiy-asketik yoʻnalish asoschisi. U falsafiy lirikada eng taniqli arab faylasuf shoiri al-Maʼarriy ijodiga turtki boʻlgan.
Hayoti
tahrirAbu al-Atahiya Kufa yaqinida sartarosh oilasida tugʻilgan va bolaligida kulolchilik buyumlarini sotish bilan shugʻullangan. Abu al-Atahiyaning erta namoyon boʻlgan shoirlik isteʼdodini barcha tan olgan va u hayotining aksariyat qismini Bagʻdodda xalifalar al-Mahdi, Horun ar-Rashid va al-Maʼmunning saroy shoiri sifatida oʻtkazgan. Abu al-Atahiya sheʼriyatining diniy taqvoga toʻla va nafsni tiyishga chaqiruvchi umumiy yoʻnalishi Bagʻdodning abbosiylar xalifalik hokimiyatining obroʻsini mustahkamlashga intilayotgan saroyda qoʻllab-quvvatlandi. Shu bois, shoir shialarga xayrixoh boʻlishiga qaramay, abbosiylar xalifalarining eʼtiborini qozongan. Abu al-Atahiya 828-yilda Bogʻdodda vafot etgan.
Ijodi
tahrirAbu al-Atahiya ijodiy yoʻlining boshida oʻz muhabbat iztiroblarini kuylashga butunlay oʻzini baxshida qilgan lirik shoir sifatida namoyon boʻladi. Biroq asta-sekin uning hijroni oʻrnini tushkunlik egallaydi va ishqiy lirikaning oʻrniga tafakkur keladi. Abu al-Atahiya lirik sheʼriyatining alohida janri – zuhdiyatning otasi hisoblanadi. Arabcha "zuhdiyat" termini („zuhd“ – „tiyilish“, „tarkidunyochilik“ soʻzidan) ushbu janrning mazmunini qisman ifodalaydi, chunki hayot lazzatlaridan voz kechish mavzusi mazkur janr asarlarining asosiy gʻoyasi emas.
Arablar zuhdiyatga avvalo mungli, marsiyaga oid va ayni vaqtda taqvo xususiyatiga ega boʻlgan, dunyodagi butun hayotning oʻtkinchiligiga doir tushkun fikrlar, baʼzan esa ijtimoiy adolatsizliklarni tanqid qilishni kiritadilar. Ehtimol bu janr, bir tomondan, nasroniylikning, boshqa tomondan, hind va yunon diniy-falsafiy taʼlimotlarining taʼsirida shakllangandir. Ayni vaqtda falsafiy-asketik yoʻnalish qadimgi arab sheʼriyatida ham anʼanaga ega boʻlib, islomgacha boʻlgan shoirlar Imru ul-Qays, Tarafa, Zuhayr va Labid kabilarning ijodida ham dunyoning bevafoligi haqidagi qaygʻuli fikrlarni uchratish mumkin. Ammo maxsus janr – falsafiy-elegik lirikaning yaratilishi Abu al-Atahiya nomi bilan bogʻliq. Abu al-Atahiyaning xalifalik poytaxtida hukmron boʻlgan fahshni fosh etuvchi diniy sheʼriyatida saroy axloqi, bilvosita boʻlsa-da, yetarlicha qattiq tanqid qilgan.
Abu al-Atahiya devonining kattagina qismini madhiyalar tashkil qiladi. Ammo ushbu anʼanaviy janrda ham shoirning mahorati seziladi. Uning tavsiflari choʻzilib ketmagan, maqtovlari esa didsiz tilyogʻlamalikka oʻtmagan. Uning hajviyalari ehtiyotkor boʻlib, avvalgi shoirlardan farqli oʻlaroq, ularda ortiqcha qoʻpollik yoʻq.
Abu al-Atahiyaning Otbaga bagʻishlangan ishqiy gʻazallari ayniqsa goʻzal. Ularda shoir Umar ibn Abu Rabi’a yoʻnalishini davom ettiradi. Biroq Umar ibn Abu Rabi’a, Bashshar ibn Burd va Abu Nuvas gʻazallaridan farqli ravishda, uning muhabbat haqidagi sheʼrlari iboli va har qanday bachkinalikdan xolidir. Koʻpincha uning gʻazallari madhiyalarining kirish qismi boʻlgan, xolos. Shoir ijodida uning baʼzan badiiy shaklga kirgan diniy daʼvatlar yoki hayot mazmuni va kelajak oxir zamon haqidagi falsafiy oʻy-xayollarni eslatuvchi zuhdiyati asosiy oʻrin egallagan.
„Yangilanish davrining“ boshqa shoirlari singari Abu al-Atahiya sheʼriy shakl novatori boʻlgan. U har qanday balandparvozlik, dabdaba va sunʼiylikni rad etib, sheʼriy taqlidchilik va turli sheʼriy fokuslarga qarshi chiqqan. U sxolastlar va grammatiklarning gʻazabini qoʻzgʻatishini bilsa ham, „har qanday vazndan ustun ekanligini“ aytib, anʼanaviy vaznlarni buzgan.
Foydalanilgan adabiyotlar
tahrirMumtoz arab adabiyoti. Ziyovuddinova Muxlisa. Toshkent, 2011 – 80 bet.
Abu al-Ataxiya // Bolshaya sovetskaya ensiklopediya : [v 30 t.] / gl. red. A. M. Proxorov. – 3-e izd. – M. : Sovetskaya ensiklopediya, 1969—1978.