Aerofotosuratga olish
Aerofotosuratga olish — samolyot, vertolyot, Yer sunʼiy yoʻldoshi yoki raketalarga joylashtirilgan maxsus aerofotoapparat yordamida joyning fotosuratini yuqoridan olish va shu fotosuratlar yordamida joyning plani va geografik xaritani tuzish. Aerofotosuratga olish joyning baʼzi tafsilotlarini yoki inshootlarning fotosuratlarini olib, soʻngra tayyor xaritasiga tushirish uchun ham qoʻllanadi. Baʼzan, Aerofotosuratga olishning vazifasi faqat joyning tutgan oʻrni chegaralarini aniqlash bilan cheklanadi (kontur Aerofotosuratga olish), baʼzan topografik oʻlchashlar natijasida olingan relef haqidagi maʼlumotlar Aerofotosuratga olish yordamida olingan xaritaga tushiriladi (murakkab kombinasiyalangan Aerofotosuratga olish). Aerofotosuratga olish vositasida xarita tuzib, fotogrammetrik oʻlchashlar natijasida relyefni shu xaritalarga tushirish ham mumkin (fotogrammetriya). Uchish, fotosurat olish va tayyor fotosuratlarni oʻlchash natijasida joyning plani — xaritasi tuziladi. Aerofotosuratga olish topografik xaritalar tuzishda, geologiya, tuproqshunoslik tadqiqotlarida, oʻrmonchilik va yer tuzish ishlarida, yoʻl va yer gidrotexnika inshootlari qurish, harbiy ish va boshqalarda qoʻllanadi. Aytib oʻtilgan ishlarda qoʻllanadigan Aerofotosuratga olishning eng muhim qismi olingan fotosuratlarda joyning hamma tafsilotlarini topa bilish (deshifrlash — shifrni echish) va ularni xaritaga aniq tushirishdir. Aerofotosuratga olish qaysi sohada ishlatilishiga qarab, fotosuratdagi tafsilotlarni aniqlash — topografik, gidrotexnik, gidrogeografik deshifrlash turlariga boʻlinadi. Harbiy maqsadda olib borilgan deshifrlash dushmanning mudofaa tizimini aniqlash, uning kommunikasiyam, aerodromlari va kechuv joylarini oʻrganishdan iborat. Bundan tashqari, harbiy ishda yerdan turib aniqlab boʻlmaydigan obyektlar (narsalar)ning koordinatalari topiladi[1].
Manbalar
tahrirHavolalar
tahrir- http://www.paramotors.ru/services_foto.php (Wayback Machine saytida 2010-12-30 sanasida arxivlangan)
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |