Afrikashunoslik — Afrika xalqlarining tarixi, urf-odatlari, mintaqaning ijtimoiy, iqtisodiy tuzumi, tillari, siyosati, iqtisodiyoti, madaniyati va undagi siyosiy jarayonlarni oʻrganadigan fan. Afrika va uning xalqlari toʻgʻrisidagi baʼzi maʼlumotlarni Movarounnahr xalqlari qadimdan bilganlar. Afrika qitʼasini Muhammad Muso Xorazmiy (IX asr) oʻzining „Surat ul-arz“ („Yer shakli“) asarida tilga olgan. Afrikadagi xalqlar, ularning urf-odatlari, mashgʻuloti va boyliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar dastlab ensiklopedist olimlardan Ahmad Fargʻoniy asarlarida, Abu Rayhon Beruniyning „At-Tafhim“ („Tushuntirish“), „Qonuni Mas’udiy“, nomaʼlum muallifning „Hudud ul-olam“ („Olam chegaralari“, X asr), Mahmud Koshgʻariyning „Devo-nu lugʻotit turk“ (XI asr, uchinchi jild), Muhammad Najib Bakronning (XII asr) „Jahonnoma“ va boshqa asarlarda uchraydi. Beruniy chizgan dunyo xaritasida Afrika qitʼasining ham shakli bor. Afrikaning tabiiy boyliklari va xalqlari toʻgʻrisidagi mufassalroq dalillarni biz Hofizi Abru (1361-1430)ning jugʻrofiy asarlarida, Mahmud ibn Valining „Bahr ul-asror“ („Sirlar dengizi“) asarida koʻp uchratamiz. Afrikashunoslik borasida Rossiya Fanlar Akademiyasi 1959-yilda tashkil etgan Afrika institutida yirik ilmiy ishlar olib boriladi. Tadqiqotlar yoʻnalishi quyidagicha: ishlab chiqarish kuchlari, oʻlkashunoslik, sivilizatsiya muammolari, xalqaro va Afrika mamlakatlariaro muammolar, ijtimoiysiyosiy jarayonlar, „islom omili“, xotin-qizlar masalalari, mintaqadagi ilm-fan, taʼlim, moliya-kredit munosabatlari. Mazkur institut jahondagi eng yetakchi ilmiy dargoxlardan boʻlib, oʻzining „Afrikanskiy roʻnok“ („Afrika bozori“) jurnalini, referativ toʻplamlar, kichik ensiklopediyalar, maʼlumotnomalar nashr etadi va „Aziya i Afrika segodnya“ („Osiyo va Afrika bugun“), „Vostok“ („Sharq“) jurnallarida Afrikaga oid muammolarni tadqiq va tahlil qiladi. Afrika tillarini oʻqitishda afrikalik olimlar, mutaxassislar ham hissa qoʻshib kelmoqda. Gʻarb olimlari Afrikaning siyosiy va iqtisodiy masalalarini, undagi siyosiy jarayonlarni oʻrganib keng tahlil etdilar, ilmiy monografiyalar nashr etdilar. Xususan, ingliz olimlari Kravford Yuong, Jon Rayt, Martin Kramer, Jonaxan Birman, Rayt Ferst, Lillian K. Harris, fransuz olimlari Daniyel S. Papplarning nomlarini taʼkidlash oʻrinlidir. Oʻzbekiston olimlari 60-80-yillarda eng avvalo Afrika xalqlarining milliy-ozodlik harakati bilan bogʻliq masa-lalarni tadqiq etgan boʻlsa, 90-yillarda esa ushbu mintaqaning dolzarb hayotiy muammolarini oʻrganmoqda. 80-yillarda Afrikaning turli muammolari boʻyicha bir necha oʻzbek olimlarining maqola, risola va monografiyalari chop etildi, nomzodlik dissertatsiyalari yoqlandi. Hozirda oʻzbekistonlik afrikashunos olimlar Afrikaga taalluqli siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, mafkuraviy, harbiy masalalarni tadqiq etmoqdalar. 1991-yilda tashkil topgan Toshkent davlat sharqshunoslik institutida talabalar Afrika mamlakatlari tarixi, iqtisodi, ichki va tashqi siyosatini oʻrganmoqdalar, Afrikashunoslar sohasida mutaxassis boʻlib yetishmoqdalar. A.ga, shuningdek OʻzMU da, Strategik va mintakalararo institutida qisman eʼtibor qaratilmoqda. Milliy mustaqillik sharoitida Oʻzbekiston-Afrika munosabatlari bir maromda rivojlana bormoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Afrikaning Misr, Liviya, Mali, Marokash, JAR, Mozambik, Jazoir, Tunis, Botsvana, Sudan, Efiopiya, Jibuti, Gvineya, Gabon, Benin, Ekvatorial Gvineya, Zambiya, Nigeriya, Gana, Chad, Kabo-Verde va boshqa mamlakatlari bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatdi. Oʻzbekiston Respublikasining Afrika mamlakatlari bilan siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, madaniy aloqalari yangicha ahamiyat kasb etmoqda. 1968-yildan beri Toshkentda xalqaro kinofestivallar, birgalikda sport musobaqalari oʻtkazilyapti. Ad.: Ziyadullayeva L., Problemi sosialno-ekonomicheskogo razvitiya osvo-bodivshixsya stran, T., 1986; Novikova O. B., Strani Tropicheskoy Afriki: nalogi, strategiya razvitiya i ekonomicheskiy rost, M., 1991. Giyasov B. T., Xosni Muborak — politik i diplomat, T., 1998; Rahmonov D. N., Afrika — Osiyo qitʼalaridagi ni-zoli vaziyatlar va umuminsoniy omillar, T., 1993. Bobur Gʻiyosov.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil