Afrosiyob devoriy rasmlari – Afrosiyobda arxeologik qazilmalar natijasida topilgan mahobatli rangtasvirning noyob namunalari. Dastlabki namunalari arxeolog V. Vyatkin tomonidan ochilgan (1913-yil). Keyingi qazishlar davri (1965-68)da oʻzbek arxeologlari 30 ga yaqin saroy xonasini ochishga muvaffaq boʻlganlar, bu xonalarning koʻplari devoriy rasmlar, naqshlar bilan bezatilgan. Shulardan katta (11x11 m) va kichik (7x7 m) xonalardagi rasmlar birmuncha yaxshi saqlangan. Xonalardan birida erkak va ayol ark oldida oʻtirgan holda tasvirlangan. Katta xona devorlariga ishlangan rasmlar detallarga boyligi, saqlanib qolgan sugʻd yozuvlari bilan ahamiyatli. Xona devorlariga ishlangan rasmlarda toʻy marosimi, Sugʻd hukmdorining xorijiy davlatlarning elchilarini qabul qilishi, bu elchilarning yoʻldagi sarguzashtlari, yirtqich hayvonlar bilan olishuv, ov manzaralari, afsonaviy mahluqlar tasvirlangan. Saqlanib qolgan rasmlar tahlili oʻrta asr mahobatli tasviriy sanʼatining gʻoyaviy badiiy yoʻnalishi, rassomning ish usullari va vositalari haqida, tafsilotlarga boy maishiy sahnalar, etnik koʻrinishlar oʻsha davr haqida fikr yuritish imkonini beradi. Rassom devorni 3 qismga boʻlib, 2 chetki qismidan ensiz naqsh hoshiyasi ajratib olgan, asosiy qismga mavzuli tasvir ishlagan, voqealarni yuqoridan kuzatayotganday aks ettirgan. Afrosiyob devoriy rasmlari yagona bir mazmunga boʻysundirilgan: markazda sugʻd hukmdori Varxumon turadi, anʼanalarga koʻra rassom uni boshqalarga nisbatan yirik koʻrinishda (butun devor balandligida, 5-6 m) tasvirlab, hukmdorning buyukligini eʼtirof etadi, unga abadiylik, qahramonlik baxsh etadi. Afrosiyob devoriy rasmlari Oʻrta Osiyoda arablar istilosiga qadar mahobatli rangtasvirning rivojlanganligini, Samarqand uning markazi boʻlganligini koʻrsatadi.

Adabiyotlar

tahrir

Pugachenkova G. A., Rempel L. I., Ocherki iskusstva Sredney Azii, M., 1982.

 
Janubiy devor
Ixshid Varxumon boshchiligida oʻzidan oldingi Shishpir sharafiga dafn marosimi[1]

Manbalar

tahrir
  1. Baumer, Christoph. History of Central Asia, The: 4-volume set (en). Bloomsbury Publishing, 18 April 2018 — 243-bet. ISBN 978-1-83860-868-2. 

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil