Aholi harajatlari — aholining tirikchilik oʻtkazish uchun qilgan pul sarflari; aholi pul daromadlarining ishlatilishi. Aholining pul daromadi uning ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi. Daromadlar isteʼmol tovarlari va xizmatlarni xarid etish, turli toʻlovlarni toʻlash, jamgʻarma hosil etish uchun sarflanadi. Aholining obʼektiv chegarasi daromad boʻlsa, uning subʼektiv chegarasi daromad egasining didi, erki, nimani afzal koʻrishidir. Shu tufayli daromad bir xil boʻlsada, harajatlar tarkibi turlicha boʻladi. Daromad qanchalik koʻp boʻlsa, oziq-ovqat uchun sarflar qisqarib, sanoat mollari va xizmatlarni xarid etish harajatlari, chunonchi, uzoq muddat xizmat qiluvchi qimmatbaho tovarlar xaridiga pul koʻproq sarflanadi. Shu jihatidan aholi turli toifalarining harajatlari bir-biridan farqlanadi. Kambagʻal oilalarda ovqatlanish harajati ustivor boʻlsa, toʻq va boy oilalarda kiyinish, dam olish, sayohat qilish, qimmatbaho tovar xarid etish sarflari ustun turadi. Iqtisodiyoti rivojlangan va xalqi farovon yashaydigan mamlakatlarda aholining oziq-ovqat uchun sarflari qisqarib, minimal darajaga tushadi. Oʻzbekistonda bozor iqtisodiyotiga oʻtish davrida Aholi tarkibida oʻzgarishlar paydo boʻldi. Aholi harajatlarida oziq-ovqat sarflari bilan bir qatorda, nooziq-ovqat tovarlarini xarid etish, pul jamgʻarish va qimmatbaho qogʻozlarni orttirishga qaratilgan harajatlar ham kuzatiladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil