Ajziy (taxallusi; asl ismi Saidahmad Hasanxoʻja oʻgʻli Siddiqiy) (1864 — Samarqand — 1927) — maʼrifatparvar shoir, tarjimon. Milliy uygʻonish davrining yirik vakillaridan biri. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi (1926). Ajziy 1864-yil Samarqand viloyatining Jomboy tumani Halvoyi qishlogʻida hunarmand oilasida tavallud topdi. Yoshligida otasi vafot etib, bobosi qoʻlida voyaga yetdi. Yangasi qoʻlida savod chiqardi. “Uning ajdodlari asli turkistonlik xo‘jalardan bo‘lib, XV asrning o‘rtalarida hukmronlik qilgan Abu Said Mirzo davrida Samarqandga ko‘chib kelgan edi. Bo‘lajak mutafakkirning yoshligida otasi Hasanxo‘janing vafotidan so‘ng onasi uni soatsoz ustaga shogirdlikka beradi. Usta tabiatan ancha xasis odam bo‘lgani sababli Saidahmad nihoyatda qiynalgan, turmushning og‘ir damlarini o‘z boshidan kechirdi. U bu haqda o‘z tarjimai holida batafsil bayon qilgan edi".

Samarqand, Buxoro madrasalarida oʻqigan. arab, fors, ozarbayjon tillarini mukammal bilgan. Keyinroq rus tilini ham oʻrgangan. 1901-1903-yillarda Kavkaz, bir qator Arab mamlakatlari va Rossiyaga sayohat qilgan. Jiddada maʼlum muddat rus elchixonasida tarjimon boʻlgan. Samarqandga qaytgach, shahar yaqinidagi Halvoyi qishlogʻida yangi usuldagi maktab ochib, oʻqituvchilik qilgan. Lev Tolstoy hikoyalarini, Krilov masallarini, Gogolning „Shinel“ povestini oʻzbek va tojik] tillariga tarjima qilgan (1908-1910). Darslik yozib, tarjimalaridan namunalar kiritgan.xozirgi kunga kelib jadidning avlodlari Samarqand shahrida istiqomat qilishadi.

Ajziy 80-yillardan sheʼr yoza boshlagan. „Ayn ul-adab“ („Odob chashmasi“, 1916), „Ganjinai hikmat“ („Hikmat xazinasi“, 1914) kabi sheʼriy toʻplamlari, „Mir’oti ibrat“ („Ibrat oynasi“, 1914), „Anjumani arvoh“ („Arvohlar yigʻini“, 1912) dostonlari nashr qilindi. „Mir’oti ibrat“da Turkistonning oʻsha davrdagi fojiali ahvoli va undan qutulish choralari haqida bahs yuritgan. Ilm-fan, davlat, til, qonun — bularsiz hech bir millatning istiqboli yoʻq, bu toʻrt narsani qoʻlga kiritmagan millat halokatga mahkumdir, deydi. „Anjumani arvoh“da esa xonlikdagi turgʻunlik tanqid qilingan. Sheʼrlari chuqur falsafiy mazmuni, ijtimoiy-siyosiy mushohadalari, Fuzuliy va Bedilona uslubi bilan ajralib turadi. U milliy uygʻonish davrining barcha shoirlari singari keng ommani maʼrifatga boshlash, haq-huquqini anglatishni adabiyotning bosh mavzui deb bildi. Ajziy 1917-yil fevral inqilobidan keyin ijtimoiy harakatda bevosita ishtirok etdi. 1918-1921-yilda Viloyat Adliya komissari lavozimida ishladi. 1922-yildan yana oʻqituvchilikka qaytgan. Samarqandda oʻzbek va tojik tillaridagi „Mashrab“, „Mulla Mushfiqiy“ kabi hajviy jurnallarni, „Zarafshon“ gazetani chiqarishda faol ishtirok etgan. „Mayna“, „Ginagina“, „Shashpar“, „Tir“, „Gumnom“, „Olmos“ imzolari bilan hajviy asarlar yozgan. Ularda shoʻro tuzumida yuz berayotgan oʻzgarishlarni xushlamaslik, kelajakdan xavotirlanish kayfiyatlari seziladi. 1903-yilda Halvoyi qishlogʻida shoirning oʻzi qurdirgan maktab hali ham bor, hozir uning nomida.

U 1890-yillarning oxirida Makkaga boradi. 1900-yilda Rusiyaning Jiddadagi elchixonasida tarjimonlik qilgan. Shoir 1901-yilda ona yurtiga qaytadi va yangi tipdagi maktab ochadi. U keng ommani maʼrifatga boshlash, haq-huquqini anglatishni adabiyotning bosh mavzui deb bildi. Millatni oʻz ahvolini anglashga, dunyo bilan barobar yashamoqqa chaqirdi. Siddiqiy 1919-yilda Samarqand viloyati adliya boʻlimi mudirining oʻrinbosari, keyinroq esa boʻlim mudiri boʻlib ishladi. 1922-yilda yana asl kasbi muallimlikka qaytdi. 1927-yilda esa vafot etdi.

Shoir adabiy merosi professor Begali Qosimov tomonidan toʻplab, nashr qilingan. „Ayn ul-adab“ („Odob koʻzi“, Samarqand, 1916, oʻzbekcha), „Ganjinai hikmat“ („Hikmat xazinasi“, Samarqand-Toshkent, 1914, tojikcha) sheʼriy toʻplamlari, „Mir’oti ibrat“, „Anjumani arvoh“ kabi poemalari, publitsistik maqolalari, Gogol „Shinel“i tarjimasi, hikoyalari ijodining serqirraligidan dalolat beradi.

Sheʼrlari Kavkazda „Mulla Nasriddin“, „Dirilik“ jurnallarida bosilgan.

Nashr qilingan asarlari

tahrir
  • Siddiqiy-Ajziy. Tanlangan asarlar. T., 1973.
  • Ajziy. Mir’oti ibrat. Toʻplamda: Milliy uygʻonish. T., 1993, 96-107 betlar.
  • Ibrat, Ajziy, Soʻfizoda. Tanlangan asarlar. T.: Maʼnaviyat, 1999.

Adabiyot

tahrir
  • Vadud Mahmud. Turk shoiri Ajziy. Milliy uygʻonish. Toʻplam. 1993.
  • Tursunqul (Rahim Hoshim). Siddiqiy toʻgʻrisida mulohazalar. Yuqoridagi toʻplam, 86-95 betlar.
  • Qosimov B. Maslakdoshlar (Behbudiy, Siddiqiy-Ajziy, Fitrat). T., 1994.

Manbalar

tahrir
  • Siddiqiy — Ajziy, Tanlangan asarlar, T., 1973