Amr ІІІ ibn Al-Munzir III – „Amr ІІІ ibn Hind“ nomi bilan ham mashhur boʻlgan, Laxmiylar sulolasi vakili va Hira davlatini 554—569/570-yillarda boshqargan podshoh. Amr III arab qabilalariga nisbatan qilgan harbiy yurishlari va zulmi bilan mashhur. Ayni vaqtda, u shoirlar va madaniyatga homiyligi bilan ham tanilgan[1].

Amr III ibn Al-Munzir III
Laxmiylar (Hira) davlati podshoh, malik
Hukmronligining boshlanishi: 554-yil
Hukmronligining tugashi: 569/570-yillar
Boshqa titullar:Amir ibn Hind (arablar orasidagi mashhur laqabi)
Oʻtmishdosh: Al-Munzir III ibn Imru ul-Qays III
Voris:Qobus ibn Al-Munzir III
Tugʻilgan sanasi: VI asr
Tugʻilgan joyi:Hira, Markaziy Arabiston, hozirgi Saudiya Arabistoni
Vafot sanasi:569/570-yillar
Vafot joyi:Hira
Sulola:Laxmiylar sulolasi
Otasi:Al-Munzir III ibn Imru ul-Qays III
Onasi:Hind binti Al-Horis ibn Amr ibn Hujr Okil al-Murror

Amr ibn Hind

tahrir

Al-Munzir ІII ning oʻgʻli Amr ІІІ koʻproq onasiga nisbat qilingan holda Amr ibn Hind laqabi bilan tanilgan. Uning onasi Hind Kinda podshosi Al-Horis ibn Amrning qizi, Johiliya davrining eng mashhur shoiri Imru ul-Qaysning ammasi boʻlgan[2].

Sheʼriyatga homiylik

tahrir

Amr III paytida Hira arab adib va shoirlarining muhim markaziga aylandi. Uning saroyini Tarafa, Amr bin Qulsum, Al-Horis bin Hilza kabi mashhur shoirlar ziyorat qilganlar va oʻz sheʼrlarida tarannum qilganlar[3].

Arab qabilalari bilan urushlar

tahrir

Tagʻlib bilan urush

tahrir

Amr III 554-yili otasi Al-Munzir III ibn Imru ul-Qays oʻldirilgach Hira taxtiga oʻtiradi. Amr III gʻassoniylardan „Halima kuni“da oʻldirilgan otasining qasosini olishni istab, banu Tagʻlib qabilasidan yordam soʻragan. Ammo ular rad javobini berganlaridan gʻazablangan Amr III boshqa arab qabilalaridan yollangan qoʻshin bilan Tagʻlib yerlariga bostirib kirib, ularning koʻpini qirib tashlagan[4].

Ikkinchi Avora kuni

tahrir

„Ayyom al-Arab“ rivoyatlaridan „Ikkinchi Avora kuni“ Amr III bilan bogʻliqdir. Unda aytilishicha, Amrning banu Tamim qabilasida kafillikda boʻlgan ukasi Asadni adashib oʻldirib qoʻyishadi. Shunda Amr tamimlardan 100 kishini qatl qilishga qasam ichib, Avora degan joyda ularni gulxanda yoqqan ekan[5].

Xristian diniga munosabat

tahrir

Amr III davrida laxmiylar sulolasi toʻliq xristian dinini qabul qilgan koʻrinadi. Oʻrta asr arab geograflari Yoqut al-Hamaviy va al-Bakriylar Amr III ibn Al-Munzirning onasi Hind binti Al-Horis qurdirgan cherkovni vasf qilib, unda shunday yozuv borligini qayd qilganlar: „Bu cherkov (bi’a)ni Malika, podshohlar qizi Hind al-Horis – podsho (malik) Amr bin al-Munzirning onasi, Iso Masih bandasining onasi va bandasining qizi ― usquf (yepiskop) Efroim zamonida qurdi“[6]. Hirada bu paytda xristian missionerlar juda faol harakat olib borganlari boshqa manbalardan ham maʼlum. Hind ularning daʼvatini qabul qilgani va oʻz oʻgʻliga taʼsir qilgani tahmin qilinadi. Hirada hukmronlik qilayotgan Laxmiylarning otashparast Sosoniylarga vassalligi, Sosoniylar Eronining xristian Vizantiya imperiyasi bilan dushmanligi sababli ham Amr III xristianlik dinini qabul qilganini oshkor qilmagan boʻlishi mumkin.

Vafot qilishi va vorislik

tahrir

Amr III ibn Al-Munzir nihoyatda zolim boʻlganligi va koʻp arab qabilalarini asoratda saqlaganligiga ishoralar bor. Deyarli hamma oʻrta asr arab manbalari yakdillik bilan Amrning oʻlimiga sabab boʻlgan, taxminan 569–570-yillarda yuz bergan voqeani keltiradilar. Bir kuni Amr III katta ziyofat qilib, unda mashhur shoir Amr bin Qulsumning onasiga oʻzining onasi Hind binti Al-Horisga xizmat qilishni buyuradi. Buni oʻziga haqorat deb bilgan Amr ibn Qulsum devorda osilib turgan qilichni olib, podshohning boshiga qilich bilan tushiradi. Bu voqeadan Amr III ibn Al-Munzir vafot etadi. Amrdan soʻng Hira hokimiyati yana zaiflashdi. Amr III ibn Al-Munzir vafotidan soʻng ukasi Qobus ibn Al-Munzir Laxmiylar davlati taxtiga oʻtiradi[7].

Manbalar

tahrir
  1. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. − Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 123-bet.
  2. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. − Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 123-bet.
  3. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. − Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 123-bet.
  4. Piotrovskiy M. B. Yujnaya Araviya v ranneye srednevekovye. Moskva, 1970. s. 24.
  5. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. − Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 124-bet.
  6. Piotrovskiy M. B. Yujnaya Araviya v ranneye srednevekovye. Moskva, 1970. s. 35.
  7. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. − Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 124-bet.