Al-Munzir ІІІ ibn Imru ul-Qays III – „Al-Munzir ІІІ ibn Mo us-samo“ deb ham atalgan, Laxmiylar sulolasidan boʻlgan, Laxmiylar (Hira) davlatida 505—554-yillar orasida hukmronlik qilgan podshohi. Al-Munzir ІІІ (505—554) Eronning Sosoniylar sulolasidan shohanshohlari Qubod I (488—531) va Xusrav I Anushirvon (531—579), Vizantiya imperatori Yustinian I (527—565), Gʻassoniylar davlati podshosi Al-Horis II bin Jabala (529—569)lar bilan zamondosh boʻlgan. Yarim asr davom etgan uning hukmronlik davri Hira davlatining bir necha bor yuksalishi va tushkunligi bilan xarakterlanadi. Aksariyat hollarda bunga sabab Hira atrofida vujudga kelgan tashqi muhit boʻldi[1].

Al-Munzir III
Laxmidlar (Hira) davlati podshoh
Hukmronligining boshlanishi: taxminan 505-yil
Hukmronligining tugashi: 554-yil
Oʻtmishdosh: Imru ul-Qays III
Voris:Amr III
Tugʻilgan sanasi: V asr
Vafot sanasi:554-yil
Vafot joyi:Qinnasrin
Turmush oʻrtogʻi:Hind binti Al-Horis
Farzandlari:Amr III ibn al-Munzir, Qobus ibn al-Munzir, Al-Munzir IV ibn al-Munzir
Sulola:Laxmiylar sulolasi
Otasi:Imru ul-Qays III
Onasi:Mo us-samo (asl ismi Maryam yoki Moviya)

Oilasi

tahrir

Imru ul-Qays III Nizor guruhidan boʻlgan Rabia qabilasi bilan kurashib, ulardan „Mo us-samo“ (arabcha „Osmon suvi“ degani) laqabli goʻzal qizni olib qochib, unga uylandi. Mo us-samoning asli ismi Maryam yoki Moviya boʻlib, undan Al-Munzir III ibn Mo us-samo laqabi atalgan Hiraning eng dongdor hokimlaridan biri Al-Munzir tugʻilgan[2]. Uning rafiqasi Kinda davlati podshosining qizi Hind boʻlgan. Uning Amr III ibn Al-Munzir, Qobus ibn Al-Munzir, Al-Munzir IV kabi bir qancha oʻgʻillari boʻlgan.

Eron va Kinda bilan aloqalar

tahrir

Dastlab, Al-Munzirning Mazdak taʼlimotiga munosabati Hira davlati uchun qimmatga tushdi. Mazdakiylar harakatining Eronda keng yoyilishi va uning yutuqlari shohanshoh Qubod I ning bu harakatga munosabati tufayli yuz bergandi. Qubod I mazdakiylardan Sosoniylar davlati zodagonlariga qarshi kurashda foydalanishga qaror qilgandi. Shohanshoh Munzirni ham Mazdak taʼlimotini qabul qilishga daʼvat qildi, ammo Munzir bunga koʻnmadi. Ayni vaqtda Markaziy Arabistonda vujudga kelgan Kinda davlatining hokimi Al-Horis bin Amr bu daʼvatni qabul qildi. Qubod I qoʻshin tortib kelishidan qoʻrqqan Munzir III poytaxti Hirani tashlab birmuncha muddat Anborda yashadi. Xuddi shu paytda Qubod Ining madadiga tayangan Al-Horis bin Amr Hira yerlariga bostirib kirib, uning katta qismini egalladi. Ammo bunday holat koʻpga choʻzilmadi. Eronda Qubod I oʻz maqsadiga erishgach, yaʼni zodagonlarning iqtisodiy va siyosiy qudratiga mazdakiylar yordamida zarba bergach, mazdakiylarning oʻziga qarshi kurasha boshladi[3]. Bunday siyosat Kinda hukmdori Al-Horis bin Amrni taʼsirini susaytirdi va tez orada Munzir III Hiradan kindiylarni quvib chiqarishga erishdi[4].

Vizantiya bilan janglar

tahrir

Munzir III Eron-Vizantiya urushlarida Eron tomonida turib bir necha janglarda qatnashdi. Vizantiya sarkardasi Velisariyning shimolda Armanistonda harakat qilayotganidan foydalanib, Munzir III Vizantiyaga qarashli Suriya yerlariga bostirib kirdi. 529-yili u Antioxiyagacha boʻlgan yerlarni taladi. Vizantiya imperatori Yustinian I oʻz vassali Gʻassoniylar davlati podshosi Al-Horis II bin Jabalaga murojaat qildi[5].

Gʻassoniylar bilan urush

tahrir

Gʻassoniylar va laxmiylar qoʻshini oʻrtasida bir necha toʻqnashuvlar yuz berdi. Bu janglar asosan Damashq va Tadmurni bogʻlab turgan „Strata“ deb atalmish harbiy yoʻl atrofida olib borildi. Aksariyat hollarda Munzirning qoʻli baland kelardi. Janglarning birida Munzir III Al-Horisning oʻgʻlini asir olib, shu zahotiyoq uni Al-Uzza ayol maʼbudiga qurbonlik qildi. Boshqa jangda u 400 rohiba ayollarni xuddi shu but sharafiga qurbonlik qilgani haqida maʼlumotlar kelgan. Nihoyat, ana shu urushlarning oxirida (554-yil) Qinnasrin yaqinida yuz bergan jangda gʻassoniylar podshosi hiyla ishlatib toʻla gʻalaba qozondi va Munzirni ikki oʻgʻli bilan birga qatl qildi. Bu jang arab tarixiy adabiyotida „Halima kuni“ nomini olgan. Undan keyin taxtga oʻgʻli Amr III ibn Al-Munzir oʻtirdi[6].

Manbalar

tahrir
  1. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. − Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 122-bet.
  2. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. − Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 122-bet.
  3. Shifman. Nadpis iz Ravvafi. S. 29-36.
  4. Piotrovskiy. Prorocheskoye dvijeniye. S. 19-20; Ali. Tarix al-Arab. V jild. 24-bet
  5. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. − Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 123-bet.
  6. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. − Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 123-bet.