Qal’a majmuasi — Andijon shahrida joylashgan istehkom, mustahkam mudofaa punkti. Chor Rossiyasi qoʻshinlarining harbiy istehkomi sifatida 1880-1881-yillarda barpo etilgan. 1980-yilda qayta taʼmirlangan. Ayni paytda bu yerda Andijon viloyat adabiyot va sanʼat muzeyining qoʻlyozmalar boʻlimi faoliyat olib bormoqda[1].

Andijon Qal'asi majmuasi
Andijon qal'asi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Tugallangan
Turi Chor Rossiyasi armiyasining polk shtab-kvartirasi
Joylashuvi Andijon shahri, Oʻzbekiston
Mamlakat Oʻzbekiston Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan 1880-yil
Qurilishi tugagan 1881-yil
Balandligi
Balandligi 10 metr
Binoning ichki maydoni 1,5 gektar
Dizayn va konstruksiya
Meʼmor A. I. Istomin

Tarixi

tahrir

1880-1881-yillarda Chor Rossiya harbiy qismi uchun mudofaa qoʻrgʻoni sifatida qalʼa meʼmorchilik yodgorligini qurilish ishlari olib borilgan. Majmuaning 10 metrdan ortiq balandlikka ega boʻlgan devorlaridan Andijon shahrini kuzatib turish qulay boʻlgan. Bu esa shu joydan turib isyonlarni oʻz vaqtida bostirish imkonini bergan. Qalʼaning umumiy maydoni oʻz vaqtida 1,5 gektar maydonni egallagan. Uning hududida qurol aslaha omborlari, oshxona, toʻpxonalar mavjud boʻlgan. Bundan tashqari, Chor Rossiya armiyasining Turkiston asosiy muntazam harakatdagi batalyonining 4- va 5-rotalari shu joyda joylashgan. Bu rotalarda esa 250 dan ziyod askarlar istiqomat qilishgan[2].

Qal’adagi quduq

tahrir

Qal’adagi harbiylarni toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida qurilgan quduqdan suv chiqmagan. Buning sababi, qalʼa joylashgan hudud yer sathidan ancha balandlikda joylashgani uchun quduqdan foydalanish imkoni boʻlmagan. Shu bois bu quduqqa qoʻzgʻolon paytida halok boʻlgan bir qancha askarlarning murdasi tashlab yuborilgan.

Qal’adagi zindon

tahrir

Zindon tor yoʻlak hamda ikki xonadan iborat boʻlib, aslida bu askarlar uchun gauptvaxta sifatida bunyod etilgan. Keyinchalik, asir olingan oʻzbek qoʻzgʻolonchilari uchun zindon vazifasini oʻtagan.

Qal’aga uyushtirilgan hujumlar

tahrir

1898-yil Chor Rossiyasi uchun xavotirli vaziyat boʻlgan Andijon qoʻzgʻoloni yuzaga keldi. Dukchi Eshon taxallusli asli kelib chiqishi mingtepalik boʻlgan Muhammadali Eshon boshchiligidagi milliy ozodlik harakati isyonchilari 17-maydan 18-mayga oʻtar kechasi qalʼadagi rus askarlariga qarshi hujum uyushtirishdi. Natijada 23 nafar rus askari oʻldirildi. Isyonchilar qalʼani zabt etishdi, ammo, rus armiyasi tomonidan uyushtirilgan qarshi xujum tufayli qalʼa yana qaytarilib olindi. Muhammadali Eshon va uning 18 nafar safdoshi boʻlgan qoʻzgʻolonchilar qalʼa maydonida osib oʻldirildi. 362 nafar qoʻzgʻolonchilar 4 yildan 20 yilgacha boʻlgan muddatdagi qamoq jazosiga hukm etildi. Yana koʻplari Sibirga surgun qilindi[3].

Shoʻro hukumati davridagi hujumlar

tahrir

1917-yil revolyutsiyasi paytida Andijondagi „Qal’a“da Chor Rossiyasi va Shoʻro hukumati oʻrtasida toʻqnashuv boʻlib oʻtdi. Uzoq vaqt davom etgan janglardan soʻng bolsheviklar gʻalaba qozondi.

Sovetlar hokimiyating ilk yillarida „Bosmachilik“ deb atalgan milliy ozodlik harakatlaridan shaharni himoya qilish uchun "Qal’a hududida sovetlar armiyasi gornizoni joylashtiriladi.

1919-yilning 19-27-sentabr kunlarida shaharni sovetlardan tozalamoqchi boʻlgan 7000 kishilik milliy ozodlik harakatchilari kommunistlarga qarshi jang olib borishdi. Bu toʻqnashuvda „Qal’a“ga mustahkam oʻrnashib olgan sovet gornizoniga madad kuchlari sifatida Fargʻonadan qoʻshimcha yordamga yetib keldi. Bunda sovetlar armiya otryadi va A. P. Kasolapov komandirlik qilgan Kaspiy flotining qozon polki katta yordam berdi[4].

Qal’aning keyingi ahvoli

tahrir

1937-yilgacha 'Qal’a"da davlat muassasasi va omborxona sifatida foydalanilgan. 1937-1938-yillarda qatagʻonchilar shtabi, II-jahon urushi vaqtlarida esa harbiy istehkomga aylantirilgan. 1960-yillardan keyin haydovchilar tayyorlash va sport komiteti faoliyat yurgizgan. 1985-1986- yillarda „Meʼmor“ maxsus taʼmirlash ustaxonasi tomonidan qayta taʼmirlandi[5].

Qal’aning bugungi ahvoli

tahrir

1985-1990-yillar oraligʻida „Qalʼa“ majmuasi hozirgi koʻrinishda qayta taʼmirlandi. Shundan soʻng yodgorlik sifatida foydalanilgan va viloyat oʻlkashunoslik muzeyining filiali sifatida faoliyat yuritgan. 1992-yildan Andijon viloyati adabiyot va sanʼat muzeyining qoʻlyozmalar, boʻlimi, 2004-yilga kelib tasviriy sanʼat boʻlimi sifatida faoliyat olib borgan.

Manbalar

tahrir
  1. „Qal’a majmuasi“. Qaraldi: 2023-yil 7-iyun.
  2. „Andijondagi qalʼa nimasi bilan ahamiyatli? (Foto)“. 2023-yil 9-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 7-iyun.
  3. „1898 йил: Дукчи Эшон қўзғолони“. Qaraldi: 2023-yil 7-iyun.
  4. „Қалъа меъморий ёдгорлиги“. ADOLAT MEZONI. 2018-03-29.
  5. "Қалъа" - меъморий ёдгорлиги“. Андижоннома. 2010-04-17.