Antiqa yuno
Antiqa yuno (lotincha: Juno magnifica) – gulsapsardoshlar oilasi, iris turkumiga mansub gulli oʻt oʻsimlik. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Samarqand viloyati Omonqoʻton togʻlari hududida uchraydi. Qoyalarda va mayda zarrali tuproqlarda oʻsishga moslashgan[1].
Antiqa yuno | |
---|---|
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Eukariotlar |
Tip: | Gulli oʻsimliklar |
Sinf: | Bir urugʻpallalilar |
Turkum: | Iris |
Oila: | Gulsapsardoshlar |
Binar nomi | |
Juno magnifica |
Tavsifi
tahrirBalandligi 25—40 sm ga yetadigan koʻp yillik, piyozchali oʻt oʻsimlik. Ildizi yogʻon, urchuqsimon, piyozi yaxshi rivojlangan. Piyozboshisi orqali vegetativ yoʻl bilan ham koʻpayadi. Poyasi yogʻon, barglari ketma-ket joylashgan. Barglarining shakli oʻroqsimon, och yashil rangda, yaltiroq, pastki qismidagi barglarining eni 3,5—5 sm. Gullari 3—7 dona. Gulqoʻrgʻon boʻlakchalari erkin, qoʻshilmagan, naychasining uzunligi 4,5—5 sm, yashil-binafsha rangda, ichki gulqoʻrgʻon bargchalari och binafsha rangda, uzunligi 22—27 mm. Changdonlari oqish. Gullari ikki jinsli, urug‘chibargi va changdoni bitta oʻsimlikda joylashgan. Gulning rangi, chiroyli tuzilishi, chandonlarining tuzilishi va nektari arilar hamda changlatuvchi hashorotlarni oʻziga jalb qiladi. Urug‘i yirik, gʻadir budir, sirti yaltiroq. Aprel may oylarida gullab, mevasi iyunda yetiladi. Mevasi uch boʻlakli ko‘sak, ichida koʻplab urugʻlar joylashgan. Urug‘i va piyozchasi orqali koʻpayadi.
Tarqalishi va oʻsish sharoiti
tahrirKichik kichik toʻplar hosil qilib oʻsadi. Samarqand viloyati Omonqoʻton togʻlari hududida uchraydi. Tog‘larning pastki qismidagi kichik zarrali tuproqlarda va qoyalarda oʻsadi. Urug‘lari va piyozchalarining yigʻib olinishi sababli soni kamayib ketgan. Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika bogʻida yetishtirilmoqda[2].
Manbalar
tahrir- ↑ „Juno magnifica“.
- ↑ O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.