Arxangelsk — shahar (1613-yilgacha Novoxolmogori), Rossiya Federatsiyasi Arxangelsk viloyati markazi. A. Rossiyadagi eng yirik dengiz va daryo portlaridan biri. Aholisi 410 mingdan ziyod (1999). Yirik temir yoʻl tuguni. A.ning asosiy qismi Shimoliy Dvina daryosining sohillarida va deltasidagi orollarda joylashgan. A. 1584-yilda bunyod etilgan, 1613-yildan A. deb atalgan. 1898-yilda A. bilan Moskva orasida temir yoʻl qurilgan. A. oʻrmon sanoati boʻyicha va yogʻoch-taxta eksport qilishda Rossiyada eng yirik shahar, unda oʻnlab taxta tilish, sellyuloza-qogʻoz kombinatlari, gidroliz kukuni zavodi bor. Kemasozlik va kema tuzatish sanoati rivojlangan. Mexanika zavodi, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati korxonalari va boshqa mavjud. A.da 3 oliy oʻquv yurti, 3 teatr, 2 muzey bor.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil