Ayubxon Muhammad (1907-1974) – Pokiston davlat va siyosat arbobi. Aligarxdagi (Hindiston) musulmonlar universitetini, soʻngra Sandxerstdagi (Angliya) Qirollik harbiy kollejini bitirgan. 1928-yildan harbiy xizmatda, Ikkinchi jahon urushida qatnashgan. 1951-yildan Pokiston armiyasi qoʻmondoni. 1954-1955-yillarda Mudofaa vaziri, 1956-1958-yillarda yana Pokiston armiyasi qoʻmondoni. Ayubxon 1958-yildagi davlat toʻntarishi natijasida hokimiyatni oʻz qoʻliga oldi. 1960-yildan Pokiston Islom Respublikasining Prezidenti. Hukmron „Musulmonlar ligasi“ partiyasining raisi (1963-yildan). Ayubxon 1966-yil yanvarda Toshkentda olib borilgan Pokiston bilan Hindiston oʻrtasidagi muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishiga muhim hissa qoʻshdi (qarang Toshkent deklaratsiyasi (1966)). 1969-yil martda prezidentlik lavozimidan boʻshab, oʻz vakolatlarini armiya qoʻmondoni general Yahyoxonga topshirgan[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil