Bаhovuddin Аminjonov
Bahovuddin Aminjonov (1904-yil, Buxoro — 1938-yil, Toshkent) — shifokor, 1922-yilda Germaniyada oʻqish uchun Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tomonidan yuborilgan 55 talabadan biri[1]. Yalta shahridagi „Oʻzbekiston“ sanatoriyasida shifokor boʻlib ishlagan.
Bаhovuddin Аminjonov | |
---|---|
Tavalludi |
1904-yil Buxoro |
Vafoti |
1938-yil 9-oktyabr Toshkent |
Istiqomat joylari | O'zbekiston, Polsha, Germaniya, Yalta |
Fuqaroligi | SSSR |
Kasbi | Shifokor |
Taʼlimi |
Berlin universiteti O‘rta Osiyo tibbiyot instituti |
Mashhur ishlari | Turkiston matbuoti orqali sil kasalligiga qarshi kurashgan |
Turmush oʻrtogʻi | Tanzilya Ismailovna |
Faoliyati
tahrirBahovuddin Aminjonov 1904-yilda Buxoro shahrida mudarris Aminjon Ziyovuddinov oilasida tugʻilgan. Otasi Aminjon Ziyovuddinov „Yosh buxoroliklar“ partiyasining faol aʼzolaridan boʻlgan[2]. U 1920-yilda Buxoro amirligi qulashi natijasida tuzilgan Buxoro Xalq Sovet Respublikasida bir qator nufuzli vazifalarda, jumladan, kitobchilik palatasida ilmiy xodim boʻlib ishlagan.
1922-yilning kuzida Bahovuddin Aminjonov Germaniyaga tahsil olishga borgan va avvaliga Aziz Xoʻja, Sattor Jabbor, Vali Qayumlar bilan Doktor Fekkelmanning xususiy oʻrta maktabida tahsil olgan. Shundan soʻng Berlin universitetining tibbiyot fakultetida oʻqishni davom ettiradi. 1928-yilda sovet hukumati Bahovuddin Aminjonovga taʼlim stipendiyasini bermay qoʻyadi. Aminjonov bu vaziyatni turkistonlik talabalar yetakchilari Ahmad Naim, Said Ali Xo‘ja, Sattor Jabborlarga maslahat soladi. Ular oʻqishni tugatish maqsadida mablag‘ topish yoʻllarini izlay boshlaydilar. Shundan so‘ng Ahmad Naim Polsha elchixonasiga borib, Bahovuddin Aminjonovga o‘qishini tugatishi uchun yordam so‘raydi. Talabalar bu vaziyatni SSSRning Germaniyadagi vakolatxonasiga bildirmaydilar. Chunki bu paytda SSSR vakolatxonasi talabalarning hamma harakatlarini kuzatuv ostiga olgan, ularni oʻqishini tugatmasdan ortiga qaytarib yuborish uchun barcha choralarni ko‘rayotgan edi. Bahovuddin Aminjonov 1929-yilning yanvar—fevral oylarida Varshavada bo‘lib, Polsha hukumatidan yordam olishga erishadi. U yaxshi xabar bilan Berlinga keladi, biroq voqealardan xabardor boʻlgan sovet maʼmurlari uni kuch bilan ortiga qaytarib yuboradi[3]. B.Aminjonov 1929-yilda SSSRga qaytgach, oʻqishni 1931-yil Oʻrta Osiyo tibbiyot institutida yakunlaydi va Yaltadagi „Oʻzbekiston“ sanatoriyasiga yoʻllanma oladi. „Oʻzbekiston“ sanatoriyasida bosh shifokor boʻlgan B.Aminjonov 1935-yilning oxirida Moskvaga ilmiy safarga borgan. 1936-yil fevralda yana sanatoriyaga qaytadi. Biroq, u ishdan boʻshatiladi va Toshkentga kelib Respublika tubdispanserida (sil dispanseri) ish boshlaydi.
Qatagʻon qilinishi
tahrirBahovuddin Aminjonov 1937-yilning yanvarida qamoqqa olingan. Unga 1922—1929-yillarda Germaniya va Polsha davlatlarida o‘qigan, „Mustaqil Turkiston“ aksilinqilobiy tashkiloti aʼzosi, Polshaning razvedkasiga josuslik maqsadida yollangan degan tuhmatlar qoʻyadilar. 1938-yil 8-oktyabrda otishga hukm qilingan[4].
1961-yilning 18-aprelida Moskva shahrida SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi Bahovuddin Aminjonovni asossiz jazolangan deb topadi. U 1961-yil 26-iyulda to‘liq oqlanadi.
Manbalar
tahrir- ↑ „15 дақиқалик суд ва ўлим жазоси — шифокор Баҳовуддин Аминжоновнинг айблов баённомаси ҳақида“. hudud.uz (2022-yil 28-sentyabr). 2023-yil 23-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 23-iyul 2023-yil.
- ↑ M.Karimova „Katta qirg'in:Germaniyadan qaytgach otilgan o'zbeklar yoxud dunyoga tanilgan Turkiston yoshlari taqdiri“ (2021-yil 8-yanvar). Qaraldi: 23-iyul 2023-yil.
- ↑ „Туркистон жадидлари: Германиядан қайтгач отилган шифокор Баҳовуддин Аминжонов“ (2019-yil 5-iyul). Qaraldi: 22-iyul 2023-yil.
- ↑ „15 daqiqalik sud va o‘lim jazosi – Bahovuddin Aminjonovning ayblov bayonnomasida nimalar ko‘rsatilgan edi?“. oyina.uz (2022-yil 30-avgust). Qaraldi: 22-iyul 2023-yil.