Bakteriyemiya (bakteriyalar va yun. haima – qon) – qonda bakteriyalar boʻlishi. Bakteriyalar odam va hayvonlar qoniga teri va shilliq pardalar shikastlanganda, shuningdek limfa tugunlari, tomirlar sistemasi va boshqa aʼzolar patologik jarayondan oʻzgarganda kiradi. Koʻpgina infeksion kasalliklar – leptospirozlar, toshmali va qaytalama terlamalar, tulyaremiyada kuzatiladi. Bakteriyemiya ayniqsa ichak infeksiyalari (ich terlama, paratif, salmonellyozlar, brutsellyoz va hokazo)ga xos, bu kasalliklarda bakteriyemiya patologik jarayonning yoyilib ketishiga sabab boʻladi. Bakteriyemiya kasallikning oʻtkir davrida yaqqolroq koʻrinadi. Ionlashtiruvchi nurlar taʼsir etganda tabiiy immunitetning buzilishi, antitelolarning kam ishlanishi, leykotsitlar kamayishi va ularda fagotsitoz qobiliyatining susayishi, toʻqima toʻsiqlari oʻtkazuvchanligining zoʻrayishi va boshqa bir qancha omillar taʼsirida kelib chiqadi. Organizm bakteriyemiyani yenggan sayin bakteriyalar qonda kamayib, tamomila barham topadi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil