Balanus
Balanus, dengiz yongʻoqlari (Balanamorpha) – oʻtroq yashovchi moʻylov-oyoqli qisqichbaqasimonlar urugʻi. Tanasi kesilgan konusga oʻxshaydi, bir necha boʻlak plastinkasimon ohakli chigʻanoq ichiga joylashgan. Chigʻanogʻining uz. 20 sm gacha. Uning ostki qismi dengiz tubidagi toshlar, mollyuskalar chigʻanogʻi va har xil hayvonlar tanasiga, jumladan kitlar terisiga yopishib, koʻpincha kemalarning korpusiga koʻplab yopishib olib, harakatini sekinlashtiradi. Chigʻanoqning harakatchan ustki qopqogʻi bosh tomonidagi maxsus muskullar vositasida ochilib-yopilib turadi. Chigʻanoqning mantiya boʻshligʻi deb ataladigan ichki boʻshligʻida ogʻiz oʻsimtasi va besh juft ikki ayrili ipsimon oyoqlari joylashgan. Chigʻanoq ochiq boʻlganida bu oyoqlar doim bir maromda harakat qilib mantiya boʻshligʻiga oziq zarralari (mikroblar, mayda hayvonlar va chirindilar)ni haydab turadi. Biror xavf paydo boʻlganida chigʻanoq darhol bekiladi. Balanusning 400 ga yaqin turi bor. Koʻpchilik turlari germafrodit. Kaspiy va Orol dengizlaridan tashqari hamma dengizlarda uchraydi. Balanus lichinkasi dengiz qirgʻogʻi planktoni hisoblanadi, ular baliqlarga oziq boʻladi. Bir necha turi (Balanus psittacus, Balanus nubilis) oziq-ovqat sifatida isteʼmol qilinadi[1].
Manbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |