Balujlar (oʻzlarini baluch, baloch deyishadi) — Pokiston (4 mln. kishi) va Eron (1,4 mln. kishi, 1992)dagi xalq. Shuningdek Afgʻoniston, Turkmaniston (28,3 ming kishi, 1989) va arab mamlakatlarida ham yashaydi. Umumiy soni 5,7 mln. kishi (1992). Baluj tilida soʻzlashadi. B. islom dinining sunniy mazhabiga eʼtiqod qilishadi.

B. koʻchmanchi chorvachilik va dehqonchilik bilan shugʻullanadi. Arab geograflarining maʼlumotlariga koʻra B. Kermon va uning sharqiy qismida, Seyistonda yashagan va koʻchmanchi chorvadorlik bilan shugʻullangan. B. bu yerlarga arablar istilosidan taxminan 300-yil avval kelib joylashgan. Ingliz olimi M. Longuors Deymsning tadqiqotlariga koʻra B.ning vatani Shimoliy Eron boʻlib, eftaliylarning Shimoliy Eronga qilgan hujumi (VI asr) natijasida B. Kermonga koʻchishgan. Keyingi asrlarda yaylov yerlarining tanqisligi ularni asta-sekin sharqqa siljishga majbur etgan. XI—XIV asrlar davomida B. yashagan hudud hozirgi Balujiston joylashgan yerlargacha kengayadi. XIX asrning oxiri — XX asr boshlarida Afgoniston va Eron Seyistonida yashovchi B.ning bir qismi Turkmaniston respublikasi Mari va Chorjoʻy viloyatiga koʻchib kelib joylashadilar. B. ayrim guruhlari Fargʻona vodiysi va Qashqadaryoning quyi oqimlarida joylashgan Buguch qishlogʻida ham yashaganlar.

Garchi balujlarning aniq soni noaniq boʻlsa-da, avvalgi hisob-kitoblarga koʻra, balujlar Afgʻoniston aholisining taxminan 2%ini tashkil qiladi. Ular afgʻon jamiyatining bir qismi boʻlib, ularning aksariyati Pokiston chegaralarida, qolganlari esa Eron hududlarida yashaydilar. Afgʻoniston balujlari janubi-gʻarbiy va janubdagi hududlarda, jumladan, Hilmand va Faryob viloyatlarida yashaydilar va Islom dinining Hanafiylik mazhabiga e’tiqod qiladilar. Balujlarning asosiy daromad manbai qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlari hisoblanadi. Ular koʻchmanchi boʻlib, qadimgi qabilaviy tuzilishini patriarxal, ya’ni erkaklar hukmronlik qiladigan qarindoshlik bilan saqlab qolishgan. Uzoq yillar davomida shakllangan koʻnikmalar ularga kundalik hayot uchun zarur boʻlgan vositalarni ishlab chiqarishga katta yordam beradi. Balujlarda gilamlar aymoqlar singari, asosan, savdo-sotiq va uy-roʻzgʻor buyumi sifatida toʻqiladi. Ularning dehqonchilik faoliyatida ayollar va erkaklar oʻrtasida qat’iy mehnat taqsimotiga amal qiladi. Erkaklar shudgorlash va ekin ekish uchun masʼul boʻlsa, ayollar hosillarni yigʻish va saralash bilan mashgʻul boʻladilar. Balujlar uchun yerlar xususiy mulk emas, balki butun qabilaga tegishli hisoblanadi. hisoblanadi. Balujlar Afgʻoniston Konstitutsiyasida koʻrsatilgan “milliy” etnik ozchiliklardan biridir. Shunga koʻra, ular Afgʻoniston fuqarolariga berilgan barcha huquqlarga ega. Shunga qaramay, Baluj qabila rahbarlari oʻzlarining tillariga boʻlgan huquqlari hukumat tomonidan himoya qilinmaganligi va farzandlari ona tilida taʼlim olmasliklari sababli hukumatga nisbatan oʻz eʼtirozlarini bildirib kelishadi[1].

Manbalar

tahrir
  1. Abdurahmonov Obidjon. AFGʻONISTON PUSHTUNLARI. Toshkent: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, “EFFECT-D”, 2021 — 100 bet. 

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil