Behi
Behi (Cydonia oblonga Mill.) — raʼnodoshlar oilasiga mansub mevali daraxt yoki buta. Behining Ozarbayjon, Dogʻiston, Turkmaniston, Eronda yovvoyi turlari uchraydi, turk tilida ayva nomi bilan yuritilgan. Mahmud Koshgʻariyning "Devonu lugʻotit turk" asarida "avya" shaklida tilga olingan. Behi Kavkaz, Oʻrta Osiyo, Qrim, Ukrainaning jan. hamda Astraxon viloyatida keng tarqalgan. Oʻzbekistondagi Behizorlarning 80% Fargʻona vodiysida. Balandligi 5–6 m, shoxshabbalari piramida shaklida, baʼzan tarvaqaylab oʻsadi. Bargi oddiy, yashil, cheti butun. Gullari yakka holda, oq yoki och pushti, aprelda gullaydi. Koʻchati oʻtqazilgach, 3—4 yili hosilga kiradi, 30—40 yil yashaydi. Katta yoshdagi daraxtlari oʻrtacha 60— 70 kghosil beradi. Mevasi sentabr—oktyabr oylarida uzib olinadi; vazni, naviga qarab 150—500 g. Behi mevalari limon rangda yoki toʻq sariq, tuk bilan qoplangan; yetilganda tuki toʻkilib ketadi, xushboʻy. Yangi uzilgan mevasi kam isteʼmol qilinadi. Behi entomofil (hasharotlar bilan changlanadigan) oʻsimlik. Behi tarkibida 74,7—83,5% suv, 8,5— 15,2% qand, 0,2—1,5% kislota bor, shuningdek oshlovchi moddalar va tosh hujayralar boʻladi. Mevasi dagʻal boʻlib, uzoq saqlangandan keyin tosh hujayralar yumshab qoladi. Behidan murabbo, kompot, marmelad, sukat, qiyom, jem tayyorlanadi, ovqatga (koʻpincha palovga bosiladi) ishlatiladi. Behi, asosan, payvandlab koʻpaytiriladi, koʻchati 6×6 yoki 5×5 m sxemada oʻtqaziladi. Behining koʻpchilik navlari nokka payvandtag boʻla oladi; unga ulangan nok pakana boʻladi. Behi issiklik va namlikka talabchan. Sugʻoriladigan unumdor tuproqlarda, shuningdek shoʻri kam yerlarda yaxshi oʻsadi. Oʻsuv davrida tuproq sharoitiga qarab 3—8-marta sugʻoriladi.
Behi | ||
---|---|---|
Biologik klassifikatsiya | ||
|
Asosiy navlari: Non Behi, Quva Behi, Shirin Behi, Samarqand yirik Behi, Xorazm olmasimon Behi N o n Behi —ertapishar, xoʻraki va konservabop, daraxti oʻrtacha. Mevasi yirik 300—400 g, olma shaklida, sariq. Eti sargʻish, oʻrtacha suvli, sal nordon, xushboʻy. Sentabrning ikkinchi yarmida uziladi, dekabrgacha saqlanadi. 50–70 kg hosil beradi; Quva Behi—oʻrtapishar, xoʻraki, daraxti katta (5–6 m), mevasi oʻrtacha (150—200 g), tilimli, olma shaklida, och sariq. Eti oq, tigʻiz, oʻrtacha suvli, shirin, xushxoʻr. Oktyabr boshlarida uziladi, yanvargacha saqlanadi. Tupi 150–200 kg hosil beradi; Shirin Behi—ertapishar, xoʻraki, daraxti oʻrtacha. Mevasi 150—180 g, tilimli, noksimon, eti och sariq, sersuv, shirinnordon, yeyishli. Sentabrning ikkinchi yarmida uziladi, uzoq saqlanmaydi.
Zararkunandalari: olma qurti, olma qon biti, nok kanasi, doʻlana kapalagi va boshqa; kasalliklari: qora chirish, zang va boshqa
Rixsivoy Joʻrayev.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |