BOGʻDORCHILIK, UZUMCHILIK VA VINOCHILIK INSTITUTI, akademik R. R. Shreder nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti — Oʻrta Osiyoda mevachilik va uzumchilik sohasidagi eng yirik ilmiy markaz. Dastlab 1898-yilda Tur kiston qishloq xoʻjaligi tajriba dalasi sifatida R. R. Shreder tomonidan asos solingan. 1925-yildan Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi tajriba stansiyasi (1928-yilda R. R. Shreder nomi berilgan), 1930-yildan bogʻdorchilik va sabzavotchilik tajriba stansiyasi, 1937-yildan mevarezavor oʻsimliklar stansiyasi, 1948-yildan mevarezavor oʻsimliklar ilmiy tadqiqot instituti, 1958-yildan bogdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti, 1977-yildan mevachilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi, 1995-yildan "Mevasharbat" ilmiy ishlab chiqarish korporatsiyasining bosh korxonasi. Institut tarkibida agrotexnika va bogʻdorchilikni jadallashtirish; seleksiya; iqtisodiyot; mexanizatsiya; subtropik va sitrus oʻsimliklari; mevani qayta ishlash va saqlash boʻlimlari, oʻsimliklarni himoya qilish; agrokimyo; fiziologiya va biokimyo; radioaktiv izotoplar lab. lari bor. Institut qoshida aspirantura boʻlimi, mevasabzavotchilik kolleji, bogʻdorchilik maktabi mavjud. Institutning bogʻdorchilik va uzumchilik muammolari bilan shugʻullanadigan Samarqand filiali, Fargʻona (Quva tumanida), Samarqand, Togʻli bogʻdorchilik va uzumchilik (Chorvoq, Toshkent viloyati), Vinochilik (Toshkent viloyati Qibray tumanida; vinochilik zavodi bilan birga), Janubiy Oʻzbekiston tajriba stansiyasi (Denov) bor (2000). Institut Andijon, Fargʻona, Buxoro, Jizzax, Izboskan, Namangan, Qarshi, Samarqand, Toshkent, Xorazm (Urganch), Bandixon, Sirdaryo, Oyqor (Baxmal tumani), Charxin (Pastdargʻom tumani), Tavois (Qiziltepa tumani), Oqtosh (Payariq tumani) tajriba xoʻjaliklariga ilmiy rahbarlikni amalga oshiradi (bu xoʻjaliklarningumumiy ekin maydoni 17324 ga; 2000). Institut faoliyati mobaynida meva, rezavor meva va tokning 200 yangi navi yetishtirildi va tavsiflandi. Shulardan 64 nav rayonlashtirildi, 139 nav davlat sinovidan oʻtkazilmoqsa. Institut faoliyati M. M. Mirzayev,ʼ. V. Kuznesov, S. S. Kalmikov, A. G. Shreder, K. V. Smirnov, A. K. Pavlov, A. S. Cherevatenko, S. I. Yagudina, O. K. Afanasyev, S. Eshonxonov, M. K. Sobirov, X. F. Gʻulomov, Yu. M. Javakyans, M. J. Razzoqov va boshqa olimlarning nomlari bilan bogʻliq. Institutda bogʻ va tokzorlardan moʻl hosil olish agrotexnikasi ishlab chiqilib, respublikaning hamma rayonlarida tatbiq etildi. Bogʻdorchilik va uzumchilikni ixtisoslashtirish masalasi hal qilindi. Institutda meva, rezavor meva va tokning biologik xususiyatlarini oʻrganish, yangi oʻzlashtirilgan yerlarda, togʻ etagi va togʻ rayonlarida, shu jumladan Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida, Fargʻona vodiysining toshloq hududlarida bogʻdorchilik va tokchilikni rivojlantirish, qoki va mayiz quritish hamda saqlash texnologiyasini takomillashtirish, meva daraxtlari va toklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish usullarini yaratish, bog va tokzorlarda mexanizatsiyani keng joriy etish, koʻchat yetishtirishda zamonaviy usullarni qoʻllash ishlari olib boriladi. Institutning 45 jild ilmiy asarlari toʻplami nashr etilgan. Institutda 157 ilmiy xodim, jumladan 2 fan doktori va 44 fan nomzodi ishlaydi (2000). Institut Xalqaro koʻrgazmalarning oltin va kumush medallari bilan mukofotlangan.

Mirmaqsud Mirzayev.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil