Boris Cheprunov
Boris Cheprunov (ruscha: Борис Васильевич Чепрунов, 1891-yil 25-yanvar; Ko‘hna Urganch, Xiva xonligi, 1938-yil 8-oktyabr, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) – millati rus boʻlgan yozuvchi, jurnalist va muharrir. U yozuvchi sifatida „Xorazm hikoyalari“ (1931), „Matyoqubov“ (1933), „Miyoviddin Mirzo“, „Junaidxon“ (1936) kabi asarlar muallifidir. 1938-yil 8-oktyabr kuni Cheprunovga tegishli „Junaidxon“ romani Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasida qilingan tanqidlar ortidan Toshkentdagi SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining koʻchma sessiyasi qarori bilan otuvga hukm qilingan[1].
Boris Cheprunov | |
---|---|
Tavalludi |
1891-yil 25-yanvar Koʻhna Urganch (baʼzi manbalarda Toʻrtkoʻl) |
Vafoti |
8-oktyabr 1938 8-noyabr 1938-yil (47 yoshda) |
Ijod qilgan tillari | rus tili |
Fuqaroligi |
Xiva xonligi Oʻzbek SSR |
Biografiyasi
tahrirBoris Cheprunov 1891-yil 25-yanvar kuni Xorazm vohasidagi Koʻhna Urganch shahrida tugʻilgan[2]. Baʼzi manbalarga koʻra, Toʻrtkoʻlda tugʻilgan. Cheprunovning otasi Rossiya imperiyasi tomonidan yangi bosib olingan hududlarga koʻchirilgan krepastnoy dehqonlardan biri edi. 1905-yil otasi vafot etgach, oiladagi tirikchilik yuki uning gardaniga tushgan. Boris dastlab Urganchdagi korxonalardan biriga xizmatchi boʻlib ishga kirgan. 1910-yil Yangi Urganchda faoliyat yuritgan Rossiya Osiyo banki boʻlimida ishlay boshlaydi. U, shuningdek, dam olish kunlari idora qoshidagi eski oʻzbek yozuvini oʻrganish mashgʻulotlariga qatnab yurgan. Bu vaqtda Toshkentda chiqib turgan „Turkestanskiy kurer“ gazetasida ilk maqolalarini eʼlon qilgan.
Ijodiy faoliyati
tahrirBoris Cheprunov XX asrning 20-yillarida Toshkentga kelgan va bu yerdagi adabiy jarayonlarga faol aralasha boshlagan. 1934-yil Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasida rus adabiyoti boʻyicha adabiy maslahatchi, 1935-yil rus yozuvchilari boʻlimi raisi, „Literaturniy Uzbekistan“ jurnalining tahrir hay’ati aʼzosi kabi vazifalarda faoliyat yuritgan. Jurnallardagi faoliyati mobaynida mahalliy rus yozuvchilari bilan birga, oʻzbek yozuvchilaridan Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Oybek, Usmon Nosir asarlarining rus tiliga qilingan tarjimalarini ham eʼlon qilgan. Yozuvchi sifatida „Xorazm hikoyalari“ (1931), „Matyoqubov“ (1933), „Miyoviddin Mirzo“, „Junaidxon“ (1936) kabi asarlari eʼlon qilgan. Shuningdek, „Mustamlakachilar“ romani muallifidir.
1935-yil Choʻlpon „Mushtum“ jurnalining tahrir hay’atiga jalb etilgach, „Miyoviddin Mirzo“ qissasini tarjima qilib, jurnalning 1936-yilgi oʻndan ortiq sonida chop ettirgan. Choʻlpon qissa uchun yozgan kichik kirish soʻzida shunday deydi:
„Miyoviddin Mirzo“ qissasi xalq ijodiga taalluqli bir asardir. Xalq ijodida „Miyoviddin Mirzo“ga oʻxshagan hayvonlar hayotiga oid asarlar koʻpdir. Bu asarlarda ayrim hayvonlarga turmushdagi jonli tiplarning sifati berilgan. Shuning bilan ayrim bir davrning xususiyatlari izoh qilinadi. „Miyoviddin Mirzo“ qissasi Fargʻonaning soʻnggi xoni Xudoyorxon davriga oiddir. Bu asarda xon hukumatining butun qabihligi va shariat qonunlari panjasi ostida himoyasiz holdagi kambagʻallarning ezilganligi koʻrsatiladi. Asardagʻi har bir hayvon oʻsha turmushdagi jonli bir kishini juda ustalik bilan ifoda qila oladi. Xalq ijodida satira juda yaxshi tomir yozgʻon. Bizning satiramiz keng xalq ijodidagʻi tajribalardan, ustaliqlardan foydalanishi kerak. Shuning uchun „Mushtum“da „Miyoviddin Mirzo“ qissasini bosib boramiz.
Qoralanishi
tahrir1937-yilning 2—7 sentyabr kunlari boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining 4-plenumida koʻplab ijodkorlar qatorida Boris Cheprunov ijodi ham qattiq tanqid qilinadi. Xususan, plenum davomida u trotskiychi-buxarinchi terrorchilarning Toshkentdagi guruhi aʼzosi, tarixni soxtalashtiruvchi, burjua millatchilik gʻoyalarining himoyachisi ekanligi taʼkidlandi. 5-sentyabrdagi yigʻilishda soʻz olgan rus yozuvchisi Pletnev „Junaidxon“ romani orqali Boris Cheprunov tarixni ideallashtirganligini tanqid qilib shunday deydi:
Men o‘rtoq Cheprunovning „Junaidxon“ romaniga to‘xtalmoqchiman. Bizning adabiy doiralarimizda mazkur asar adabiyot olamimizda butun bir adabiy hodisa deyilib, ko‘klarga ko‘tarildi. Men mehnat ta’tiliga ketganimda ushbu kitobni o‘zim bilan birga olib ketib, sinchiklab o‘qib chiqdim. Bu yerda shuni ochiq aytishim kerakki, kitobda juda ko‘p nosog‘lom fikrlar, ko‘p siyosiy xatolar mavjud. Jumladan, asarda asosiy mavzu — jadidizm masalasida shunday xatolar bo‘lgan. Romanda jadidlar bo‘yab, nuqsonsiz qilib tasvirlangan. Asarda mayda savdogarlar, hunarmandlar — hammasi go‘yo o‘z xalqining madaniyati haqida qayg‘uradilar, inqilob uchun faol kurashadilar. Buning oqibatida romanda jadidizmning mohiyati ochilmay qolib ketaveradi. Bu oqimning ortiga bekingan yirtqich odamlar basharasi ochilmaydi. Ularning hammasi go‘yo bir farishtasimon, gunohsiz kishilar qilib ko‘rsatiladi. Bu to‘g‘ri emas, o‘rtoq Cheprunov!
Oʻlimga hukm qilinishi
tahrir1937-yil 4-dekabr kuni ichki ishlar xalq komissarligi Cheprunovni qamoqqa olgan. Uzoq davom etgan tergovdan soʻngra, 1938-yilning 8-oktyabrida boʻlib oʻtgan sobiq ittifoq oliy sudi harbiy kollegiyasining Toshkentda oʻtgan sayyor yigʻilishida otishga hukm qilingan[3].
Oqlanishi
tahrirStalin vafotidan keyin koʻplab ijodkorlarning oilasi singari Boris Cheprunovning rafiqasi Vera tegishli idoralarga maktublar yozgan. Buning natijasida, 1957-yil 28-iyun kuni SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi Boris Cheprunov ishini qayta koʻrib chiqdi. Faoliyatida „jinoiy harakat“ topilmaganligi sababli yozuvchi toʻliq reabilitatsiya qilingan[4].
Faoliyatining oʻrganilishi
tahrirBoris Cheprunov ijodi yaxshi oʻrganilmagan. Dastlab yozuvchi ijodini oʻrganish masalasini I.Grinberg, I.Tyomkina, A.Klebleev, Sherali Turdiyevlar matbuot orqali koʻtarib chiqqan. Xususan, adabiyotshunos Sherali Turdiyevga tegishli „Boris Cheprunovning fojiali qismati“ maqolasi „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasining 2007-yil 21-dekabrdagi sonida eʼlon qilingan[2]. Boris Cheprunov tomonidan yangi adabiy asarlar uchun tayyorlangan hujjatlar, qoʻlyozmalar va koʻplab arxiv materiallari NKVD xodimlari tomonidan yoʻq qilingan boʻlib, tasodifan soʻnggi asari – „Mustamlakachilar“ romanining faqat qoʻlyozmasi saqlanib qolgan.
Manbalar
tahrir- ↑ Davronbek „Sherali Turdiyev. Boris Cheprunovning fojiali qismati (2007)“ (ru-ru). n.ziyouz.com (2014-yil 8-fevral). Qaraldi: 2024-yil 4-aprel.
- ↑ 2,0 2,1 „Boris Cheprunov. Al-Kabir & Cheprunov haqida ikki maqola | Xurshid Davron kutubxonasi“. kh-davron.uz. Qaraldi: 2024-yil 4-aprel.
- ↑ „Чепрунов Борис Васильевич | Istoriya povsednevnosti“. www.el-history.ru. Qaraldi: 2024-yil 4-aprel.
- ↑ „Трагическая судьба писателя Бориса Чепрунова“ (ru-RU). Письма о Ташкенте (2022). Qaraldi: 2024-yil 4-aprel.