Bosqoq
Bosqoq (turkiycha — bosuvchi, ezuvchi) — moʻgʻul xoni tomonidan qaram mamlakatlarga maxsus yorliq bilan yuborilgan amaldor, noyib.
Moʻgʻul tilidagi darugʻachi (dorugʻa) va forscha shihna turkiylarning “bosqoq” atamasi bilan bogʻliq boʻlib, u bilan bir xil maʼnoda qoʻllangan.
Bosqoq oʻz maʼmuriy mavqeiga koʻra bek va lashkarboshilardan yuqori turgan. Plano Karpinining aytishicha, bosib olingan yerlardagi moʻgʻul boshliqlari bosqoqlar deb atalgan[1]. Bosqoqqa maxsus harbiy otryad va turli mayda amaldorlar biriktirilgan boʻlib, uning vazifasi mahalliy hokimiyat faoliyatini nazorat qilish, soliq va oʻlpon yigʻish, tub aholini roʻyxatga olishdan iborat boʻlgan. Bosqoqlar soliq va oʻlpon yigʻishda benihoyat shafqatsizlik qilganlari boisidan mustamlaka mamlakatlarda tez-tez qoʻzgʻolonlar sodir boʻlib turgan. Xususan 1262-yilda Suzdal, Yaroslavl va Rostovda soliq toʻlashga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarilgan. 1327-yilda esa Tver qoʻzgʻoloni boʻlib oʻtgan. Keyinchalik bosqoqlar Oltin Oʻrdada elchilariga aylanishdi. Bosqoqlik XIII asrning oʻrtalarida Eron va Rusda ham joriy etilgan. Moʻgʻul xonlari XIV asrning boshlarida mazlum xalqlar kurashining kuchayishi munosabati bilan Bosqoqlikni bekor qilib, soliq va oʻlpon yigʻishni mahalliy hokimiyatga topshirishga majbur boʻlishgan.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Баскакъ // И. И. Срезневский. Словарь древнерусского языка. В трёх томах, в шести книгах. Репринтное издание. М.: Книга, 1989. С. 43-44.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |