Bulat Soliyev
Bulat (Bekbulat, Poʻlat) Majidovich Soliyev (22.03.1882-yil Astraxan,13.10.1937-yil Toshkent)[1] – tarixchi olim, professor (1926)[2].
Bulat Soliyev | |
---|---|
Bekbulat Majidovich Soliyev | |
Tavalludi |
1882-yil 22-mart |
Vafoti | 1937-yil 13-oktyabr |
Fuqaroligi |
Rossiya imperiyasi SSSR |
Taʼlimi |
Qozon, Ufa madrasalari Moskva Qizil professorlar instituti Sverdlov nomidagi universitet |
Kasbi | Tarixchi |
Faoliyat yillari | 1909—1937 |
Qozon va Ufa shaharlaridagi madrasalarda oʻqigan. 1909-yildan Turkiston oʻlkasi qishloqlarida maktablar ochib, oʻqituvchilik qilgan. 1917—1918-yillar nashr etilgan „El bayrogʻi“ gazetasining muharriri. Qoʻqonda oʻqituvchilar seminariyasi va Fargʻonada qishloq maktablari uchun oʻqituvchilar tayyorlash kurslarini tashkil qilishda qatnashgan (1918). 1919—1920-yillarda Toshkentda turli oʻquv yurtlari va kurslarda ishlagan. 1923— 1924-yillarda Buxoroda nashr etilgan „Maorif“ jurnalining muharriri. 1925— 1927-yillarda Moskvadagi qizil professorlar institutida oʻqigan va Sverdlov nomidagi universitetning tarix fakultetini tugatgan, keyin SSSR xalqlari Markaziy nashriyotida ilmiy xodim vazifasida faoliyat olib borgan. 1927-yildan Samarqandda Oliy pedagogika instituti professori mazkur insititutda Oʻrta Osiyo tarixi kafedrasini tashkil qilib, Oʻrta Osiyo tarixidan dars bergan. „Qizil qalam“ adabiy jamiyati aʼzosi. 1936-yildan Oʻzbekiston Fanlar qoʻmitasidagi Oʻzbekiston tarixi va adabiy boʻlimi boshligʻi. Soliyev Bulatning ilmiy faoliyati Sharq mamlakatlari, xususan, Oʻrta Osiyo tarixi, etnografiyasi va iqtisodiyotini oʻrganishga bagʻishlangan. 1937-yil qatagʻon qilingan va 13-oktyabrda otib tashlangan[3]. 1956-yil oqlangan. Samarqanddagi koʻchalardan biri Soliyev Bulatning nomi bilan ataladi.
Ilmiy merosi
tahrirBulat Soliyev Oʻrta Osiyo tarixining eng kam oʻrganilgan Buxoro amirligi mavzusiga murojaat qiladi. Shu davrga oid „Mangʻitlar saltanati davrida Buxoro oʻlkasi“ va „Buxoro tarixi“ nomli asarlarini yozgan. Bu asarlarda Buxoro amirligining ichki va tashqi siyosati, amirlik qoʻl ostidagi bekliklar va hududlar, shuningdek, oddiy xalqning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli toʻgʻrisida maʼlumotlar berilgan. Bulat Soliyev Buxoro amirlarining arxivi va kutubxonasida birinchilardan boʻlib ishlagan. Keyinchalik Bulat Soliyev, Abdurauf Fitrat va Lutfulla Alaviy bu arxiv hamda kutubxonani tartibga solib ilmiy tadqiqot institutiga topshiradilar. Bu toʻgʻrida „Inqilob“ jurnalida hisobot ham chop etilgan.
1921-yildan boshlab B.Soliyev arab va fors tillarida bitilgan va Buxoroda saqlanayotgan asarlar ustida tadqiqot olib boradi. 1924-yilning avgustida Buxoro Xalq Maorif nozirligi Poʻlat Soliyevni Moskvadagi Buxoro Maorif uyiga oʻqituvchi sifatida yuboradi. 1920-yilning 11-noyabrida BXSR Maorif nozirligi Buxoroda 1920-yilgi inqilob tarixini oʻrganish bopyicha bir qator mualliflarni tasdiqlaydi. Ular orasida Poʻlat Soliyev va Sadriddin Ayniy ham boʻlgan. 1922-yildan Poʻlat Soliyev Buxoro Xalq respublikasining Maorif nozirligi ilmiy kengashi mudiri sifatida faoliyat yuritgan. Shu bilan birga oʻqituvchilar tayyorlash institutida arab tili va adabiyoti fanidan dars bergan. „Maorif“ jurnaliga ham muharrirlik qiladi. 1926-yilda „Oʻzbekiston ham Tojikiston“ yirik tarixiy asarini yozgan[4].
Bulat Soliyev shuningdek, Oʻzbekiston tarixi boʻyicha asar yozishni niyat qilgandi. Oʻzbekistonning qadimgi, oʻrta asrlar tarixi bayon etilgan, manbalar orqali boyitilgan bu asarni 1935-yilda yozib tugatadi. Asar A.Ikromov raisligida komissiya tomonodan muhokama ham qilinadi. Bulat Soliyev hibsga olingandan keyin asarning qoʻlyozma nusxasi gʻoyib boʻladi.
Manbalar
tahrir- ↑ В.Германов. Профессор Пулат Салиев и его время. Toshkent Fan 2022 — 3-bet. ISBN 5-648-02833-4.
- ↑ „Qizil terror qurboni: Javaharlal Neru qidirgan jadid Poʻlat Soliyev kim edi?“. oyina.uz (2024-yil 25-noyabr). Qaraldi: 30-noyabr 2024-yil.
- ↑ „Po'lat Soliyev“. 2023-yil 27-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 27-iyul 2023-yil.
- ↑ F.Temirov. Po'lat Soliyev. Toshkent Abu matbuot-konsalt 2011 — 11-bet. ISBN 978-9943-336-72-8.
Adabiyotlar
tahrir- Buxoro oʻlkasi mangʻitlar saltanati davrida, T., 1926;
- Oʻrta Osiyoda islom dinining tarqalishi, T. – Samarqand, 1928;
- Oʻzbekiston tarixi (15—19-asrlar), T., 1929.
- Germanov V. A., Professor Pulat Saliyev i yego vremya, T., 2002.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |