Buyuk hujum, (Turkcha: Büyük Taarruz, inglizcha: Great Offensive) Turkiya ozodlik urushi davrida Turkiya armiyasining Yunon armiyasiga qarshi amalga oshirgan umumiy hujum sanaladi. Majlisda hujum qilish borasida bir qarorga kelingach, 1922-yil 14-avgust kuni hujum qilish uchun harakat boshlab yuboriladi. Hujum 1922-yilning 26-avgust kuni amalga oshiriladi. 9-sentyabr kuni esa Turk armiyasi Izmirga kirib boradi. 18-sentyabr kuni butun yunon armiyasi Onadolu tuproqlaridan chiqib ketishi bilan urush nihoyasiga yetadi.

Buyuk hujum
Ushbu maqola Turkiya mustaqillik urushi davridagi Grek-turk urushining bir qismi

Sanalar 1922-yil 26-avgust —18-sentabr
Urush yeri Gʻarbiy Onadoʻli (Afyonkarahisar, Dumlupinar, Uşak, Izmir)
Natija Turklar gʻalabasi
Raqiblar
Turkiya Anqara hukumati, en Gretsiya Gretsiya, en
Qoʻmondonlar
Mustafa Kemal Atatürk
Fevzi Çakmak, en
İsmet İnönü, en
Georgios Hatzianestis, en
Nikolaos Trikoupis (POW), en
Kimon Digenis, en
Kuchlar
Yoʻqotishlar
  • 2,318 qurbon
  • 9,360 yarador
  • 1,697 bedarak yoʻqolgan and 101 mahbus
  • Jami: 13,476[5]
7-sentabrgacha:
  • 35,000 qurbon va yarador
  • 15,000 mahbus
  • Jami: 50,000[6][7][8][9]
Britaniya zobiti (chapdan ikkinchi) yunon askarlarini tekshiruvdan oʻtkazmoqda
Mustaqillik urushi qoʻmondonlari: chapdan oʻngga tomon: Asim (Gündüz), Ali Hikmet (Ayerdem), Ferik Ali Sait (Akbaytoʻgʻan), Mirliva Shukrü Naili (Gökberk), Mirliva Kazim (İnanç), Ferik Fahrettin (Altay), Kemalettin Sami (Gökçen), Cafer Tayyar (Eğilmez), Izzettin (Çalışlar)
Hujum oldidan turk askarlari
Otliqlar Izmir tomon tarqalib ketgan yunon qoʻshinlarini taʼqib qilishyapti. 1922-yil
Chekinib borayotgan yunon askarlari turk qishloqlarini yondirmoqda.

Buyuk hujumdan avvalgi vaziyat

tahrir

Turk armiyasi Sakarya jangida gʻalabaga erishgan boʻlsa ham yunon armiyasini surib chiqaradigan yoki magʻlubiyatga uchratadigan ahvolda emas edi. Turkiya armiyasida umumiy hujumni amalga oshirishi uchun juda katta kamchiliklari mavjud boʻlib, bu kamchiliklarni toʻldirish uchun xalqdan soʻngi bor yordam ham soʻraladi. Butun manbalardan eng soʻngiga qadar foydalanilib, tayyorgarliklar boshlab yuboriladi. Askarlar va ofitserlar hujum uchun maxsus taʼlimdan oʻtkaziladi. Mamlakatdagi butun manbalar armiya ixtiyoriga beriladi. Janglar deyarli yakunlangan sharqiy va janubiy frontlardagi askarlar gʻarbiy frontga yoʻnaltiriladi. Boshqa tomondan Istanbulda turib Turkiya ozodlik harakatini qoʻllab-quvvatlagan tashkilotlar Antanta davlatlarining omborlaridan oʻgʻirlangan qurol-yarogʻlarni Anqaraga yuborib turishadi. Turk armiyasi birinchi bor hujumga oʻtayotgani tufayli yunon armiyasidan son jihatidan ustun boʻlishga majbur edi. Turk armiyasi bir yillik tayyorgarlikdan soʻnggina 186 mingga yetgan edi. Onadoʻluda bu davrga kelib 200 ming yunon askari mavjud bo'lib, Turk armiyasi qanchalik harakat qilmasin otliq qoʻshindan boshqa hech qanday ustunlikka ega boʻla olmaydi.

Hujum harakati yaqinlashgan sari Sakarya maydon jangidan avval chiqarilgan va muddati uch marotaba uzaytirilgan hamda 4-avgust kuni tugashi kerak boʻlgan bosh qoʻmondonlik muddati masalasi kun tartibida turgan edi. Bu masala boʻyicha Mustafa Kemal posho 20-iyul kuni Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM)da qilgan nutqida: „Armiyaning moddiy va maʼnaviy kuchi umumiy maqsadimizni ishonch bilan bajara oladigan darajaga chiqib oldi. Shu sababli ulugʻ majlisimizning vakolatiga ortiq hojat qolmadi“, deb aytadi. Shundan soʻng bosh qoʻmondonlik masalasi majlis aʼzolarining bir ovozdan qoʻllab-quvvatlashi ortidan muddatsiz qilib belgilanadi.[10] Sakarya maydon jangidan soʻng jamoatchilik va majlis aʼzolari hujumga oʻtish borasida sabrsizlana boshlaydilar. Bu voqealardan soʻng Mustafa Kemal posho 1922-yilning 6-mart kuni TBMMning maxfiy yigʻilishida: „Armiyamizning maqsadi hujumga oʻtishdir. Faqat, bu hujumni biroz kechiktirishga majburmiz. Sababi tayyorgarliklarimizni yakunlashimiz uchun bizga biroz vaqt kerak boʻladi. Yarim tayyorgarlik bilan, yarim tadbirlar bilan qilinadigan hujum, hujum qilmaslikdan ham koʻra yomonroq oqibatlarga olib keladi“, deb aytgan edi.

1922-yilning iyun oyining oʻrtalarida bosh qoʻmondon Mustafa Kemal posho hujumga soʻngi tayyorgarliklarni olib borish toʻgʻrisidagi maxfiy qarorini eʼlon qiladi. Hujumdan asosiy maqsad dushman tomonning urush olib borish qobilyatini butunlay yoʻqqa chiqarish, toʻliq gʻalabani taʼminlash edi.[11] Tayyorlab chiqilgan buyuk hujumning rejasiga koʻra 1-armiya Afyonqorahisor tumanining janubiy qismidan shimoliga toʻgʻri hujumga oʻtganida, Afyonqorahisorning sharqiy va shimoliy qismida joylashgan 2-armiya qismlari bir vaqtda hujumga oʻtib, gʻalabani taʼminlashi kerak edi. Bundan tashqari 1-armiya qismlariga bu hududda joylashgan yunon armiyasining birlashishiga yoʻl qoʻymasdan, Doʻgerda joylashgan yunon qoʻshinlarini chalgʻitish topshirigʻi berilgan edi. 5-otliq qoʻshinga esa Ahir togʻlarini oshib oʻtib dushmanning yon va orqa tomonidan hujum qilishi, Izmir bilan telegraf va temir yoʻl aloqasini kesishi kerak edi. Bu hujum orqali yunon armiyasini toʻliq magʻlubiyatga uchratish rejalashtirilgan edi. Mustafa Kemal Posho 1922-yil 19-avgust kuni Anqaradan Oqshaharga borib, 26-avgust kuni hujumga oʻtish haqida buyruq beradi.

Buyuk hujumning amalga oshirilishi

tahrir

1922-yilning 26-avgust kechasi 5-armiya otliq qismlari Ahir togʻlarida joylashgan Balikkaya mavzeyiga hujum qilib, yunon qoʻshinlarining orqa qismini egallashni boshlab yuboradi. Mavzeda janglar tonga qadar davom etadi. 26-avgust tongida bosh qoʻmondon Mustafa Kemal posho yonida generallardan Fevzi posho va gʻarbiy front qoʻmondoni İsmet posho bilan frontdagi janglarni boshqaruvini olib borish uchun Kojatepadagi oʻz oʻrinlarini egallashadi. Buyuk hujum shu yerda boshlanib, toʻpchilar erta tong soat 04.30 da ogohlantiruvchi toʻp otishlari bilan boshlagan harakat, 05:00 da dushmanning muhim qismlariga tinimsiz toʻp zarbasi bilan berish bilan davom etadi. Turk piyodalari ertalab 06:00 da Tinaztepaga yaqinlashib, telegraf simlarini kesib tashlashadi va bu yerdagi yunon qismlarini magʻlubiyatga uchratib, Tinaztepani qoʻlga kiritishadi. Shundan soʻng soat 09:00 da Belentepa, keyinroq esa Kalejik — Sivrisi qoʻlga kiritishadi. Hujumning birinchi kunidayoq 1-armiya qismlari Katta Kalejiktepadan Chigiltepaga qadar joylashgan 15 kilometrlik bir hududni va yunon qoʻshinlari joylashgan birinchi mavzelarni qoʻlga kiritadi. 5-otliq armiyasi dushman qismlarining taʼminot boʻlinmalariga zarba berib, muvaffaqiyatli harakat olib boradi.

27-avgust bozor kuni erta tongda Turk armiyasi butun front boʻylab yangidan hujumga oʻtadi. Bu hujum asosan shtik (nayza) orqali amalga oshiriladi. Shu kuni turk harbiy qismlari Afyonkarahisarni qaytarib oladi. Bosh qoʻmondonlik qarorgohi va gʻarbiy front qoʻmondonligining qarorgohi Afyonqorahisorga koʻchadi.

28-avgust va 29-avgust seshanba kunlari muvaffaqiyatli amalga oshirilgan hujum harakati, 5-boʻlim yunon qismlarini qurshovga tushib qolishi bilan yakunlanadi. 29-avgust kechasi umumiy vaziyatni koʻzdan kechirib chiqqan qoʻmondonlar darhol hujumga oʻtib, tezkor gʻalabaga erishish rejasini tuzib chiqishadi. Dushmanning chekinish yoʻllarini toʻsilishi va dushmanning toʻqnashuvga undash orqali to'liq magʻlubiyatga uchratilishi zarur edi. 1922-yil 30-avgust chorshanba kuni hujumga oʻtgan Turk armiyasi toʻliq gʻalabaga erishadi. Buyuk hujum Turkiya respublikasining tarixiga bosh "Qoʻmondonlikning maydon jangi"dagi gʻalabasi sifatida kiritiladi. 1922-yil 30-avgust "Buyuk hujum"ning soʻngida dushman armiyasining katta qismi toʻrt tomondan qurshovga olinib, shaxsan Mustafa Kemal poshoning Zafertepadan turib olib borgan qoʻmondonligi ostida toʻliq magʻlubiyatga uchratiladi. Shu kuni turk harbiy qismlari Kutahyani bosib oladi. Anadoʻludagi yunon armiyasining yarmi yoʻq qilinadi yoki asirga olinadi. Qolgan qismi esa uch guruh boʻlinib ortga chekinadi. Mustafa Kemal posho Chalkoʻydagi yigʻilishda Fevzi posho va İsmet posho bilan uchrashib, yunon askarlarining qolgan qismini ortidan tushish, Izmir boʻylab harakat qilish haqida topshiriq beradi. Mustafa Kemal posho bu yerda turib mashhur: „Ordular, ilk hedefiniz Akdenizdir, İleri!“ (Askarlar, ilk manzilingiz Oʻrtayer dengizidir, olgʻa!), deb buyruq bergan edi. 1922-yil 1-sentyabr kuni Turk armiyasi qochib boryotgan yunon armiyasining ortidan tushadi. Jangdan qochayotgan yunon armiyasi Izmir, Dikili ve Mudanyaga tartibsiz ravishda qocha boshlaydi. Yunon qoʻshinlarining bosh qoʻmondoni Nikolaos Trikupis va ofitserlari bilan 6.000 askar Afyonlik Ahmet Çavuş yetakchiligidagi armiya tomonidan Ushak yaqinlarida asirga olinadi. Trikupis yunon qoʻshinlarining bosh qoʻmondoni etib tayinlanganini Ushakda, Mustafa Kemal poshodan eshitadi. Turk armiyasi bu jangda 15 kun yoʻl yurib, 450 kilometr masofani bosib oʻtadi va 1922-yil 9-sentyabr kuni Izmirga kiradi. Yuzboshi Şerefittin Bey Izmirdagi hukumat binosiga, 5-otliq tumanining yetakchisi Yuzboshi Zeki Bey qoʻmondonlik binosiga, Reşat Bey esa Kadifekalega turk bayrogʻini oʻrnatishadi. "Buyuk hujum" boshlanganidan 4-sentyabrga qadar yunon armiyasi 321 kilometrlik masofada ortga chekinadi.[12] 7-sentyabr kuni Turk armiyasi Izmir shahriga 40 kilometrgacha yaqin kelib qolgandi.[13] 1922-yil 9-sentyabr kuni New York Times gazetasi armiya yoʻqotishlari borasida toʻxtalib oʻtadi. Unga koʻra yunon armiyasi 910 ta toʻp, 1.200 ta yuk mashinasi, 200 avtomabil, 11 ta samolyot, 5000 ta pulyemot, 40.000 ta miltiq va 400 vagonlik qurol-yarogʻ borligini qayd qilib oʻtadi.[14] Bundan tashqari 20.000 yunon askarining asir tushganini aytib oʻtiladi. Yunon armiyasining 200.000 kishi ekanligi, shundan yarmi halok boʻlganini va 50 minga yaqini qochib ulgurganini taxmin qilinadi.[15] Buyk hujum boshlanganidan beri qoʻlga olingan va turk armiyasining ehtiyojidan ortiq boʻlgan 8.371 ot, 8.430 hoʻkiz, 8.711 ta eshak, 14.430 ta qoʻy va 440 ta tuya xalqqa tarqatiladi. "Buyuk hujum"dan soʻng asirga tushgan yunon askarlarining soni 20.826 nafar edi. Bulardan 23 ta batalyon tuzilib, oʻzlari tomonidan buzib tashlangan temir yoʻllarni qayta taʼmirlash uchun ishlatiladi. "Buyuk hujum" boshlanganidan buyon turk armiyasining yoʻqotishi (26-avgustdan 9-sentyabrga qadar 2.318 ta oʻlim, 9.360 yarador, 1.697 bedarak yoʻqolgan va 101 ta asirdan iborat boʻlgan edi. 18-sentyabrga qadar, yaʼni yunon askarlarining Erdakdan chekinib, Gʻarbiy Onadoʻludagi yunon qoʻshinlarining haydab chiqilishigacha (24-kun davomida) jami, 2.543 kishi halok boʻladi. (146 ta ofitser, 2.397 ta askar) va 9.855 yarador, (378 ta ofitser va 9.477 askar) berilgan edi. 9-sentyabr kuni Turk qoʻshinlari Izmirga kiradi. 11-sentyabrda Bursa, Focha, Gemlik va Orhaneli, 12-sentyabr kuni Mudanya, Qirqogʻoch, Urla, 13-sentyabrda Soma, 14-Sentyabrda Bergama, Dikili va Karajabey, 15-sentyabr Alachati va Ayvalik, 16-sentyabr Chashma, 17-sentyabr Qoraburun, Bandirma va 18-sentyabr kuni Biga va Erdek kabi hududlar ozod qilinadi. 1922-yil 11-oktyabr kuni imzolangan „Mudanya tinchlik shartnomasi“ bilan sharqiy Trakya hech qanday harbiy toʻqnashuvlarsiz yunon armiyasidan ozod qilinadi. 1923-yil 24-iyul kuni imzolangan Lozanno shartnomasi bilan urush rasman nihoyasiga yetadi va Turkiya mustaqilligini butun dunyoga qabul qildiradi. Mustafa Kemal posho „Buyuk hujum“da erishilgan gʻalabaning muhimligini 1924-yil 30-avgust kuni qilgan nutqida shunday ifodalaydi: „Hech shubhasiz yangi Turk davlatining, yosh Turkiya respublikasining tamali aynan shu yerda qoʻyildi. Bu maydonda oqqan qonlar, bu samoda uchib yurgan shahid ruhlar davlat va respublikamizning abadiy muhofizlaridir…“

Tarixchi Isaiah Friedman yunonlarning Kichik Osiyodagi magʻlubiyati togʻrisida shunday deydi: „Yunon armiyasining kutilmagan bu magʻlubiyati qiyomatga teng edi. Toʻrt kun ichida butun yunon armiyasi Kichik Osiyoda yoʻq qilindi yoki dengizga toʻkildi...“[16]

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Belgelerle Türk tarihi dergisi, Editions 28–31, Menteş Kitabevi, 1999, page 35 (turkcha)
  2. 2,0 2,1 A. Dural: His Story: Mustafa Kemal and Turkish Revolution, ISBN 0595412513, iUniverse, 2007, page 93
  3. 3,0 3,1 Nizamettin Nazif Tepedelenlioğlu: Bilinmiyen taraflariyle Atutürk, Yeni Çığır Kitabevi, 1959, page 64 (turkcha)
  4. 4,0 4,1 Assertion of unitary, independent national states in central and southeast europe (1821–1923), Bibliotheca historica romaniae Edition 62, Edited by Viorica Moisuc and Ion Calafeteanu, Section des sciences historiques de l'Académie de la République Populaire Roumaine., 1980, page 340 (footnote 94)
  5. Ali Çimen, Göknur Göğebakan: Tarihi Değiştiren Savaşlar, 2. Edition, ISBN 9752634869, page 321. (turkcha)
  6. Armistice sought by Greeks as Turks press near Smyrna, New York Times, published 8 September 1922
  7. Clodfelter, Micheal. Warfare and armed conflicts : a statistical encyclopedia of casualty and other figures, 1492/2015, Fourth — 346-bet. ISBN 1476625859. 
  8. Chronicling America - Historic American Newspapers, Turk Cavalry Routs Greeks, The Ogden standard-examiner (Ogden, Utah), 7 September 1922, page 2.
  9. Armistice Sought By Greeks As Turks Press 8 September 1922.
  10. „sosyalbilgilerci.com“ (2012-yil 10-fevral). 2017-yil 12-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 30-avgust.
  11. Nutuk, Taarruz Kararı yan başlıklı bölüm.
  12. Greek loose Ushak , New York Times, 05.09.1922.
  13. Turk cavalry routs Greeks , 07.09.1922 tarihli The Ogden standard-examiner, sayfa 2, (Chronicling America - Historic American Newspapers).
  14. Armistice sought by Greeks as Turks press near Smyrna , New York Times, 07.09.1922.
  15. Greeks hand over Smyrna to Allies New York Times, 09.09.1922 tarihli makale.
  16. Isaiah Friedman: British Miscalculations: The Rise of Muslim Nationalism, 1918-1925, Transaction Publishers, 2012, ISBN 1412847109, sayfa 293