Kembriy sistemasi
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Kembriy sistemasi (DAVRI), kembriy (Cambria — Uelsning lot. nomi) — Yerning geologik tarixidagi paleozoy eratemasining birinchi davri. Stratigrafik shkalada paleozoy eratemasining ordovik va yuqori proterozoyning vend sistemasi oraligʻida joylashgan boʻlib, fanerozoy eonotemasining quyi paleozoy eratemasiga mansub. Radiologik xronometriya maʼlumotlariga koʻra, kembriyning quyi chegarasi 570 mln. yil, yuqorisi 510 (490) mln. yil qilib belgilangan.
K.s. 1835-yilda ingliz geologi A.Sejvik tomonidan Buyuk Britaniyadagi Uels togʻlarida devon davrigacha boʻlgan yotqiziqlarni oʻrganish vaqtida ajratilgan. Uning A.Sejvik tomonidan aniklangan dastlabki hajmi hozirgi zamon tushunchasiga toʻgʻri kelmaydi. Keyinroq A.Sejvik K.s.dan Monto-kembriy kompleksining metamorfik jinslarini ajratgan va kembriyning quyi chegarasiga aniqlik kiritgan. Lekin sistemaning yuqori chegarasi oʻzicha qolaverdi. A. Sejvik yoʻl qoʻygan xatoning asosiy sababi — u paleontologik metodga ishonchsizlik bilan qaradi.
K.s. hajmi 1879-yil ingliz geologi Charlz Lepvors tomonidan aniklandi va hozirgi zamon tushunchasiga yaqinlashtirildi. U fauna majmualarining farqiga asoslanib devongacha boʻlgan yotqiziqlarni 3 mustaqil sistema — kembriy, ordovik (birinchi marta) va silurga ajratdi, Bunday boʻlinishga baʼzi oʻzgarish va qoʻshimchalar qilinib, hozirgacha foydalanib kelinmoqda. 1888-yil amerikalik geolog Ch.Uolkott kembriy faunasining ketma-ketligiga asoslanib, K.s.ni 3 qism (boʻlim)ga: quyi kembriy, oʻrta kembriy va yuqori kembriyga ajratishni taklif qildi. K.s. 20-asrning 50-y.larigacha yaruslarga ajratilmagan. 1956-yilda Sibir platformasini oʻrganish asosida quyi boʻlim aldan va lena yaruslariga, oʻrtasi — amgin va may yaruslariga ajratildi. Yuqori boʻlimi 1982-yilda Kozogʻiston kesmasi boʻyicha yaruslarga ajratildi. Oʻsha yili quyi kembriy yarusi shkalasiga baʼzi oʻzgartishlar kiritildi (Kembriyning umumiy stratigrafik shkalasiga q.). Bu yaruslar 1989 va 1992-yillardagi xalqaro shkalaga kiritilgan. Yaruslarga ajratishda organik qoldiqlar turli guruhlarining evolyusion rivojlanish bosqichlari, yaʼni shu guruhlardagi eng koʻzga tashlanuvchi morfologik oʻzgarishlar asos qilib olingan, ularning chegaralari esa bu bosqichlar orasidagi chegaralarga mos keladi. Har bir yarus uchun trilobitlar, arxeotsiatlar, braxiopodalar, mollyuskalar va b.ning mutanosib majmualari xos. K.s.da tokembriy skeletsiz biotalar yoʻqolib, skeletli organizmlar paydo boʻldi. Bu holni muhitdagi kimyoviy oʻzgarishlar, shuningdek, kosmik omillarning mutagen taʼsiri deb hisoblaydilar. Quyi kembriy yotqiziqlari orasida dengiz transgressiyasi natijasida dengiz yotqiziqlari keng tarqalgan, oʻrta kembriydan yuqori kembriy boshlarigacha koʻp joylarda regressiya sodir boʻlgan. Yuqori kembriyda ilk bor lagunaga xos qizil rangli jinslar topilgan. Asosiy tektonik strukturalar rifey oxirlaridan boshlab shakllangan. Oʻsimlik dunyosi koʻk-yashil va qizil suvoʻtlar va ibtidoiy yuksak oʻsimliklardan iborat edi. Kembriyda paleozoyda maʼlum boʻlgan organizmlar guruhining barchasi vujudga kelgan. Paleookeanlarning kembriy suvlarida arxeotsiatlar, trilobitlar, bulutlar (gubki), qulfsiz braxiopodalar, xiolitlar, gastropodalar, stenotekoidlar, ignatanlilar, chuvalchanglar, konodontlar, qisqichbaqasimonlar, sianobakteriyalar, turli suvoʻtlar va hokazo yashagan. Ularning koʻpchiligi sekin-asta rivojlanib, tuzilishlari murakkablasha borib, butun fanerozoy davomida mavjud boʻlgan. Kembriyda organik dunyoning nihoyatda turli-tuman boʻlishiga yirik dengiz havzalarida yashash muhitining qulayligi imkon yaratdi. Dengizlarning iliq suvida organizmlarning biologik strukturasining oʻzgarishiga, yangi formalarining paydo boʻlishiga ijobiy taʼsir etuvchi turli kimyoviy elementlarning yuqori konsentratsiyasi mavjud boʻlgan. K.s. foydali kazilmalari orasida Qozogʻistondagi fosforit koni, Sharqiy Sibir va Xitoydagi boksit, Rossiyaning Kuznetsk Olatovidagi marganets, Sibirdagi tosh tuzi va neft konlari muhim oʻrin tutadi. Bu davr yotqiziqlari de-yarli hamma qitʼalarda aniqlangan. Oʻrta Osiyoda K.s. yotqiziklari Shim. Tyanshan, Chatqol, Qoratogʻ, Norin, Pomir togʻlarida bor. Oʻzbekistonda Piskom, Olay, Turkiston tizmalarida, Markaziy Qizilqumning Nurota va Tomdi togʻlarida ham aniklangan. Bu joylarda kembriy atdabanoqsoy yaruslarida maʼlum boʻlib, tarkibida koʻplab arxeotsiatlar, trilobitlar, xiolitlar, qulfsiz braxiopodalar, ohak-toshli suvoʻtlar boʻlgan dengiz koʻmir-kremniyli-slanetsli, ohaktoshsla-netsli va karbonatli yotqiziqlarda na-moyon boʻlgan. K.s.ning koʻmirkremniy-ohaktosh-slanetsli yotqiziqlari ruda hosil boʻluvchi gidroter-mal tipli oltin-kumush-polisulfid rudali formatsiyalariga mansubdir. Koʻmir-kremniy slanetslarning yuqori radioaktivligi va qumli ohaktosh lin-zalarida koʻp miqdorda fosfor borli-gi toʻgʻrisida maʼlumotlar bor.[1]
Manbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |