Chigʻatoy

Chingizxonning ikkinchi oʻgʻli, Chigʻatoy ulusi hukmdori
(Chig'atoydan yoʻnaltirildi)

Chigʻatoy (moʻgʻ.: Цагадай; ᠴᠠᠭᠠᠲᠠᠶ Čaɣatay; uygʻurcha: چاغاتايخان, Chaghatay-Xan; xitoycha: 察合台, Chágětái; turkcha: Çağatay; forscha: جغتای, Jagʻatoy (1185-1242) — Chigʻatoy ulusi hukmdori (1224—1242). Chingizxonning ikkinchi oʻgʻli. Onasi Boʻrta fujin (xotun) qoʻngʻirot urugʻi vakili Day noʻyonning qizi boʻlgan. Saltanat qonun qoidalari (toʻra), udumlar, xususan, Chingizxon buyrugʻini istisnosiz bajarilishini nazorat qilish uning zimmasiga yuklatilgan. Chigʻatoy Chingizxon boshliq moʻgʻullarning bosqinchilik yurishlarida faol ishtirok etgan. 1211-yilda Xitoyga qarshi tashlangan harbiy safarda Chigʻatoy ukalari Oʻqtoyxon va Tulu hamrohligida bir nechta yirik shaharlarni zabt etgan. Oʻrta Osiyoning moʻgʻullar tomonidan istilo qilinishida faollik va qattiqqoʻllik koʻrsatgan Chigʻatoy Joʻji va Oʻqtoy bilan birgalikda Oʻtrorni 3 oylik qamaldan soʻng (1219-yilda) olgan. 1220-yil Urganch mudofaasi vaqtida Chigʻatoy bilan akasi Joʻji oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga chiqadi. Oqibatda Chingizxon lashkar qoʻmondonligiga Oʻqtoyni tayinlaydi. Chigʻatoy 1221-yilning 25-noyabrida Sulton Jaloliddin bilan boʻlgan qaqshatqich jangda (Sind daryosi boʻyidagi jang) otasi yonida turgan. Chingizxonning tangutlarga qarshi uyushtirgan harbiy safari chogʻida (1227) Chigʻatoy yurtni muhofaza qilish ishlariga boshchilik qilgan.

Chigʻatoy
ᠴᠠᠭᠠᠲᠠᠶ
Fayl:Chaghataikhan.jpg
XVIII asrda chizilgan Chigʻatoyxonning (1185-1242) taxminiy tasviri.
Chigʻatoy ulusi
Davomchisi Qora Xulagu
Tugʻilishi 22-dekabr, 1185-yil
Vafoti 1242-yilda (58 yoshda)
Almaligʻ (Xitoy)
Turmush oʻrtogʻi Yesulun xotun
Togʻan xotun
Sevinch xotun
Uy Borjigin
Otasi Chingizxon
Onasi Boʻrta xotun
Dini Tangrichilik

1224-yil Chingizxon moʻgʻullar zabt etgan yerlarni oʻgʻillariga mulk tarzida taqsimlab bergan. Sharqda nayman qabilalari yashaydigan Oltoydan gʻarbda Jayxun (Amudaryo)gacha, Gʻuljadan Samarqandu Buxorogacha boʻlgan hududlar Chigʻatoyga tekkan. Uning qarorgohi Ili daryosi vodiysida joylashgan. Chigʻatoy oʻziga tegishli ulus boshqaruvini avval Maxmud Yalavochga, 1238-yil Mahmud Yalavoch Oʻqtoy tomonidan Pekin gubernatori (1254-yilgacha) etib tayinlangach, uning oʻgʻli Masʼud Yalavochga (1238—89) topshirgan. Oʻzi umrining oxirigacha Oʻqtoy qoon saroyida hukmdorning maslahatchisi sifatida faoliyat koʻrsatgan. Chigʻatoy nomi bilan uning ulusi Chigʻatoy ulusi, Movarounnahr aholisi soʻzlashadigan til esa chigʻatoy tili deb nom olgan (qarang Chigʻatoylar).[1]

Manbalar

tahrir
  1. Dadaboyev, Hamidulla. "Chigʻatoy" OʻzME. Ch-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar

tahrir
  • Рашидаддин, Сборник летописей. Т. 2., М.Л., 1960.
  • Abulgʻoziy, Shajarayi turk, T., 1992; Mirzo Ulugʻbek Toʻrt ulus tarixi, T., 1994.