Chimyon soxta klausiyasi (lotincha: Pseudoclausia tschimganica) – ikki urugʻpallalilar sinfi, karamdoshlar oilasiga mansub gulli oʻsimlik turi. Hayotiy shakli ikki yillik o‘simlik. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Chatqol togʻ tizmasi hududida tarqalgan[1].

Chimyon soxta klausiyasi
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Yuksak oʻsimliklar
Sinf: Ikki urugʻpallalilar
Turkum: Pseudoclausia
Oila: Karamdoshlar
Binar nomi
Pseudoclausia tschimganica

Tavsifi

tahrir

Boʻyi 30-50 baʼzan 100 sm gacha yetadigan ikki yillik oʻt oʻsimlik. Oʻq ildiz sistemasiga ega. Poyasi uzun, yuzasi qisqa bezchali tuklar bilan qoplangan, ildiz boʻgʻzidan shoxlanib ketgan. Barglari, yashil, oddiy, bandli, ingichka, nashtarsimon, poyada ketma ket joylashgan. Gullari bir jinsli, uzunligi 9-11 mm. Gultojibarglari qoʻngʻir tusda binafsharang tomirlari boʻrtib turadi. Urug‘chibargi 2 ta urugʻdonning qoʻshilishidan hosil boʻlgan, ikki tumshuqchali. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyun iyul oylarida gullab mevasi avgustda pishib yetiladi. Mevasi quruq qoʻzoq meva. Qoʻzogʻi yassi tasbehsimon shaklda, poyaga yopishgan uzun tumshuqchali. Mevasi pishib yetilganda yuqori qismidan boshlab ochila boshlaydi va urug‘lari yerga toʻkiladi. Urug‘ida endosperm mavjud emas. Urug‘i orqali koʻpayadi.

Tarqalishi va oʻsish sharoiti

tahrir

Yovvoyi tabiatda kam uchraydi, yakka yakka holatda oʻsadi. Toshkent viloyatining Chatqol togʻ tizmasi hududida tarqalgan. Qoyalarda, toshli shagʻalli yerlarda, daryo boʻylaridagi toshloq yerlarda, eriyotgan qor uyumlari atrofida uchratish mumkin. Maʼlum bir tuproq sharoitiga moslashganligi sababli tabiatda kam tarqalgan. Ugom-chatqol davlat tabiat milliy bogʻi hududida muhofaza ostiga olingan[2].

Manbalar

tahrir
  1. „Pseudoclausia tschimganica“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.