Daralitogʻ
Daralitogʻ — Kalif-Sherobod qator tepalari (gryadasi)ning bir qismi, Sherobod dashtiga tutashgan. Surxondaryo viloyatida. Eng baland joyi 823 m. D. Talxobdaxana darasidan (jan.-gʻarbdan) Shoʻrbuloqqacha 30 km ga choʻzilgan. Boʻr davrining gil, qumtosh, alevrolit va mergellaridan, paleogenning qumtosh va ohaktoshlaridan tuzilgan. Paleogenning ohaktoshlari (buxoro yarusi) D.ning oʻq qismiga toʻgʻri keladi. Ohaktoshlar zich va qattiq boʻlganligi tufayli suvayirgʻich qismida qalqonsimon relyef shakllari vujudga kelgan.
D.ning janubi-sharqiy yon bagʻri ancha tik. Quruq soylar bilan kuchli parchalangan va vaqtincha oqar soylarning pro-lyuvial tekisliklari togʻ oldida keng hududni egallagan. Dagʻal toʻq boʻz tuproqlarda shuvoq, biyurgʻun, shoʻra, gulxayri, oqquray, qoʻngʻirbosh, rang va boshqa efemerlar keng tarqalgan, bahor va kuzda pichan oʻrib olinadi. D. yaylov chorvachiligida foydalaniladi.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |