Davlatmandbek Kamoliddinbek oʻgʻli

Davlatmandbek Kamoliddinbek oʻgʻli (7—1922.4.8) — qoʻrboshi, Sharqiy Buxoroda bosqinchi qizil armiya qismlariga qarshi istiqlolchilik harakati rahbarlaridan. Buxoro amirligi davrida Baljuvon begi, devonbegi, lashkarboshi boʻlgan. Baljuvon va Sherobod bekliklarida katta yer-mulki boʻlgan. Amir Olimxon qizil qoʻshinga qarshi kurashda amirlik Qoʻshiniga Ibrohimbek va Davlatmandbekni lashkarboshilar qilib tayinlagan (1920). Davlatmandbek Sharqiy Buxoroning Baljuvon, Konkurd, Chigʻon mintaqalarida qizil armiyaga qarshi mustaqillik bayrogʻini koʻtargan, 1921-yil boshida uning qoʻshini tarkibida 5000 dan ortiq yigit boʻlgan. 1921-yil 12-avgustda Baljuvonda Buxoro xalq respublikasi hukumatining favqulodda muxtor vakili Otaulla Xoʻjayev bilan Davlatmandbek qoʻrboshi oʻrtasida shartnoma imzolandi. Unga koʻra, yangi Buxoro hukumati tomonidan Sharqiy Buxorodagi yirik qoʻrboshilar Davlatmandbek va Sulton Eshon Baljuvon va Gʻarm inqilobiy qoʻmitalarining raisi qilib tayinlangan. Davlatmandbek Buxoro qududidan qizillar qoʻshinining olib ketilishi, Buxoro respublikasining mustaqilligi amalda qaror topishi uchun izchil kurash olib borgan. Anvar Posho 1921-yil noyabrda Buxoroga kelgach, Davlatmandbek uning lashkari safiga qoʻshilgan. 1922-yil boshlarida Davlatmandbek yigitlari Dushanba atrofidagi Hisor va Baljuvon, shuningdek, Koʻlobda qizil askar qismlari ustidan gʻalabalarga erishgan. 1922-yil 4-avgustda Baljuvon yaqinidagi Obidara qishlogʻida qizil askarlar bilan boʻlgan mashhur jangda Davlatmandbek Anvar Posho bilan birga halok boʻlgan.

Davlatmandbek Kamoliddinbek oʻgʻli
Vafoti 4-avgust 1922

Yana qarang

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Rajabov Q. K., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar, T., 2000; Turkestan v nachale XX veka; k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Muhammad Ali Baljuvoniy, Tarixi nofeiy (foydali tarix), T., 2001. Qahramon Rajabov.