Davlatsulton Xonim — Boburning xolasi. Yunusxonning kenja qizi. Onasi Shohbegim — Badaxshon shohi Sulton Muhammadning qizi edi. 1503-yil Shayboniyxon Sulton Mahmudxon va Olachaxon ustidan g‘alaba qozonib, Toshkentni zabt etganda, Davlatsulton Xonimga Temur Sulton (Shayboniyxonning o‘g‘li) uylangan. Davlatsulton Xonim Temur Sultondan bir qiz ko‘rgan. 1512-yil Bobur Samarqandni egallagan paytda Shayboniylar sulolasi vakillari Turkistonga qochadi. O‘sha paytda Davlatsulton Xonim ular bilan ketmay Samarqandda qolgan. Bobur Ko‘li Malikda Shayboniyxondan yengilgandan so‘ng, Davlatsulton Xonim u bilan Samarqanddan chiqqan, so‘ngra Badaxshon viloyatiga borgan. 1515-yil Koshg‘arga, jiyani Sulton Saʼidxon huzuriga borib, umrining oxirigacha o‘sha yerda yashagan. Bobur keyinchalik xolasi bilan xat orqali hol-ahvol so‘rashib turgan[1].

  1. Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi. SHARQ. -T.;2014