Dilorom Jabborovaga nisbatan jinoyat ishi


Dilorom Jabborovaga nisbatan jinoyat ishi – ijtimoiy tarmoqlarda oʻzini defektolog, duduqlanib gapiradigan bolalarni davolovchi mutaxassis sifatida tanitib faoliyat yuritib kelayotgan Dilorom Jabborova ustidan ochilgan jinoiy ish[1][2].

Dilorom Jabborovaga nisbatan jinoyat ishi
Soha jinoyat ishi
Oʻtkazilgan joyi Toshkent shahar Yunusobod tumani sudi[1]
Boshlanish sanasi 2024-yil 27-fevral[2]

Tergov

tahrir

Logoped Dilorom Jabborova 2023-yil dekabr oyida Jizzax shahrida oʻtkazilgan seminar davomida bir bolani qo‘rqitish, tahqirlash bilan davolamoqchi boʻlayotgani aks etgan video internetda keng tarqaldi. Bu video odamlarning eʼtirozlariga sabab boʻldi[1][3]. Ushbu holat boʻyicha xorijlik mutaxassis, Rossiyadagi nutq markazlari tarmogʻi rahbari, 40 yildan buyon shu sohada faoliyat yuritib kelayotgan Natalya Shutova bunday kishilarni „shamanlar“ deya atadi. Shuningdek, O‘zbekistonda defektologiya sohasining yetakchilaridan biri boʻlmish Ubayda Fayziyeva ham Biz Rossiyadan qolishmaydigan darajada tajribaga egamiz, logopedlarimiz juda katta yutuqlarga erishayapti. Bolalarni bunday yoʻl bilan davolash usuli esa fanda mavjud emas, bu kabi usullar bolani battar nogiron qilib qoʻyishi mumkin deya fikr bildirgan[2].

Defektolog Dilorom Jabborova orada bir muddat oʻz faoliyatini toʻxtatgan boʻlsada, koʻp oʻtmay yana davom ettirdi. Bolalar ombudsmaning xabar berishicha[2], Jizzax viloyatidan soʻng respublikaning boshqa viloyatlari hamda qoʻshni davlatlarda ham treninglar rejalashtirayotgan edi. Vaziyatni Bolalar ombudsmani nazoratga olib, Dilorom Jabborovaning faoliyatini oʻrganish maqsadida defektolog va logopedlardan iborat ishchi guruh tuzdi. Ishchi guruh tomonidan defektolog faoliyati mutlaqo ilmiy asoslanmagan, murakkab duduqlanish muammosiga tor va ibtidoiy yondashuvda ekani, duduqlanishni bartaraf etishda qoʻllayotgan ruhiy va jismoniy zoʻravonlik usulari bolalarning sogʻligʻi va tarbiyasiga jiddiy zarar keltirishi hamda pedagogika qoidalariga butunlay zid ekanligi aniqlandi. Ushbu xulosaga binoan, odamlarni aldash va ishonchini suiisteʼmol qilishda ayblanib, firibgarlik boʻyicha jinoiy ish ochildi[2].

Sud ishi

tahrir

2024-yilning 27-fevral kuni jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergov boʻlimi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borildi[1][3]. Dilorom Jabborovga nisbatan Jinoyat-protsessual kodeksining 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi[1][4]. Surishtiruv ishlari davomida Dilorom Jabborovaning bolalar duduqlanishi muammosiga oid har qanday faoliyat bilan shugʻullanishni toʻxtatilish kerakligi haqida ogoohlantirildi[4].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 „Defektolog Dilorom Jabborovaning sud ishi“. https://www.gazeta.uz. Gazeta.uz. Qaraldi: 2024-yil 20-iyul.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 „Defektolog Dilorom Jabborovaning sud ishi“. https://kun.uz. Kun.uz. Qaraldi: 2024-yil 20-iyul.
  3. 3,0 3,1 „Defektolog Dilorom Jabborovaning sud ishi“. https://qalampir.uz. Qalampir.uz. Qaraldi: 2024-yil 20-iyul.
  4. 4,0 4,1 „Defektolog Dilorom Jabborovaning sud ishi“. https://uzreport. Uzreport. Qaraldi: 2024-yil 20-iyul.