Dostonchilik maktabi
Dostonchilik maktabi - baxshilik sanʼati markazi. Oʻzbek folklorshunosligida Bulungʻur, Narpay, Qoʻrgʻon, Xorazm, Shahrisabz, Sherobod kabi yirik dostonchilik maktablaridan tashqari, Qamay, Piskent, Qulbuqon, oʻzbeklaqay va b. shunday markazlar ham ma'lum, Ular repertuarlari, uslubi, maʼlum ijod tamoyili va ijro usullariga koʻra bir-biridan ajralib turadi. Mas, 19-asrda Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanining Qamay qishlogʻi bilan bogʻliq Qamay D. m. mavjud boʻlgan. Bu maktab Dehqonobod va Gʻuzor tumanlari atrofida yashovchi Abdukarim Juyruq (19-asr), Mulla Xolnazar oʻgʻli (1910-yil v.e.), Bozor Sherqul oʻgʻli (1887—1953), Hazratqul baxshi Xudoyberdiyev (1920-yil t.) kabi 60 ga yaqin baxshilarni birlashtirgan. Ular Shahrisabz dostonchilik maktabi bilan ijodiy hamkorlikda boʻlgan. Qamay D. m. vakillari xalq dostonlarining lirik yoʻnalishiga alohida eʼtibor berishgan. Ular poetik shakllar taraqqiyotida Sherobod dostonchilik maktabi vakillariga nisbatan ilgarilab ketganlar. Qamay dostonchilaridan "Nuralining yoshligi" (1972, 1977), "Xonimoy" (1963) va b. dostonlar yozib olingan. Piskent D. m. Berdi baxshi nomi bilan bogʻliq. Mazkur maktab lirik yoʻnalishga moyil, baʼzi jihatdan Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining ota-bobolari asos solgan Qoʻrgʻon dostonchilik maktabi baxshilariga yaqin poetik uslubga ega bulgan. Jan. Tojikistonda yashovchi oʻzbeklaqay baxshilari Dangʻara tumanining Jorubkoʻl qishlogʻi bilan bogʻliq. Haybat Shamol oʻgʻli (19-asr), Tula Haybat oʻgʻli (1884-1966), Mustafoqul Qunduz oʻgʻli (1883—1966), Shomurod Shamol oʻgʻli (1883—1964) va b. bu maktabning isteʼdodli vakillaridan hisoblangan. Bu baxshilar repertuarining asosini "Goʻroʻgʻli" dostonlar turkumi tashkil qilgan. Ularning matni nihoyatda qisqa, ixcham. Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumani hududida Qoʻlbuqon D. m. shakllangan. Haydar Boycha oʻgʻli, Razzoq Qozoq oʻgʻli, Usmon Mamatqul oʻgʻli, Boʻri baxshi, Mallavoy Hoshimovlardan yozib olingan xalq ogʻzaki ijodi namunalari bu maktabga Bulungʻur dostonchilik maktabi taʼsiri kuchli boʻlganligini koʻrsatadi.
Adabiyot
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Razzoqov H., Mirzayev T., Sobirov O., Imomov K., Oʻzbek xalq ogʻzaki poetik ijodi, T., 1980.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |