Dostonlar

oʻzbek shoiri Erkin Vohidov yozgan dostonlar toʻplami

„Dostonlar“oʻzbek shoiri Erkin Vohidov qalamiga mansub dostonlar toʻplami. 1973-yil Toshkent shahrida Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida chop etilgan. Toʻplamga muallifning „Quyosh maskani“, „Nido“, „Buyuk hayot tongi“, „Charogʻbon“, „Palatkada yozilgan doston“ hamda „Orzu chashmasi“ dostonlari kiritilgan.

Dostonlar
Muallif(lar) Erkin Vohidov
Til oʻzbekcha
Janr(lar)i sheʼrlar va doston
Nashriyot Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 1973
Sahifalar soni 148

Dostonlar

tahrir
Doston Yil Qisqa tavsifi
„Quyosh maskani“ 1973 Ushbu dostonning toʻliq nomi „Quyosh maskani: Ostankino minorasidagi oʻylar“dir. Dostonda Vohidov Sovet Ittifoqi tarixi, Moskva shahri, vatani Oʻzbekiston SSR, xususan, tugʻilgan qishlogʻi Oltiariq hamda kommunizm haqida soʻz yuritadi.
„Nido“ 1964 Dostonni muallif Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan otasiga bagʻishlagan. Xususan, asarda Vohidov otasi yana uch askar bilan dushman hududiga razvedkaga borib, halok boʻlgani haqida soʻz yuritadi. Tanqidchilar va oʻquvchilar tomonidan yuqori baholangan ushbu doston Vohidovga shuhrat olib keldi. Doston koʻp sonli oʻzbek tilidagi adabiyot darsliklaridan oʻrin olgan.
„Buyuk hayot tongi“ 1960–1965 Doston Vladimir Leninning yoshligi haqidadir. Unda Vohidov Leninning Simbirsk (hozirgi Ulyanovsk) shahrida oʻtkazgan vaqti, gimnazist chogʻligida daryoga choʻkayotgan boshqa bir bolani qutqarib qolgani haqida soʻz yuritadi. Shuningdek, dostonda Leninning akasi Aleksandr Ulyanovning qatl etilishi, ushbu holat Leninning Rossiyada inqilob uchun kurashishga boʻlgan ishtiyoqini yanada oshirgani ochib berilgan.
„Charogʻbon“ 1970 Dostonda Vladimir Lenin, xususan, uning Rossiyani elektr energiyasi bilan taʼminlashni koʻzlagan GOELRO rejasi (ruscha: Государственная комиссия по электрификации России, ГОЭЛРО) haqida soʻz yuritiladi. Dostondan Leninning doʻsti, fizik va davlat arbobi Gleb Krjijanovskiy bilan suhbatlari hamda ingliz yozuvchisi H. G. Wells bilan uchrashuvi muallif tasavvurida yoritib berilgan. Ilmiy fantastika janriga asos solgan yozuvchilarning biri hisoblanuvchi Wells 1920-yilda Lenin bilan koʻrishgan. Yozuvchi Leninning mamlakatni elektr energiyasi bilan taʼminlash rejasini eshitib, uni „xayolkash“ deb atagan[1]. Doston muallifning 1970-yil nashr qilingan „Charogʻbon“ sheʼriy toʻplamiga ham kiritilgan.
„Palatkada yozilgan doston“ 1966 Dostonda 1966-yil 26-apreldan 27-aprelga oʻtar kechasi sodir boʻlgan Toshkent zilzilasi va uning oqibatlarida haqida soʻz yuritiladi. Vohidov dostonni 1966-yil 28-may–10-iyun oraligʻida yozgan. Dostonda shahar soatlari 5-u 23 da toʻxtab qolgani, turli insonlarning zilzila oqibatlariga turli munosabati, qoʻshni oʻlkalardan kelgan yordam, shaharni qayta qurish ishlari haqida soʻz yuritiladi.
„Orzu chashmasi“ 1964 Ushbu dostonning toʻliq nomi „Orzu chashmasi: Qora dengiz ertagi“dir. Vohidov bu dostonni 1964-yil Yaltada yozgan. Dostonda Qora dengiz sohilida yashovchi ikki sevishgan – Orzu va Ogʻadoʻstning fojiali taqdiri haqida hikoya qilinadi. Doston Mirtemirning quyidagi misralari bilan boshlanadi: „Kecha oydin, bahor ayyomi, qatra-qatra yosh toʻkar buloq“.

Manbalar

tahrir
  1. Timofeychev, Alexey „Surprised by Russia: How Lenin and Stalin astonished H. G. Wells“. Russia Beyond. Qaraldi: 6-sentabr 2019-yil.

Havolalar

tahrir