Erkin Vohidov

oʻzbek shoiri, dramaturgi, adabiy tarjimoni va davlat arbobi

Erkin Vohidov (28-dekabr 1936 – 30-may 2016) — taniqli oʻzbek shoiri, dramaturgi, adabiy tarjimoni va davlat arbobi.[1] Vohidov oʻz sheʼrlarini yozish bilan bir qatorda taniqli xorij ijodkorlari, jumladan, Aleksandr Tvardovskiy, Johann Wolfgang von Goethe, Muhammad Iqbol, Rasul Hamzatov hamda Sergey Yesenin asarlarini yuksak mahorat bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Ayniqsa, shoirning Yesenen asarlaridan hamda Goethening „Faust“ asarini qilgan tarjimalari eʼtiborga loyiqdir.

Erkin Vohidov
Erkin Vohidov 6.jpg
Tavallud sanasi: 28-dekabr 1936-yil(1936-12-28)
Tavallud joyi:Oltiariq tumani, Fargʻona viloyati
Oʻzbek Sovet Sotsialistik Respublikasi
Vafot sanasi:30-may 2016-yil(2016-05-30)
(79 yoshda)
Vafot joyi:Toshkent, Oʻzbekiston
Kasb: Shoir, dramaturg, adabiy tarjimon, davlat arbobi
Mukofot:

Vohidov 1983-yil Hamza nomidagi Oʻzbekiston SSR Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 1987-yil Oʻzbekiston xalq shoiri unvonini olgan. 1999-yilda esa oliy darajadagi Oʻzbekiston Qahramoni mukofotiga sazovor boʻlgan.[2]

HayotiTahrirlash

Erkin Vohidovich Vohidov 1936-yilning 28-dekabrida Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida tugʻilgan.[3] Oʻqituvchi boʻlib ishlagan otasi Choʻyanboy Vohidov Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, qaytib kelganidan keyin, vafot etgan. Vohidov oʻsha paytda toʻqqiz yoshda boʻlgan. Vohidov oʻsha davr qiyinchiliklarini shunday eslaydi:

  Otam frontda ekanida onam qishloq kengashida kotiba boʻlib ishlar, qiyinchilik bilan kun kechirar edik. Joʻxori poyasini shimib tilimni qonatganim, bolalarga qoʻshilib kunjara yeganim uchun onam yuzimga shapaloq urgani va oʻzi kechgacha yigʻlaganini unutmayman.[4]  

1945-yil Vohidov onasi Roziyaxon Vohidova bilan Toshkentga koʻchib borgan. Onasi ham koʻp oʻtmay olamdan oʻtgan. Vohidov togʻasi Karimboy Sohiboyev qoʻlida katta boʻlgan. Vohidovning sheʼriyatga boʻlgan qiziqishini togʻasi uygʻotgan:

  Togʻam kasbi yurist boʻlsa ham adabiyot va sanʼatga qiziqqan, sheʼriyatni nozik tushunadigan kishi edi Uyimizga tez-tez kelib turadigan shoir Chustiy, xonandalar aka-uka Shojalilovlar, Maʼrufxoʻja Bahodirov, buyuk olim va tarjimon Alixon Sogʻuniy, oddiy pochta xizmatchisi Mulla Shukurjon, savdo xodimi Akmalxon akalarning zukko bahslariga mahliyo boʻlib oʻtirardim. Ular Hofiz, Navoiy, Bedil, Fuzuliy baytlarini tahlil qilib, har birlari oʻzlaricha talqin qilishardi. Bu suhbatlar ichkiliksiz, faqat sheʼr va qoʻshiq kayfi bilan, askiya zavqi bilan muzayyan boʻlardi.[4]  

Vohidov 1960-yil Toshkent davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti) filologiya fakultetini tamomlagan. Soʻng turli nashriyot va gazeta-jurnallarda ishlagan. Shoir 2016-yilning 30-mayida 79 yoshda vafot etdi.[5]

IjodiTahrirlash

 
Erkin Vohidov 2006-yilda

Vohidov 1960-yildan 1963-yilgacha „Yosh gvardiya“ jurnali muharriri oʻlaroq ishlagan. 1975–1982-yillarda jurnalning bosh muharriri lavozimida ishlagan. 1963–1970-yillarda „Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti“ bosh muharriri, 1985–1987-yillarda esa direktori boʻlib ishlagan. 1982–1985-yillarda „Yoshlik“ oylik jurnali bosh muharriri lavozimida ishlagan.[6] Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin Oʻzbekiston Oliy Majlisi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi (1995–2005) hamda Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi (2005–2009) lavozimlarida ishlagan.[7]

Vohidov oʻquvchilik yillarida sheʼr yoza boshlagan. Ilk sheʼri 14 yoshida „Mushtum“ jurnalida chop etilgan.[4]Shoirning ilk sheʼrlari toʻplami boʻlmish „Tong nafasi“ kitobi 1961-yil bosilib chiqqan. 1987-yil „Shoiru, sheʼru shuur: Adabiy esselar“ nomli asari nashr qilingan.

Adabiy asarlariTahrirlash

Quyida Vohidovning sheʼriy toʻplamlari keltirilgan:

Vohidovning koʻp sheʼri rus tiliga tarjima qilingan. Quyida shoirning rus tilida chop etilgan toʻplamlari keltirilgan.

  • „Лирика“ („Lirika“) (1970)
  • „Стихи“ („Sheʼrlar“) (1974)
  • „Узелок на память“ („Uchi tugilgan roʻmolcha“) (1980)
  • „Восстание бессмертных“ („Ruhlar isyoni“) (1983)
  • „Линия жизни“ („Hayot yoʻli“) (1984)
  • „В минуту песни не порвись, струна...“ („Kuy avjida uzilmasin tor“) (1986)

Vohidov uch pyesa ham yozgan. Bular „Oltin devor“, „Istanbul fojiasi“ hamda „Ikkinchi tumor“ pyesalaridir. „Oltin devor“ komediyasi Pokistonning Lohur shahri teatrida qoʻyilgan.

Vohidovning koʻp sheʼriga oʻzbek ijodkorlari qoʻshiq bastalagan. Bular orasida eng taniqlilari Sherali Joʻrayev ijro etgan „Inson qasidasi“ hamda „Oʻzbegim“ ashulalaridir.

Adabiy tarjimalariTahrirlash

Vohidov koʻplab xorij ijodkorlari, jumladan, Aleksandr Blok, Aleksandr Tvardovskiy, Friedrich Schiller, Johann Wolfgang von Goethe, Lesya Ukrainka, Mixail Svetlov, Muhammad Iqbol, Rasul Hamzatov, Sergey Yesenin hamda Silva Kaputikyan asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Xususan, shoir 1974-yil Goethening „Faust“ asarini oʻzbekchaga oʻgirgan. Shoir Yesenin sheʼrlarini ayniqsa yuksak mahorat bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Quyida Yesenining vidolashish sheʼri boʻlmish „Xayr endi, xayr, doʻstginam“ (1925) sheʼrining Vohidov qilgan tarjimasi keltirilgan.

Ruschasi

До свиданья, друг мой, до свиданья.
Милый мой, ты у меня в груди.
Предназначенное расставанье
Обещает встречу впереди.

До свиданья, друг мой, без руки, без слова,
Не грусти и не печаль бровей, —
В этой жизни умирать не ново,
Но и жить, конечно, не новей.

Vohidov tarjimasi

Xayr endi, xayr, doʻstginam,
Bagʻrimdasan, koʻngil malhami.
Muqarrar bu ayriliqning ham
Visoli bor oldinda hali.

Xayr, doʻstim, soʻzga ochma lab,
Qoʻy, men uchun oʻrtama bagʻir,
Bu hayotda oʻlmoq-ku bor gap,
Yashamoq ham yangimas, axir!

Vohidov sheʼrlari esa nemis, fransuz, ingliz, urdu, hind, arab va boshqa turkiy tillarga tarjima qilingan.[8] Sovet shoiri Robert Rojdestvenskiy Vohidov asarlarini juda yuqori baholagan.

Quyida shoirning „Oʻzbegim“ sheʼrining inglizcha tarjimasidan parcha keltirilgan:[9]

Originali

Ortda qoldi koʻhna tarix,
Ortda qoldi dard, sitam,
Ketdi vahming, bitdi zahming,
Topdi darmon, oʻzbegim.

Inglizcha tarjimasi

Left behind is old history
Left behind are pain and injustice
Your nightmare is gone, your wounds are healed
A remedy is found, my Uzbeks.

ManbalarTahrirlash

  1. "Vohidov, Erkin". Ensiklopedik lugʻat. 1. Toshkent: Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 1988. p. 166. 5-89890-002-0. 
  2. Эркин Вахидов. Literature.uz (ruscha). Asl nusxadan arxivlandi (14.02.2012). 11.02.2012.
  3. (2016) Oʻzbek adiblari. Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti. 
  4. 4,0 4,1 4,2 Gʻulomova, Nazira (2014). Ona tili va adabiyot. Toshkent: „Sharq“ nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi. 
  5. Oʻzbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidov vafot etdi. BBC Oʻzbek xizmati (30.05.2016). 12.04.2018.
  6. Erkin Vohidov. Ziyouz. 11.02.2012.
  7. "Руководство страны соболезнует в связи с кончиной Эркина Вахидова" (ruscha). Gazeta. 31.05.2016. https://www.gazeta.uz/ru/2016/05/31/nekrolog/. Qaraldi: 13.04.2018. 
  8. Rahmatulla Inogʻomov; Ibrohim Gʻafurov (2000–2005). "Vohidov, Erkin". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 
  9. (2003) Modern Literary Uzbek. LINCOM Publishers. ISBN 978-3895866951. 

HavolalarTahrirlash